Bank kartalaridan pul o‘g‘irlashda 16-18 yoshli o‘smirlardan foydalanilayotgan holatlar kuzatilmoqda

Jamiyat 21:19 / 24.12.2021 11542

O‘zbekistondagi Apelsin to‘lov tizimi yangi firibgarlik holatlari paydo bo‘lgani sabab ota-onalarni ehtiyotkorlikka chaqirdi.

“Firibgarlar 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarni pul evaziga bankda plastik karta ochib, kiberjinoyatchilarning raqamiga SMS-ma’lumotnoma ulashga ko‘ndirishmoqda. Shundan so‘ng karta firibgarlarning qo‘liga tushadi va u orqali jinoiy-moliyaviy operatsiyalar amalga oshiriladi. Aynan o‘smir karta egasi bo‘lgani va uning nomidan barcha jinoiy operatsiyalar amalga oshirilgani sababli, oxir-oqibat, u butun sxemada aybdor bo‘lib chiqadi.

Farzandlaringiz bilan profilaktik suhbat o‘tkazing, oqibatlarini tushuntiring va qonun oldida jazo muqarrarligi haqida ma’lumot bering”, deyiladi xabarda.

Ushbu holatda kiberjinoyatchi birovning nomiga ochilgan plastik kartadan jinoyatni yashirish, o‘g‘irlangan pullarni boshqa hisobraqamga o‘tkazish yoki ularni naqdlashtirish maqsadida foydalanishi mumkin. Bu esa nomiga karta ochilgan inson ham bevosita jinoyatchiga sherik sifatida javobgarlikka tortilishiga olib kelishi ehtimoldan xoli emas.

Avvalroq, odamlarning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini bank yoki to‘lov tashkiloti xodimi sifatida tanishtirib, mobil ilova buzilgani, bank kartasi blok holatiga tushgani, kartadan noqonuniy pul yechib olishga urinishlar bo‘layotgani va shu kabi turli uydirmalarni keltirgan holda darhol chora ko‘rilmasa, barcha mablag‘lardan ayrilish mumkinligi haqida aytib, odamlarning pullarini o‘g‘rilashga urinish holatlari ko‘paygani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: