“Issiqlik elektr stansiyalari” AJda davlat xaridlarini amalga oshirishda shaffoflikni ta’minlash, moliyaviy resurslar hamda tovar-moddiy boyliklardan oqilona foydalanish bo‘yicha xaridlar transformatsiyasi loyihalari ijrosi ta’minlanmoqda.
Ushbu chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 iyuldagi PQ-5171-sonli “Davlat xaridlari shaffofligini ta’minlash va samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida amalga oshirilmoqda.
– Avvalo, xarid jarayonlarini takomillashtirish, shu jumladan korrupsiyaga qarshi kurashish tizimlarining samaradorligini oshirish, shartnomalar tuzish jarayonlarida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, ularning shaffofligini ta’minlash maqsadida Jamiyatimiz va tizim tarkibiga kiruvchi barcha korxonalarda, bevosita kuzatuv kengashlariga hisobotdor bo‘lgan xaridlar transformatsiyasi ofislari tashkil etildi va malakali mutaxassislar jalb qilindi, – deydi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ bosh buxgalteri A.Ahmadjonov. – Shuningdek, ushbu yo‘nalishga markaziy apparat va tizim korxonalarida faoliyat yurituvchi ichki audit xizmati xodimlari ham jalb qilinib, ularning hisobotlari muntazam ravishda eshitib borilmoqda, bundan tashqari “Katta to‘rtlik”ga kiruvchi “KPMG” xalqaro auditorlik kompaniyasi tomonidan forenzik tahlil va xaridlar auditi bo‘yicha xalqaro standartlar asosida auditorlik tekshiruvi o‘tkazildi va hisobotlar olindi.
Yuqorida qayd etilgan Prezident qarorida davlat idoralari tomonidan tovar-moddiy resurslardan samarali foydalanish, ularning harakatini kuzatish bo‘yicha davlat soliq organlarining “Ye-aktiv” (E-ombor) avtomatlashtirilgan axborot tizimiga ulanish ishlarini olib borish belgilangan.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va uning tarkibiga kiruvchi barcha korxonalarda “Ye-aktiv” (E-ombor) tovar-moddiy resurslar harakatini hisobga olish elektron tizimiga o‘tishda hal etilishi lozim bo‘lgan bir qator masalalarni o‘rganish, ushbu yo‘nalishda Jamiyatning moliyaviy hamda soliq hisobotlari o‘z vaqtida va to‘g‘ri rasmiylashtirilishiga erishish, shuningdek, yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xato-kamchiliklarning oldini olish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi mutaxassislari ishtirokida amaliy seminar-trening tashkil etildi.
Unda korxonalarda faoliyat yurituvchi moliya-hisobot sohasi mutaxassislari ishtirok etishdi. Malaka oshirish bilan bir qatorda, mutaxassislar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.
Ushbu yo‘nalishda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, amonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Markazlashgan va avtomatlashtirilgan buxgalteriya hisobi tizimini ishlab chiqish, omborlarda tovar-moddiy boyliklarning harakatini muvofiqlashtirish, shartnomalarni rasmiylashtirish jarayonlarini avtomatlashtirish va kadrlar hisobini yuritish maqsadida 1:S “enterprice” (8.3) platformasi joriy etildi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmati Ⓣ