Marsda topilgan muz zaxiralari, o‘q o‘tkazmaydigan iPhone, lazer quroliga ega dron – hafta texnologik dayjesti

Fan-texnika 17:47 / 18.12.2021 110064

O‘q o‘tkazmaydigan iPhone

M4tCXtIBVnyfKYKs9v_Fxuk-L-Gr21sS.jpg (900×600)
Foto: caviar-phone.ru

Rossiyaning Caviar brendi iPhone 13 Pro va Pro Max smartfonlarining o‘q o‘tkazmaydigan Stealth 2.0 versiyalarini taqdim etdi.

Smartfonlar Black va Titanium versiyalarida taqdim etiladi va to‘pponchadan otilgan o‘qqa bardosh bera olishi aytilmoqda.

Ta’kidlanishicha, Black va Titanium modellaridan 99 donadan ishlab chiqariladi. 128 Gb doimiy xotiraga ega iPhone 13 Pro negizidagi Black modeli 379 ming rubl, Titanium esa 374 ming rubldan sotuvga chiqariladi. 1 Tb xotiraga ega iPhone 13 Pro Max Black va Titanium esa mos ravishda 484 ming va 479 ming rubldan sotiladi.

Toyota’dan elektromobillar ishlab chiqarish uchun 70 milliard dollar

Foto: Toyota

Toyota Motor Corp prezidenti Akio Toyoda kompaniya taqdimotida ekologik sofroq avtotransportni rivojlantirish va atrof-muhitga chiqariladigan chiqindilar hajmini qisqartirish bo‘yicha rejalarini taqdim etdi.

Elektrlashgan avtomobillar ishlab chiqarilishi uchun 70 mlrd dollar sarmoya qilinadi. Bu summaning yarmini 2022 yildan 2035 yilgacha ajratish rejalashtirilgan.

Buning natijasida Toyota 2030 yilga borib elektromobillari savdosi yiliga 3,5 mln mashinani tashkil qilishiga umid qilmoqda. Bu vaqtgacha kompaniya mijozlarga Toyota va Lexus brendlari ostida 30 ta modeldagi elektromobillarni taklif qilishni rejalashtirmoqda. Elektromobillar sedan, yo‘ltanlamas, ixcham avtomobillar, tijorat transport vositalari segmentlarida ishlab chiqariladi.

Taqdimot davomida kompaniya kelgusida ishlab chiqarishni rejalashtirayotgan 16 ta elektromobil konseptini namoyish qilgan.

Marsdagi muz zaxiralari

Foto: esa.int

Rossiya va Niderlandiya olimlari “EkzoMars-TGO” zondi yordamida Marsning Mariner vodiysida katta miqdorda muz zaxiralarini aniqlashdi. Ta’kidlanishicha, muz topilgan maydon Ladoga ko‘lidan deyarli 2,5 marta katta.

Mariner vodiysi ulkan kanonlar tizimi bo‘lib, ular Qizil sayyoraning janubiy yarimsharida joylashgan. Ularning uzunligi 4,5 ming kmni, chuqurligi 11 kmni tashkil qiladi.

Avvalroq olimlar qadimda Qizil sayyorada ko‘llar, daryolar va hattoki okean bo‘lganini aytishgan. Biroq Marsda suv sayyora atmosferasining katta qismi bilan birga 3,5 mlrd yil oldin yo‘q bo‘lib ketgan.

AQSh harbiy-dengiz kuchlarining lazer quroli

6vCXZvcswojFohMSQEreIKU50O9PtB6v.jpg (1023×700)

AQSh harbiy-dengiz kuchlari USS Portland harbiy kemasida o‘rnatilgan lazer qurolining navbatdagi sinovini o‘tkazdi. Sinovlar Sharqiy Afrika va Arabiston yarimorolini ajratib turuvchi Adan ko‘rfazida bo‘lib o‘tgan.

Adan ko‘rfazi Yaman joylashgan Arabiston yarimorolini yuvib turadi. Yamanda 2014 yildan beri fuqarolik urushi davom etmoqda va mamlakat prezidenti Abd Rabbo Mansur Xodiyni qo‘llab-quvvatlovchi Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab koalitsiyasi va isyonchi husiylar o‘rtasida kurash bormoqda.

AP axborot agentligining yozishicha, lazer quroli husiylar Qizil dengizda qo‘llaydigan masofadan boshqariluvchi minalashtirilgan qayiqlarga qarshi ishlatilishi mumkin.

Dunyodagi eng uzun temir yo‘l yo‘nalishi

Foto: Kommersant’

Laosning Boten va Ventyan shaharlari o‘rtasida temir yo‘l uchastkasi foydalanishga topshirilishi hisobiga temir yo‘l transporti tarixidagi eng uzun yo‘nalish paydo bo‘ldi. Endilikda Portugaliya poytaxti Lissabondan Singapurgacha bo‘lgan 18,65 ming kilometrlik yo‘lni poyezdda Parij, Moskva va Pekin orqali 3 haftada bosib o‘tish mumkin bo‘ladi.

Ushbu yo‘nalish Portugaliyadan Singapurgacha 13 ta davlat hududidan o‘tadi. Yo‘nalishni Portugaliyaning Lagush shahridan boshlash mumkin. U yerdan poyezdda Lissabongacha, so‘ngra Madridgacha borish, Ispaniya poytaxtidan esa yana boshqa poyezdda Parijgacha va yo‘nalishni shu tariqa davom ettirish mumkin. Rossiya hududi orqali yo‘nalish Transsibir magistrali orqali o‘tib, so‘ngra Mo‘g‘ulistonni kesib o‘tadi va Xitoy tomon yo‘naladi.

Mask karbonat angidriddan yonilg‘i olmoqchi

Foto: Patrick Pleul/dpa-Zentralbild/Getty Images

Amerikalik tadbirkor Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi atmosferadagi karbonat angidrid CO2 gazidan raketa yonilg‘isi olish bo‘yicha yangi loyihani ishga tushiradi. Bu haqda Maskning o‘zi Twitter’dagi sahifasida ma’lum qildi.

“SpaceX atmosferadan karbonat angidrid olib, uni raketa yonilg‘isiga aylantirish bo‘yicha dasturni ishga tushirmoqda. Agar sizga qiziq bo‘lsa, bizga qo‘shiling”, deb yozgan tadbirkor.

U loyiha Marsga parvozlarni amalga oshirish va uni zabt etishda muhim ekanini ma’lum qilgan. Hozirda kompaniya Oy va Marsga odamlar hamda yuklarni yetkazishga mo‘ljallangan Starship sayyoralararo fazoviy kemasining birinchi orbital parvoziga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bundan tashqari, Qizil sayyora atmosferasining 96 foizi aynan karbonat angidriddan iborat.

Lazer quroliga ega bo‘lgan dunyodagi birinchi dron

Foto: Anadolu Agency

Turkiya lazer quroliga ega bo‘lgan dunyodagi ilk dronni sinovdan o‘tkazdi. Eren deb nom olgan dron 500, 300 va 100 metr masofadan nishonlarni muvaffaqiyatli tarzda yo‘q qilgan.

“TÜBİTAK va ASİSGUARD mudofaa kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan Eren droni lazer yordamida portlovchi qurilmalarni masofadan turib yo‘q qila oladi”, – deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, dronning maksimal parvoz balandligi 3 ming metrni tashkil etadi.

Ko‘proq yangiliklar: