Qashqadaryoda erining do‘pposlashidan qochib qutula olmagan ayol uni pichoqladi

Jamiyat 17:38 / 17.12.2021 2863

Qashqadaryo viloyati Koson tumanida erining do‘pposlashidan qochib qutula olmagan ayol so‘nggi chora sifatida erini pichoqlagan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2021 yil 5 dekabr kuni soat 18:00 larda Koson tumani “Qorabayir” MFYda yashovchi E.J. mast holatda xotini M.X.ni haqoratlab, urib-tepgan va tomog‘idan bo‘g‘gan.

Chorasiz qolgan ayol erining qo‘lidan chiqa olmay oxirgi chora sifatida supadagi savat ustida turgan oshxona pichog‘ini olib, zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib, erining tanasiga sanchgan. Oqibatda E.J. hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati olib vafot etgan.

Dastlabki surishtiruvlarda, E.J mast qiluvchi ichimliklarga ruju qo‘ygani va oilada doimo er-xotin o‘rtasida janjal sodir bo‘lib kelgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Koson tumani prokuraturasi M.X.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, “Qorabayir” MFYda mazkur jinoyat muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. Unda viloyat IIB boshlig‘i Sh.Sotvoldiyev, tuman hokimligi, tuman IIB 2-sektor ishchi guruhi hamda mahalla faollari va marhumning yaqin qarindoshlari qatnashgan.

Ko‘proq yangiliklar: