Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida spirtli ichimlik ichib mashina boshqargan haydovchi YPX xodimiga 1 million so‘m pora berayotganda ushlangan. Bu haqda IIV YHXBB xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2021 yil 13 dekabr kuni Bo‘ka tumanida xizmat olib borgan YPX xodimi me’yoriy hujjatlarini tekshirish maqsadida “Gaz-53” yuk mashinasini to‘xtatgan. Muloqot jarayonida YPX xodimi haydovchi J.M.ni spirtli ichimlik iste’mol qilganlikda gumonlagan va mastlik holati bor yoki yo‘qligini bilish maqsadida tekshiruvga taklif qilgan.
Haydovchi spirtli ichimlik iste’mol qilganligini aytgan, lekin tekshiruvdan o‘tishdan bosh tortgan va ushbu xatti-harakatini o‘z tushuntirish xatida bayon etgan. Shundan so‘ng YPX xodimi haydovchiga nisbatan MJtKning 136-moddasi tartibida bayonnoma rasmiylashtirib, mashinani vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirgan.
Haydovchi bayonnomani bekor qilish va mashinani jarima maydonidan olib chiqish evaziga YPX xodimiga 1 millionni pora tariqasida taklif qilgan. YPX xodimi viloyat IIBB boshlig‘i nomiga bildirgi orqali murojaat qilib, pora taklif qilayotgan haydovchiga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.
Xodimning bildirgisi asosida 2021 yil 13 dekabr kuni soat 16:30 larda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, fuqaro J.M. YPX xodimiga 1 million so‘mni pora tariqasida berayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Bo‘ka tumani prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 211-moddasi tartibida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.