Ismi-sharifi sir qolishini istagan nukuslik o‘qituvchining murojaatiga ko‘ra, «Yoshlik» jismoniy tarbiya va sport jamiyatiga to‘lov badali o‘quvchilar hamda o‘qituvchilardan majburiy tarzda undirilmoqda. Bunda jamiyatga a’zo bo‘lish uchun hech qanday ariza yoki rozilik haqidagi boshqa hujjat rasmiylashtirilmagan. Murojaat yuzasidan Kun.uz muxbiri surishtiruv o‘tkazib, holatni o‘rgandi.
«Yoshlik» sport jamiyati qanday tashkilot?
O‘zbekiston «Yoshlik» jismoniy tarbiya va sport jamiyati Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi o‘quvchi yoshlar hamda pedagog xodimlarni muntazam ravishda jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb qilish, ommaviy sport tadbirlari, musobaqalarini o‘tkazish, sportchilarni tayyorlash ishlarini amalga oshiruvchi tashkilotdir. Jamiyatga 10 yoshga to‘lgan o‘quvchilar, shuningdek, o‘qituvchilar va pedagog xodimlar a’zolikka ixtiyoriy ravishda qabul qilinadi. A’zolik badali yiliga bir marta to‘lanadi va o‘quvchilar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi (5400 so‘m), pedagog va boshqa xodimlar uchun 4 foizi (10 800 so‘m)ga teng.
A’zolik badalidan tushgan mablag‘lar teng miqdorda 4 qismga ajratiladi. Bir qismi umumta’lim maktabida qoladi, ikkinchi qismi tuman (shahar) Xalq ta’limi bo‘limlariga, uchinchi qismi «Yoshlik» sport jamiyati mintaqaviy bo‘limlariga, to‘rtinchi qismi esa jamiyat Markaziy kengashiga yo‘naltiriladi. Ushbu mablag‘lar faqat maxsus hisob raqamiga kirim qilingan holda sport yo‘nalishiga sarflanadi.
Nukus shahar XTB «Yoshlik» sport jamiyatiga a’zolik badalini yig‘ish haqida buyruq chiqargan
Nukus shahar XTB boshlig‘i P.Aqnazarov tomonidan imzolangan, sana va raqam qo‘yilmagan hujjatda «Yoshlik» sport jamiyati Qoraqalpog‘iston mintaqaviy bo‘limiga o‘quvchilardan va o‘qituvchilardan a’zolik badallarini yig‘ib olish hamda 30 noyabr kuniga qadar tushumning 75 foizini XTB hisob raqamiga o‘tkazish, 50 foizini 30 dekabrga qadar «Yoshlik» jismoniy tarbiya va sport jamiyati Qoraqalpog‘iston mintaqaviy bo‘limi hisob raqamiga o‘tkazish topshirig‘i berilgan.
Hujjatga «Yoshlik» sport jamiyati Qoraqalpog‘iston mintaqaviy bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari B.Bayniyazovning a’zolik badali o‘quvchilar uchun eng kam ish haqining (bazaviy hisoblash miqdori bo‘lsa kerak) 2 foizi - 5400 so‘m, o‘qituvchilar uchun 4 foizi - 10800 so‘m miqdorida bo‘lishi haqidagi buyrug‘i ilova qilingan.
Har ikki hujjatda ham a’zolik badali ixtiyoriy ekani haqida hech qanday jumla yo‘q.
Buyruqqa ilova qilingan jadvalda «Yoshlik» sport jamiyati Qoraqalpog‘iston mintaqaviy bo‘limi a’zolik badallari yig‘ilishi haqida ma’lumot keltirilgan. Unda 10 va undan katta yoshdagi o‘quvchilar soni 246 917 nafar ekani, ularning 24 605 nafari (qariyb 10 foizi) badal to‘lovidan ozod etilishi, o‘quvchilardan yig‘iladigan to‘lov miqdori 1 mlrd 194 mln 37 ming 200 so‘m ekani belgilangan. Shuningdek, o‘qituvchilarning umumiy soni 37 328 nafar ekani, ulardan 403 mln 142 ming 400 so‘m yig‘ilishi, umumiy mablag‘ miqdori 1 mlrd 597 mln 179 ming 600 so‘m bo‘lishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Jamiyatga a’zolik va badal to‘lash ixtiyoriy bo‘lsa, bunday jadval tuzilishi va unda o‘quvchilarning 90 foizi, o‘qituvchilarning 100 foizi badal to‘lashi ko‘rsatilishi bir qator savollarni yuzaga keltiradi.
«Yoshlik» sport jamiyati buni qanday izohladi?
O‘zbekiston «Yoshlik» jismoniy tarbiya va sport jamiyati markaziy kengashida rais o‘rinbosari Faxriddin Ahatovning izohiga ko‘ra, Xalq ta’limi boshqarmalari va ularning bo‘limlariga o‘quvchi hamda o‘qituvchilarni yoppasiga a’zo qilish va badal to‘lovlarini majburan undirish haqida hech qanday ko‘rsatma berilmagan.
«Jamiyatga a’zolik majburiy emas, balki to‘liq ixtiyoriy tarzda amalga oshiriladi. Buning uchun yakka tartibda yoki jamoaviy tarzda ariza yozilishi va imzolanishi mumkin. Jamoaviy arizada a’zo bo‘lishni istagan o‘qituvchilar ro‘yxati va ularning imzosi bo‘lishi shart. Barcha arizalar boshlang‘ich tashkilotda (ya’ni maktabda) saqlanadi», deya ta’kidladi Ahatov.
Nukus shahar XTB o‘z foydasiga «adashdi»
Tanlov asosida Nukus shahridagi 1-, 9- va 37-umumta’lim maktablarida o‘rganish o‘tkazilganida, «Yoshlik» sport jamiyati uchun a’zolik badallari yig‘ilgani va to‘langani haqidagi vedomostlar, kvitansiyalar borligi ma’lum bo‘ldi. Ammo biror maktabda a’zolik uchun yozilgan arizalar yoki boshqa hujjatlarni ko‘rsata olishmadi. Vaholanki, bu a’zolik va to‘lovlar ixtiyoriy tarzda bo‘layotgani haqidagi muhim hujjat hisoblanadi.
Nukus shahar XTB ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha sektor mudiri vazifasini bajaruvchi Bahodir Aytmuratov ham holatga izoh berdi.
«Yoshlik» sport jamiyatiga a’zo bo‘lish va badalni to‘lash ixtiyoriy tarzda amalga oshiriladi. Majburiy bo‘lishi haqida maktablarga hech qanday topshiriq bermaganmiz. A’zolik uchun arizalar bo‘lishi kerak, sport sohasi bo‘yicha mas’ul xodim kasal bo‘lgan, hozirda ish joyida emas», deydi u.
XTB tomonidan chiqarilgan buyruqda nega ixtiyoriy degan so‘z yo‘qligi haqidagi savolga javoban Bahodir Aytmuratov «mas’ul xodim adashgan» yoki «texnik xato bo‘lishi mumkin»ligini aytdi.
Qat’iy ta’sir choralari ko‘rilishi kerak
Ayrim hududlardagi maktablarda obuna, sug‘urta, «Yoshlik» jamiyatiga a’zolik badali va boshqa turli yig‘imlarni majburiy ravishda yig‘ish holatlari hamon uchramoqda. Bunday yig‘-yig‘lar o‘qituvchilar uchun norasmiy soliqqa aylanib qolgan go‘yo. Xalq ta’limi vazirligi va boshqa tegishli tashkilotlar bunday holatlarga qat’iy ta’sir choralarini ko‘rmas ekan, o‘qituvchining maoshi sichqonlar o‘rtasidagi pishloqdek to‘rt tomondan talanaveradi.
Nurmuhammad Said