Qoraqalpog‘istonda “Qizil kitob”ga kiritilgan 14 bosh jayron va 5 dona yovvoyi quyon ovlagan 4 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov telegramdagi kanalida xabar berdi.
O‘tkazilgan tekshiruvga ko‘ra, O‘zbekiston hayvonot dunyosiga 190 mln 350 ming so‘mlik moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.
“Mazkur holat yuzasidan to‘rt nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 202-moddasi 3-qismi “ye” va “j” bandlari (hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda”, deb yozadi bosh prokuror matbuot kotibi.
Avvalroq, mazkur voqea 12 dekabr kuni yuz bergani, kamyob hayvonlarni ovlagan brakonerlar qochib ketgani va ular qidiruvda ekani xabar qilingandi. Shuningdek, holat yuzasidan Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borayotgani bildirilgan.
Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Ustyurt tekisligida 11 bosh jayronni ovlagan brakonerlar 4 yil muddatga qamalgandi.