O‘zbekistonliklar kripto-aktivlar haqida nimalarni bilishi lozim?

Iqtisodiyot 14:25 / 08.12.2021 26286

2019 yilda tasdiqlangan “Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi nizomga yaqinda kiritilgan o‘zgarish va qo‘shimchalar o‘zbekistonliklarga kripto-aktivlar bilan oldi-sotdi operatsiyalarni amalga oshirish huquqini berdi.

Bu borada fuqarolar nimalarni bilishlari lozim? Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining Kripto-aktivlar aylanmasini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Asqar Zokirov Kun.uz savollariga javob berdi.

O‘zbekistonliklar uchun kripto-aktivlarni kripto-birjada sotib olishga ruxsat berildi. Shu paytga qadar ularning savdosi noqonuniy hisoblangan, buning sababi nimada?

— Avvalambor, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida kripto-aktivlar bilan savdolarni amalga oshirish noqonuniy etib belgilanmaganini ta’kidlab o‘tish lozim. Prezidentning 3832-son qarorida kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun tegishli litsenziya olish tartibi joriy etilgan (talab 2018 yil 1 oktyabrdan rasman kuchga kirgan).

Shuningdek, Loyiha boshqaruvi agentligi direktorining 172-son “Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi buyrug‘i bilan O‘zbekiston Respublikasi rezidentlariga kripto-birjada faqatgina kripto-aktivlarni sotishga doir operatsiyalarni amalga oshirish huquqi berilgan edi.

Ushbu cheklov nega qo‘yilgan edi? Bu achchiq haqiqat, ammo 2019 yilda olib borilgan o‘rganishlar natijasida fuqarolarimizning aksariyat qismi kripto-aktivlar o‘zi nimaligi, ular bilan oldi-sotdi operatsiyalar qay tarzda amalga oshirilishi, ularga sarmoya kiritishda mavjud bo‘lgan xatarlar, ya’ni kripto-aktivlar narxlarining yuqori o‘zgaruvchanligi bilan bog‘liq pul yo‘qotishlari haqidagi bilimlari pastligi aniqlangan edi.

Bundan tashqari, kripto-aktivlarning texnik (anonimlik) xususiyatidan kelib chiqib, chet el mamlakatlari qatori, O‘zbekiston hududida ham, ayrim shaxslar tomonidan, fuqarolarimiz mablag‘larini “moliyaviy piramida” tizimi asosida, o‘zlarining firibgarlik loyihalariga katta foizli dividendlarni va’da qilgan holda, kripto-aktivlar yordamida sarmoya kiritishga qaratilgan targ‘ibot ishlari amalga oshirilayotganini ko‘rishimiz mumkin.

Masalan, yagona shaxs yoki bir guruh shaxslar, noqonuniy yo‘l bilan pul ishlash maqsadida, o‘zlarining loyihalari doirasida, internetda tegishli bir veb-sahifa yaratadilar. Mazkur veb-sahifada har bir mijoz uchun tegishli “Shaxsiy kabinet” ochishga imkoniyat beradilar. Shaxsiy kabinetda texnik jihatdan tez va qulay tarzda yaratiladigan, hech nima bilan ta’minlanmagan va tekshirib bo‘lmaydigan qandaydir bir hisob birligini yaratib, mijozga loyihada qatnashish uchun uning pul mablag‘larini kripto-aktiv (masalan “Bitkoin”)da ma’lum bir kripto-manzilga tashlashini, yoki mazkur loyiha tashkilotchilarining jismoniy ofisiga kelib naqd pul ko‘rinishida berishini talab qiladilar.

Bunda mijozning kripto-aktiv orqali yuborgan yoki naqd pul sifatida bergan mablag‘lari uning “Shaxsiy kabinet”ida go‘yoki mijozga tegishli bo‘lgan mablag‘ sifatida ko‘rinib turadi va vaqt o‘tishi bilan, mijoz ushbu loyihaga olib kelgan yangi ishtirokchilar mablag‘laridan, unga dividend sifatida oshib borib turadi. Vaholanki, mijoz uning shaxsiy kabinetida ko‘rinayotgan va oshib borayotgan bu mablag‘lar aslida soxtaligidan xabari bo‘lmaydi.

Kripto-aktivlar bilan amalga oshirilgan operatsiyalarni ular tasdiqlanganidan so‘ng qaytarib bo‘lmasligini hamda kripto-aktivlar yordamida mablag‘larni to‘liq monitoring qilish tizimi mavjud emasligini hisobga olib, mazkur mijozning loyihaga kiritgan barcha mablag‘lari yo‘qotilishiga olib keladi (aslida bu oddiy misol edi, bunday loyihalarning boshqa turlari va pul jalb qilishning boshqa yo‘llari ham mavjud).

Shu sababli o‘sha davrda O‘zbekiston rezidentlariga, tegishli litsenziyaga ega kripto-birjalarda, o‘zlarining kripto-aktivlarini qonuniy ravishda sotishlariga ruxsat berilgan edi. Shuningdek, rezidentlar mazkur kripto-aktivlarga 2018 yil 1 oktyabrga qadar qay tarzda erishganlari yuzasidan savollar bo‘lmagan.

Ha, aytganday, esingizda bo‘lsa, 2020 yil 14 yanvar kuni, Agentlikning veb-sahifasida fuqarolarni xabardor qilish va hushyorlikka chaqirish maqsadida, “moliyaviy piramidalar” ko‘rinishidagi turli firibgarlik va shubhali loyihalarning asosiy belgilari qanday bo‘lishi yuzasidan ma’lumot berilgan. Hozirda ham, kripto-aktivlar bilan bog‘liq bo‘lgan ma’lumotlar Agentlikning veb-sahifasi orqali muntazam ravishda e’lon qilib kelinadi.

O‘rganishlar natijasida aholining bu boradagi bilimlari hamda kripto-aktivlarga sarmoya kiritish va ular bilan oldi-sotdi operatsiyalarni amalga oshirishga bo‘lgan qiziqishlari oshganini kuzatdik va tahlil qildik.

Natijada, qonunchilikka tegishli o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritildi. Ya’ni O‘zbekiston Respublikasi hududida kripto-birja faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli litsenziyaga ega kripto-birjalarda O‘zbekiston rezidentlari tomonidan kripto-aktivlar bilan kripto-birja savdolarining barcha turlarini milliy valutada amalga oshirish huquqi taqdim etildi.

— Keling, yanada oddiy tilda aytsak, kimlar kripto-aktivlarni qanday shaklda sotadi yoki sotib oladi?

— Masalan, sizda kripto-aktiv bor va siz uni tegishli litsenziyaga ega kripto-birja orqali sotmoqchisiz. Buning uchun:

1. Mijoz kripto-birjada ro‘yxatdan o‘tadi. Bunda yuqorida keltirilgan talablarga, ya’ni KYC va AML tizimlariga muvofiq tegishli ravishda identifikatsiyadan o‘tadi. Bundan tashqari, kripto-birja identifikatsiya qilish doirasida boshqa talablarni qo‘yishga haqli;

2. Mijoz ro‘yxatdan o‘tganidan so‘ng uning shaxsiy kabineti ochiladi va mazkur kabinetda, kripto-aktivning turidan kelib chiqib, uning kripto-manzillari va boshqa tegishli ma’lumotlari saqlanadigan kripto-hamyoniga ruxsat beriladi;

3. Mijoz o‘z hamyonini milliy valutada to‘ldirganidan so‘ng, kripto-birjada mavjud bo‘lgan (kripto-aktivlar turlarining mavjudligi kripto-birja tasarrufida bo‘ladi) kripto-aktivlar bilan kripto-birja savdolarining barcha turlarini amalga oshirishga ruxsat beriladi. Bunda, kripto-aktivlarni sotib olishga qaratilgan operatsiyalar faqatgina rezidentlar orasida va milliy valutada, norezidentlarga esa kripto-aktivlarni xorijiy valutaga sotish huquqi berilgan.

Masalan, mijoz – O‘zbekiston rezidenti, uning kripto-birjadagi kripto-hamyonida saqlanayotgan kripto-aktivlarini, norezidentga (boshqa davlat fuqarosiga) chet el valutasiga (AQSh doll., Yevro va boshq.) sotishi mumkin. Bunda, norezident kripto-aktivga, rezident esa chet el valutasiga ega bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari orasidagi operatsiyalar (sotib olmoq va sotmoq) esa faqatgina milliy valutada amalga oshiriladi.

— Deylik, men kripto-birjadan kripto-aktiv sotib olmoqchiman, bunday kripto-birjalarni qayerdan topaman? O‘zi O‘zbekistonda rasmiy faoliyat yuritadigan kripto-birjalar qaysilar?

— Hozirgi kunda, O‘zbekiston Respublikasi hududida, kripto-birja faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli litsenziyaga (litsenziya 2019 yil 20 dekabr kuni berilgan) ega bo‘lgan, Koreya Respublikasining “Kobea Group” AJ tomonidan tashkil etilgan “UzNEX” (uznex.com) kripto-birjasi faoliyat yuritmoqda.

— Yana qaysi birjalar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda?

— Agentlik prezidentning 3832-son qarori bilan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni litsenziyalash bo‘yicha vakolatli organ etib belgilangan.

Shu bois kripto-birja faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olmoqchi bo‘lgan (chet el yuridik shaxslari) shaxslar, Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomda keltirilgan tartibga rioya etgan holda hujjatlarni topshirishlari mumkin.

Jahon tajribasidan kelib chiqadigan bo‘lsak, kripto-birjalar aslida hammasi xususiy kompaniyalar hisoblanadi. Ular faoliyat yuritayotgan yurisdiksiyaning tegishli davlat organi tomonidan berilgan litsenziya hamda FATF (Pul yuvishga qarshi choralar ishlab chiqish bo‘yicha xalqaro guruh)ning tavsiyalari asosida o‘z faoliyatini amalga oshiradilar.

Hozirda, bir-ikkita kompaniyalar O‘zbekiston hududida kripto-birja faoliyatini yo‘lga qo‘yish yuzasidan xohish bildirganlar. Ular bilan muzokaralar davom etmoqda. Mazkur kompaniyalar tomonidan kripto-birjalar faoliyatini tartibga soluvchi qonunchiligimizda keltirilgan barcha talablar amalga oshirilganidan so‘ng ular haqidagi ma’lumotni veb-sahifamizda e’lon qilamiz.

— Kripto-aktivlar yuqori tavakkalchilikka asoslangani ta’kidlanadi, bu borada odamlar nimalarni bilishi lozim?

— Yuqori tavakkalchilikka asoslangan deganda, kripto-aktivlarga sarmoya kiritmoqchi bo‘lgan fuqarolar, ya’ni ularni sotib olib, kelgusida kripto-aktivlarning narxlari oshishi natijasida ularni sotib foyda ko‘rish vositasi sifatida ishlatayotganda ehtiyot bo‘lishlari lozim.

Chunki siz masalan, bir kripto-aktivni sotib olib qo‘yasiz-da, ertaga uning narxi jadal tarzda tushib ketadigan bo‘lsa, kuyib qolishingiz hech gap emas. Shu sababli ham, kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar qatorida “sotib olish obekti sifatida kripto-aktivlarni tanlash va bu tanlovning tegishli oqibatlari sotib oluvchining o‘z tavakkalchiligi asosida” bo‘lishi ta’kidlab o‘tilgan.

Shu bois, aholimizdan kripto-aktivlarga sarmoya kiritishda juda ehtiyot va hushyor bo‘lishlarini so‘rab qolamiz.

Kripto-birjalar faoliyatini yo‘lga qo‘yishdan maqsad ham aholimiz o‘z kripto-aktivlarini sotishlarida yoki ularni sotib olishlarida bexatar va qonuniy usulni tatbiq etishdir.

Bu fuqarolar uchun ko‘chadan bir noma’lum shaxsni topib, o‘zini va mablag‘larini xavf-xatarga qoldirib, kripto-aktivlarni sotishi yoki sotib olishidan asraydi.

— Fuqarolar kripto-aktivlar borasida yana nimalarni bilishlari zarur?

— Fikrimcha, bu borada 6ta narsani bilish muhim:

  • kripto-aktivlarning texnik tuzilishi va ular haqidagi bazaviy bilimlarni, ya’ni raqamli savodxonlikni doimiy ravishda oshirib borish;
  • kripto-aktivlarni elektron pullardan farqlash;
  • kripto-aktiv narxi juda yuqori o‘zgaruvchanlik xususiyatiga ega, unga sarmoya kiritayotganda juda ehtiyot bo‘lish (kiritilgan sarmoyani juda tez yo‘qotishlari mumkin), shu jumladan, kripto-aktivlarga sarmoya kiritishda har qanday shaklda qarz olmaslik;
  • firibgarlik loyihalariga a’zo bo‘lishdan ehtiyot bo‘lish;
  • kripto-aktivlarni sotib olishdan oldin mazkur sohada bilimga ega bo‘lish va kripto-aktivlar bilan amalga oshiriladigan oldi-sotdi operatsiyalarni tegishli litsenziyaga ega kripto-birjalarda amalga oshirish;
  • raqamli gigiyena (rus tilida: “tsifrovaya gigiyena”)ga rioya etishlari kerak. Bunda ular o‘zlarining shaxsiy kalitlari, shaxsiy kabinetning login va parollari, hamyonning qayta tiklash parollarini oshkor etilishi oldini olish, shuningdek, hamyon parollarini muntazam ravishda o‘zgartirib borish va notanish havolalarni mazkur parollar saqlanayotgan raqamli qurilmalar orqali ochmaslik hamda mazkur qurilmalar kiberxavfsizligini (viruslarga qarshi kurashish havolalarini o‘rnatgan holda) ta’minlash lozim.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: