Qarshi shahrida harakatlanib ketayotgan yuk mashinasi o‘zaro oraliq masofa saqlamasdan harakatlangan Tico mashinasini surib ketgan. Bu haqda IIV YHXBB xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 6 dekabr kuni soat 14:20 larda, Qarshi shahar, Amir Temur ko‘chasida 1935 yilda tug‘ilgan haydovchi R.R. Tico mashinasini boshqarayotib yon qatorda ketayotgan yuk mashinasi bilan oraliq masofani saqlamasdan harakatlangan.
Shundan so‘ng, Tico 1963 yilda tug‘ilgan M.T. boshqaruvidagi Howo rusumli yuk mashinasining yo‘liga chiqib ketgan. Oqibatda yuk mashinasi Tico bilan to‘qnashib, uni surib ketgan.
Mazkur yo‘l-transport hodisasida hech kim tan jarohati olmagan. Hozirda hodisa yuzasidan Qarshi shahar IIO FMB YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv olib borilmoqda.