Koronavirus: bo‘lajak pandemiyalar xavfi va Yevropada yangi qoidalar

Jahon 12:54 / 07.12.2021 15489

O‘limvor kovid

Oxford-AstraZeneca vaksinasi yaratuvchilaridan biri bo‘lajak pandemiyalar avvalgilariga qaraganda halokatliroq bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Professor Sara Gilbert mavjud vaksinalar yangi variant omikronga qarshi kamroq samaraga ega bo‘lishi ehtimoli mavjudligi haqida ogohlantirib, odamlarni yangi variant yaxshiroq o‘rganilguniga qadar ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi.

Sara Gilbert / Getty Images

«Bu inqiroz oxirgisi emasligi aniq. To‘g‘risini aytganda, keyingi virus yomonroq bo‘lishi mumkin. U yuqumliroq, ko‘proq o‘lim keltiruvchi yoki unisi ham, bunisi ham bo‘lishi mumkin. Qo‘lga kiritilgan bilimlarni yo‘qotmasligimiz kerak», deb hisoblaydi Gilbert xonim.

Omikron varianti haqida gapirib, Gilbert uning tikonli oqsilida virusning tarqalish qobiliyatini oshiruvchi mutatsiyalar mavjudligi haqida aytdi.

Biroq uning so‘zlariga ko‘ra, yangi variantda boshqa o‘zgarishlar ham bor: ular vaksinalar yoki koronavirusning boshqa variantlari bilan kasallanish natijasida hosil bo‘lgan antitanalar omikronga qarshi kamroq samaraga ega ekanini anglatishi mumkin.

Vaksina koronavirusning yengil varianti oldini olishda u qadar samarali bo‘lmasa ham, u kasallik va/yoki o‘limning og‘ir shaklidan yomonroq himoya qilishini anglatmaydi.

Professor kelajakda grippga qarshi universal vaksina ishlab chiqilishini istisno etmaydi.

Joriy yil boshida qirolicha tavallud kuni munosabati bilan xonim darajasi berilgan Sara Gilbert Covid-19 ilk marta Xitoyda paydo bo‘lganida, 2020 yil boshida koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqishni boshlagandi.

Bugungi kunda Oxford-AstraZeneca vaksinasi butun dunyoda keng qo‘llanadi. Uning dozalari 170dan ortiq mamlakatga yuborilgan.

Getty Images

Omikron immun himoyadan qochishi mumkin

Omikron immun tizimidagi bo‘shliqlarni topa olishini ko‘rsatuvchi ilk ma'lumotlar Janubiy Afrika olimlari tomonidan e'lon qilindi.

Olimlar koronavirus bilan bir necha marta kasallangan odamlar soni o‘sishini qayd etishdi.

Olimlarning ishi (hali qolgan vrachlar retsenziya qilishmadi) bu – yangi variant haqidagi dastlabki va umumiy tahlil. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi variant tez orada deltani siqib chiqaradi va kasallanishning asosiy manbayiga aylanadi.

Omikron dunyoning 40ga yaqin mamlakatida aniqlangan. Koronavirus bilan kasallangan kishilarning yangi variantni yuqtirib olish ehtimoli qay darajada yuqori ekani hozircha tushunarsiz.

Olimlar pandemiya davrida qayta kasallanish ko‘rsatkichi (ikki yoki undan ko‘p)dagi o‘zgarishlarni topish uchun Janubiy Afrikada qayta kasallanish bilan bog‘liq qariyb 36 ming holatni tahlil qilishdi.

Ular beta va delta variantlari avj olgan paytda laboratoriya tadqiqotlari ushbu variantlar immun tizimi himoyasini chetlab o‘tishi mumkinligini ko‘rsatganiga qaramay, qayta kasallanish xavfi keskin ortmaganini ta'kidlashdi.

Biroq hozir qayta yuqtirish avj olayotgani kundek ravshan. Olimlar har bir bemorni bevosita omikron uchun testdan o‘tkazishmadi. Biroq qayta kasallanish avj olayotgani aynan u tufayli. Chunki qayta yuqtirish holatlari vaqt bo‘yicha yangi variant paydo bo‘lishiga to‘g‘ri keldi.

Tadqiqotchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, omikronni qayta yuqtirish ehtimoli avvalgi variantlarga qaraganda ikki marta ko‘proq.

Biroq immunitetning zaiflashuvi virusning yangi avj olishida omil hisoblanishi, bu virusning yangi varianti bilan kasallanishning o‘sishiga olib kelishi mumkinligi hali aniq emas.

Bundan tashqari, Janubiy Afrikada OIV bilan kasallanganlar soni yuqori. U immunitet tizimini susaytiradi, bu esa dunyoning qolgan qismi uchun natijalarni sharhlashni qiyinlashtiradi.

Omikron antitanaga qay darajada hujum qilishini ko‘rsatuvchi laborator tadqiqotlar kelasi haftada natija berishi kutilmoqda.

Getty Images

«Koronavirusli ruxsatnoma»: Yevropada yangi qoidalar

Italiya emlanmagan kishilar uchun yangi qoidalarni joriy etib, koronavirusga qarshi choralarni kuchaytirdi.

Bu yerda endilikda vaksina olganlar va yaqinda kasallikdan tuzalganlargina teatr, kinoteatr, konsert maydonchalari va yirik sport tadbirlariga borishi mumkin. Vaksina olganlikni tasdiqlovchi «yashil kartochka»ni endilikda mehmonxonalar va mahalliy jamoat transportida yurish vaqtida ko‘rsatish kerak bo‘ladi.

Yangi choralar kamida yanvar oyi o‘rtasigacha amal qiladi. Oktabr oyi o‘rtasidan boshlab Italiyada kasallanish darajasi asta-sekin o‘sib bormoqda. Yevropaning boshqa mamlakatlari qish fasli yaqinlashgani sari infeksiyalar soni ortishiga javob tariqasida ana shu kabi choralarni ko‘ra boshladi.

Noyabrda Avstriya hukumati emlanmaganlar uchun izolyatsiya joriy etgandi.

Germaniyada mamlakatning yangi rahbariyati emlanmagan kishilarga ko‘plab jamoat joylariga borishni taqiqlash haqida kelishib oldi. Gretsiya esa haligacha emlanmagan, 60 yoshdan katta bo‘lgan barcha uchun 100 yevro hajmida oylik jarima haqida e'lon qildi.

«Koronavirus doim biz bilan»

Pol Hanter / Getty Images

Sharqiy Angliya universiteti yuqumli kasalliklar bo‘yicha eksperti, professor Pol Hanter BBC’ga bergan intervyusida bir necha hafta davomida omikron koronavirusning Buyuk Britaniyadagi yetakchi variantga aylanishini taxmin qildi.

«Omikron delta variantga qaraganda tezroq tarqalmoqda», deydi u Janubiy Afrikada kasallanish holatlari tez o‘sayotganiga ishora qilib.

Hanterning hisob-kitoblariga ko‘ra, Buyuk Britaniyada omikron bilan bog‘liq 1000dan ortiq holatlar ro‘yxatga olingan. Buyuk Britaniya Sog‘liqni saqlash xavfsizligi agentligi rasmiy ma'lumotlariga ko‘ra, hozircha 246ta holat tasdiqlangan.

Buyuk Britaniya bugun pandemiya boshlanishiga yaqin turibdimi, degan savolga javob berar ekan, professor bu fikrga to‘liq qo‘shilmasligi, biroq virus biz bilan qolishini taxmin qilishini aytdi.

«O‘ylaymanki, virus abadiy mavjud bo‘ladi. Biz koronavirusning so‘nggi avj olishi 130 yil avval yuz bergan deb o‘ylaymiz, bu virus hali ham sirkulyatsiya qiladi, biz uni muntazam – har uch-besh yilda yuqtiramiz, u asosan shamollashni chaqiradi. Ehtimol, pandemiya aynan shunday rivojlanadi, shuning uchun koronavirusning yangi variantlari bilan bir necha marta kasallanamiz, biroq umuman olganda, u shamollashning yana bir sababiga aylanadi», deydi Hanter.

U keyingi mutatsiyalar oldini olish uchun dunyodagi har bir zaif kishi uchun vaksina olishni ta'minlash zarur, deb hisoblaydi. Ammo hozircha bunday bo‘lmadi, sayyora aholisining katta qismi emlanmagan.

REUTERS

Koronavirus bezgakdan o‘lish ko‘rsatkichini oshirdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma'lum qilishicha, 2020 yilda pandemiyada profilaktika va davolashdagi uzilishlar tufayli bezgak bilan kasallanish va o‘lim holatlari ko‘proq qayd etildi. JSST bezgakka bag‘ishlangan har yillik ma'ruzasida 2020 yilda bezgak bilan kasallanish holatlari bir yil avvalgi ko‘rsatkichga qaraganda 14 millionga ko‘p bo‘lganini ma'lum qildi. Mazkur kasallikdan o‘lim holatlari ham 69 ming kishiga ortdi.

Koronavirus butun dunyodagi sog‘liqni saqlash tizimiga ta'sir ko‘rsatdi. Bezgak endemik kasallik sanalgan mamlakatlarda koronavirus tufayli joriy etilgan cheklovlar chivinga qarshi to‘rlarning yetkazib berilishi kechikishiga olib keladi. Ayrim bemorlar esa davolash muolajalarini kechiktirishadi.

JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, 2020 yilda bezgak tufayli yuzaga kelgan qo‘shimcha o‘lim holatlarining qariyb 70 foizi pandemiya oqibatlari – profilaktika va davolash rejimiga amal qilmaslik sabab yuzaga keldi.

JSST 2020 yilda Afrikada bezgakdan o‘lim holatlari ikki marta ortadi, degan xavotirda edi. Biroq ko‘plab mamlakatlar tomonidan qabul qilingan tezkor choralar uning oldini olishga yordam berdi.

Shunga qaramay, uzoq muddatli tendensiya xavotir uyg‘otmoqda: 2017 yildan beri bezgakni yo‘q qilish bo‘yicha muvaffaqiyatli natijalar to‘xtab qoldi, 2010 yildan beri yetti yil davomida sezilarli kamayishdan keyin kasallanish va o‘lim holatlari hali ham avvalgi ko‘rsatkichda qolyapti.

Pandemiya – kasallikni butunlay yo‘q qilish yo‘lidagi yana bir to‘siq. JSST hukumatlarni bezgakka qarshi harakatlarni faollashtirishga chaqirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: