Ukraina NATOning kollektiv mudofaasiga kirmasligi ma'lum qilindi

Jahon 23:26 / 26.11.2021 11537

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg alyansning kollektiv mudofaa tamoyillari Ukrainaga tatbiq etilmasligini, ammo NATO mamlakatni turli yo‘llar bilan qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qildi.

“Ukraina – NATOning hamkori, alyans a'zosi emas. Kollektiv mudofaa to‘g‘risidagi 5-modda Ukrainaga nisbatan tatbiq etilmaydi”, - dedi Stoltenberg.

U NATO va unga a'zo mamlakatlar Ukrainaga sezilarli siyosiy va harbiy ko‘mak berishini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

“Biz turli harbiy va mudofaa imkoniyatlari, qurol-yarog‘ taqdim etyapmiz, harbiylarni tayyorlashda yordam ko‘rsatyapmiz”, - dedi NATO bosh kotibi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 30 noyabr - 1 dekabr kunlari NATO davlatlari tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.

Uchrashuvda NATOning Rossiyani tiyib turish bo‘yicha rejalari, Ukraina va Qora dengiz mintaqasidagi vaziyat, Belarusdagi migrantlar bilan bog‘liq holat hamda Afg‘onistondagi vaziyat muhokama qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: