Tog‘li Badaxshonda «omonchilar» bir kishini o‘ldirib qo‘ydi. Xorug‘, Moskva va Londonda odamlar mitingga chiqdi

Jahon 19:42 / 26.11.2021 26871

25 noyabr kuni Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatidagi Xorug‘ shahri markazida odamlar to‘planib, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining ba'zilari javobgarlikka tortilishini talab qildi. Ularning fikricha, «OMON» vakillari 30 yoshli yigitni otib o‘ldirgan.

O‘sha kuni 1992 yilda tug‘ilgan, xorug‘lik Gulbiddin Ziyobekov halok bo‘lgan. U o‘zini olib ketish uchun kelgan «omonchilar»ga qarshilik qilgan. Orada yuzaga kelgan to‘qnashuvda o‘t ochilgan. Ikki kishi yaralangan, Gulbiddin Ziyobekov halok bo‘lgan. Yigitning yaqinlari Xorug‘ shahri markazida yig‘ilib, uni o‘ldirgan huquqni muhofaza qilish organi xodimlari jazolanishini talab qilgan. Norozilik mitingiga halok bo‘lgan yigitning jasadini ham olib borishgan.

Miting to‘qnashuvga aylanib, odamlar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan janjallashib ketgan. Mamlakat televideniyesida aytilishicha, 5 nafar xodim yaralangan.

«Bir guruh yoshlar Xorug‘ shahridagi Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati hokimiyat binosiga hujum amalga oshirish orqali jamoat tartibini buzgan. Ular huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining qonuniy talablarini bajarmay, o‘tochar qurol, tosh va boshqa jismlar bilan hokimiyat binosiga, uni qo‘riqlayotgan xodimlarga hujum qilgan», deya «Badaxshon» telekanali efirida o‘qib eshittirilgan bayonotni keltirmoqda «Aziya-Plyus» nashri.

«Aziya-Plyus» muxbiri bilan suhbatda roshtqal'aliklar norozilik namoyishida qatnashgan ikki kishi halok bo‘lgani haqida aytishgan. Ularga ko‘ra, yana olti kishi yaralangan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Nega Ziyobekovni ushlagani borishgandi?

Guvohlarning «Aziya-Plyus» nashriga aytishicha, 25 noyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 11:30da huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari Gulbiddin Ziyobekovni qo‘lga olish uchun borgan. Yigit qarshilik qilgan va xodimlarga musht tushirgan. Voqea joyida bo‘lgan «OMON» xodimlari esa o‘q uzgan. Oqibatda uch kishi yaralangan. Ular orasida Gulbiddin ham bo‘lgan. «Omonchilar» uni ushlab mashinaga solishgan. Keyin esa yigitning o‘lgani xabar qilingan. Guvohning so‘zlariga ko‘ra, yaralangan ikki yigit xodimlarga harakatlari noqonuniy ekanini aytgan.

Shundan keyin odamlar tuman markaziga mitingga chiqqan. Ular Gulbiddinning boshida o‘q izi borligini aytishmoqda.

Tog‘li Badaxshon avtonomiyasi prokuraturasi axborot xizmati ma'lum qilishicha, 1992 yilda tug‘ilgan Gulbiddin Ziyobekov garovga olish va ijtimoiy dushmanlik kayfiyati uyg‘otganlik ayblovi bilan qidiruvda bo‘lgan. Shuningdek, prokuratura ma'lumotiga ko‘ra, yigit o‘zini qo‘lga olish bo‘yicha tezkor tadbir davomida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga noqonuniy saqlab kelgan «Makarov» to‘pponchasi bilan qarshilik qilgan. Prokuratura rasmiysiga ko‘ra, yigit 2020 yil fevralida Roshtqal'a tuman prokurori o‘rinbosari Abdusalom Abrizodani qo‘lga olib, uni 8 soat davomida ushlab turgan va kaltaklagan. Shu sabab Ziyobekovga nisbatan jinoiy ish ochilgan. Tergovchining so‘rovlari va telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermagach, qidiruvga berilgan.

Ammo odamlarning fikricha, prokuraturadagilar yigit prokuror yordamchisini nega garovga olgani haqida aytishni istamayapti. Ularning so‘zlariga ko‘ra, prokuror yordamchisi Roshtqal'ada yashovchi qizni zo‘rlashga uringanida Gulbiddin uni qo‘lga olgan. Qiz holatni qarindoshlariga aytgan va ular boshqa hamqishloqlari bilan birga prokurorni ushlagan.

«Aziya-Plyus» bilan suhbatlashgan odamlar isbot sifatida video ham yuborishgan. Unda bir guruh odamlar bir kishini ushlab, uning prokuror yordamchisi Abdusalom Abirzoda ekani va uni nega ushlashganini aytishadi. Qo‘lga olingan odam viloyat ahlidan uzr so‘rab, unga qizning telefon raqamini militsiyada ishlovchi Habib berganini aytadi. Video oxirida odamlar qo‘lga olingan odamga qarab «Birinchi kundan bizning ayollar, qizlarga ko‘z olaytirma demaganmidik?» deyishadi.

Namoyishchilarning talabi ma'lum

Namoyishlar 26 noyabr kuni ham davom etgan. Tunni mahalliy hokimiyat binosi oldida o‘tkazgan namoyishchilar Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati hokimi bilan uchrashishga muvaffaq bo‘lgan. Hokim bilan uchrashganlarning aytishicha, ularga Gulbiddin o‘ldirilishi bo‘yicha ish 2-3 oy ichida to‘liq o‘rganilishi ma'lum qilingan.

Ular bunga e'tiroz bildirishgan. «Biz Gulbiddinni kim o‘ldirganini ham, maydonda kim o‘t ochganini ham bilamiz. Bu ishni tekshirishga ko‘pi bilan 10 kun vaqt ketadi. Bu qadar uzoq vaqt surishtiruv olib borishlariga qarshimiz», deydi xorug‘liklar.

Namoyishga chiqqanlar quyidagilarni talab qilmoqda:

– Gulbiddin Ziyobekov o‘ldirilishi bo‘yicha holatni qisqa muddatda o‘rganish;

– Xorug‘dagi harbiylarning 60-70 foizini ketkazib, ularning o‘rniga mahalliy yigitlarni ishga olish;

– Jamoat tartibini saqlovchi idoralararo shtab faoliyatini isloh qilish;

– Xorug‘dagi blogpostni olib tashlash;

– Viloyat hokimini o‘zgartirish;

– Internet aloqasini tiklash va o‘chirmaslik.

Facebook'da Tog‘li Badaxshon ahli nomidan yozilgani aytilgan bayonot paydo bo‘ldi.

«Tog‘li Badaxshonda yashayotgan va boshqa yerlarda bo‘lib turgan barcha badaxshonliklar kichik vatanimizda yana bir marta huquqni muhofaza qiluvchi organ faoliyati bilan bog‘liq adolatsizlikka guvoh bo‘ldik. Oqibatda Xorug‘dagi vaziyat keskinlashdi.

Gulbiddin Ziyobekovga qarshi jinoiy ish noto‘g‘ri ochilgan. U prokuror o‘rinbosarining hirsi qurboni bo‘lgan singlisining nomusini himoya qilishga chog‘langandi. Bu holatni isbotlovchi video o‘tgan yiliyoq tarqatildi, ammo bu faktni e'tiborga olmagan organ xodimlari Gulbiddinning o‘ziga nisbatan ish ochishdi. Oxir-oqibat u halok bo‘ldi», deyiladi fuqarolar bayonotida.

Rossiya poytaxti Moskvada ham badaxshonliklar yig‘ilishdi. Ular Tojikistonning Moskvadagi elchixonasi oldida to‘planib, Gulbiddin Ziyobekovni o‘ldirganlar jazolanishi kerakligini talab qilishdi.

Tojikistonning Moskvadagi elchisi bilan uchrashganlardan biri Oraz Vazirbekov qanday talablar qo‘yilganini gapirib berdi.

«Pomirda bo‘layotgan voqealarga noroziligimizni bildirdik. Gulbiddin Ziyobekovni qasddan o‘ldirishgan. Biz bu ishni qilganlar jazolanib, qamoqqa olinishi uchun vaqt berdik.

Ikkinchi talabimiz shuki, Xorug‘dagi blogpostni olib tashlab, hech qachon qayta tiklashmasin. Uchinchi talabimiz internet aloqasini tiklab, uni qaytib hech qachon o‘chirmasliklari kerak. Har safar internet uzilganda, biz yana shuncha odam bo‘lib elchixona oldiga kelaveramiz», degan Vazirbekov.

Namoyishchilar o‘zlarining birorta savollariga javob berilmaganini aytishmoqda.

TojikistonningLondondagi elchixonasida ham miting bo‘lib o‘tdi

Yevropa mamlakatlari va AQShdagi tojikistonliklar ham namoyishga chiqishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: