Samarqandda haydovchi mashinasini jarima maydonchasidan chiqarish uchun YPX inspektoriga pora bermoqchi bo‘ldi

Jamiyat 18:56 / 26.11.2021 1444

Samarqand shahrida mashinasini jarima maydonchasidan chiqarish uchun YPX inspektoriga pora bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlangan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 25 noyabr kuni Samarqand shahar Bo‘stonsaroy ko‘chasida xizmat olib borayotgan YPX inspektori tomonidan Lacetti haydovchisi mashinani hujjatlarsiz boshqarib yurgani aniqlangan. Haydovchiga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina jarima maydoniga joylashtirilgan.

Shundan so‘ng haydovchi mashinasini jarima maydonidan chiqarib berish evaziga inspektorga 100 AQSh dollarini pora sifatida taklif qilgan. Xodim unga pora berish jinoyat ekanini bir necha marotaba tushuntirsa-da, haydovchi kechroq kelishini aytib ketgan. Xodim holat yuzasidan bildirgi bilan murojaat qilgan.

Mazkur bildirgiga asosan IIV ShXBB Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi bo‘limi va Samarqand shahar prokuraturasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda qoidabuzar haydovchi 100 dollarni YPX inspektoriga bergan vaqtda daliliy ashyo bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

 

Ko‘proq yangiliklar: