IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni osonlashtiriladi

O‘zbekiston 12:12 / 25.11.2021 22019

«O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish Respublika markazi» davlat unitar korxonasiga tashrif buyurgan AKT vaziri Sherzod Shermatov markaz faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, yaqin kelajakda ishga tushirilishi rejalashtirilgan loyihalar bo‘yicha taqdimot bo‘lib o‘tdi.

Ma'lum qilinishicha, yaqin kelajakda amalga oshirilayotgan loyihalar qatorida mobil telefon raqamlarini ko‘chirish tizimi loyihasi ham bor.

«IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini iste'molchilar uchun yanada osonlashtirish yo‘llarini topishimiz va unga ko‘ra, fuqarolar xizmatlardan oson va qulay foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Buning uchun barcha choralarni ko‘rish zarur», — dedi Sherzod Shermatov.

Foto: Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi

Vazirlik matbuot kotibi Kun.uz'ga IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish sohasida aynan qaysi xizmatlarda yengillik berilishi borasida kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilib, jamoatchilikka ma'lum qilinishini ta'kidladi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda 2020 yildan mobil qurilmalarni IMEI tizimida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish boshlangan vaqtda ko‘plab tushunmovchilik va noroziliklar paydo bo‘lgandi. Xususan, xorijdan kelgan ko‘plab fuqarolar o‘zlari bilan olib kelgan mobil telefonlarini ro‘yxatdan o‘tkazmoqchi bo‘lganida, ularning nomiga allaqachon boshqa mobil qurilmalar UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgani ma'lum bo‘lgandi. Shundan so‘ng Davlat bojxona qo‘mitasi mobil qurilmalarni UzIMEI tizimida noqonuniy ro‘yxatdan o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelgan jinoyatchilar aniqlangani haqida xabar berdi. Lekin ushbu jinoiy guruh qanday qilib begonalar kira olmaydigan hudud – chegara zonasida fuqarolar pasportini rasmga tushirib olganiga oydinlik kiritilmadi.

Shuningdek, 2021 yil boshida IIV karantin zonalari va chegara postlarida fuqarolarning pasport ma'lumotlaridan noqonuniy ravishda foydalanib, ulardan mobil qurilmalarda IMEI kodlarini kiritishda foydalangan uyushgan jinoiy guruh aniqlangani va tergov jarayonlari ketayotganini ma'lum qilgan edi.

«Mening fikrim» portaliga huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev tomonidan IMEI kodlarni ro‘yxatga olishda to‘lov undirishni bekor qilish bo‘yicha kiritilgan jamoaviy murojaat e'lon qilinganidan so‘ng bir yil o‘tib Qonunchilik palatasi tomonidan rad qilingan.

Avvalroq, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri lavozimiga yangi tayinlangan Sherzod Shermatov sohani rivojlantirish yuzasidan har qanday takliflarni ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirgan edi.

AKT sohasini rivojlantirish bo‘yicha aniq taklif va loyihalarni ushbu havola orqali yuborish mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: