Ma'lumot uchun, Kamronbek Osimjonov – Toshkentdagi xalqaro Vestminster universitetining 3-bosqich talabasi. U dasturlashga qiziqishi video o‘yinlardan boshlanganini aytadi.
Video o‘yinlar va dasturlashga ilk qadam
— Video o‘yinlar orqali pul ishlash fikri tug‘ilganda dasturlashga qiziqish paydo bo‘lgan.
Bilsangiz, o‘yinlarda nimadirni sotib olish uchun pul sarflash kerak bo‘ladi. Shunda o‘yinlardan pul ishlasa bo‘lar ekan, deb o‘ylaganman. Odamlar yotib olib o‘yin o‘ynab pul to‘laydi, demak bunday o‘yinlar pul olib kelishini tushunganman. Menda ham shunday o‘yinlar yaratish fikri tug‘ilgan.
Dadamga shunaqa niyatim borligini aytib, ustoz topib berishlarini so‘raganman. Ustozim Ruslan Yo‘ldoshev boshlanishiga bunday o‘yinlar yaratish murakkabligini, buning uchun sal osonrog‘idan boshlashim kerakligini aytgan. Boshlanishiga Telegram'da botlar yaratishni o‘rganganman. Oddiyroq botlar, masalan, ob-havo ma'lumotini ko‘rsatadigan botlarni yaratganmiz. Ustozim bilan Instagram, YouTube, Snapchat'dan yuklaydigan botlar qilganmiz.
Karantin paytida TikTok rivojlanishni boshladi va u yerdan videolarni yuklaydigan oddiy bot yaratdim. Keyinchalik foydalanuvchilar orasida eng ko‘p mashhur bo‘lgan botim – @Tsavebot TikTok'ning “suv belgisi”ni olib tashlaydigan bot edi. Oddiy tilda aytganda, bot TikTok tarmog‘idagi istalgan videoni, uni yuklagan TikTok foydalanuvchisining yuzerneymi va TikTok belgisini olib tashlagan holda yuklash imkoniyatini beradi. Ko‘pchilikka videolardagi bu “suv belgisi” yoqmaydi va uni olib tashlashni xohlaydi.
Bunga qadar 2ta Telegram-kanalim bor edi: qiziqarli videolar yuklab turardim. Videolarni yuklaganimda ko‘pchilik “videolaringiz zo‘r, lekin suv belgisini olib tashlasangiz, yaxshi bo‘lar edi”, derdi. O‘shandan keyin Tsavebot'ni yaratganman.
“Bot reklamasi uchun pul sarflamadim”
— Kanallarimda bot haqida ma'lumot berdim. Do‘stlarimga botga kirib ishlatib ko‘ringlar, deganman. Ya'ni reklamaga pul sarflamaganman. Yaqinlarimga tavsiya qilganman, g‘oya ko‘pchilikka yoqqani uchun undan foydalanishgan.
Bot yaratish uchun dasturlash tilini bilish kerak. Men Phyton dasturlash tilini o‘rganganman. Bu dasturlash tili orqali ko‘p narsa yaratsa bo‘ladi: men har xil botlar, sayt va dasturlar qilib ko‘rganman.
“Kichkina botlarimni ham 3-4 ming dollarga sotganman”
— Tsavebot'ni sotayotgan paytimda 4 million 600 ming obunachisi bor edi. Xaridorlarni o‘zim topmaganman, o‘zlari meni topishgan. Spotify, Vkontaktedan video yuklab beradigan har xil kichkina botlarim bor edi. Shu kichkina botlarimni 3-4 ming dollarga sotib yuborganman. Ularga vaqt ajrata olmasdim, botni muntazam ishlatib turish qiyin.
Kichkina botlarimni xaridorlar sotib olgach, monitizatsiya qilib, reklamadan pul ishlay boshlashgan. Tikkan pulini oqlayotganiga guvoh bo‘lgach, kattaroq botga – Tik-tok'dan qo‘shiq yuklaydigan botga xaridor bo‘lishdi.
200 ming dollarga baholagan Telegram-bot
— Shundan keyin xaridorlar yanada katta bot – Tsavebot'ni sotish taklifini berishdi. Uni sotish niyatim yo‘q edi, chunki yaxshi foyda ko‘rib turgandim. Har oyda 5-6 ming dollar reklama orqali foyda kelib turgan. Shunchaki, hech nima qilmasdan, har oyda reklama orqali pul kelib turishi yoqardi.
Ustozim Ruslan Yo‘ldoshev bilan maslahat qilganimda, tadbirkor Akmal Payziyevdan so‘rab ko‘rishni taklif qilgan. Botning barcha imkoniyatlari haqida Payziyevga aytib berganimdan keyin, u botni 200 ming dollarga baholadi.
Shundan keyin rossiyalik mijozlar botni 150 ming dollarga sotib oldi.
Firibgar aldovi va boshqa qiyinchiliklar
— Boshida menikiga o‘xshash botlar ikkita edi, bu borada raqobat bo‘lgan. Botimni yaratgan paytim bittasida 1 million, ikkinchisida 1,5-2 mln atrofida obunachi bo‘lgan. TikTok'ning himoyasi kuchli bo‘lgani uchun bittasi qanaqa yuklashning metodini bilmagan va obunachilar botdan foydalanmay qo‘ygan hamda alternativ qidira boshlagan. O‘sha paytda odamlar mening botim va ikkinchi raqobatchimni topishgan. O‘sha paytda bir kunda 50 ming yangi obunachi botga kirgan.
Eng katta qiyinchilik TikTok yana ham kuchli himoya qo‘yganida yuzaga keldi. Shunda mening ham, raqobatchimning ham boti ishlamay qoldi. Internetdan turli metodlarni qidira boshladim, bitta odamni topdim. U Yevropada yashardi. Metodini 400 dollarga sotishini aytdi. Obunachilarim ko‘p bo‘lgani uchun sotib olishga qaror qilib, unga pul o‘tkazib yuborganman. Bilsam, u firibgar ekan, pulni olib yo‘q bo‘lib qoldi. Shundan keyin bu borada tayyor yechim yo‘qligini, o‘zim noldan qilishim kerakligini tushundim. Ertalabdan kechgacha o‘tirib, shuni amalga oshirdim.
Yana bir qiyinchilik esa bot yana ishlay boshlagach, bir kunda ko‘p obunachilar kirib, bosim oshib ketib, qiyin ishlay boshlagani bo‘ldi. Ustozim bilan gaplashganimda bir-ikkita yo‘llarni ko‘rsatdilar va bu muammoni ham hal qildim. Shu sababli bot shu kungacha katta bosimni ushlay olyapti. Sotayotgan paytimda bir kunda botga 2 millionta video yuklanardi.
Hobbi katta pul olib keldi
— IT'ga kelajak kasbi emas, shunchaki hobbi sifatida qaraganman. O‘ylab qarasam, hobbi ham katta pul olib keldi. Kelajakda biznes bilan shug‘ullansam, IT bilan integratsiya qilish niyatim bor.
Ko‘pchilikni pul topishdagi qiyinchiliklar emas, qancha pul topganim qiziqtiradi.
Botni sotganimdan keyin ko‘pchilik asosan qancha pul topganimga e'tibor qaratdi. Men esa bu joyga kelguncha qanday qiyinchiliklardan o‘tganimga urg‘u berilishini xohlaganman. Odamlar nimadan, qancha qiyinchilik ortidan bu pulni topganim emas, balki necha pulga sotganimga qiziqishadi. Shu darajaga kelguncha 3 yil o‘qiganimni bilishmaydi, bugun bot yaratib, ertaga pul topdi, deb o‘ylashadi.
Ko‘pchilik telefonga moddiyatga pul sarflashadi-yu, bilimga e'tibor qaratmaydi, deb o‘ylayman. Dadam esa o‘qish uchun pul ayash kerak emas deydilar. Eng yaxshi investitsiya – ilmga sarflangan investitsiyadir.
Madina Ochilova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi: Abdusalim Abduvohidov.