«Zakovat» o‘yini aholi o‘rtasida ommaviy-ma'rifiy harakatga aylantiriladi - qaror loyihasi 

O‘zbekiston 07:50 / 24.11.2021 3907

“Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma'rifiy harakatga aylantirish bo‘yicha Respublika tashkiliy qo‘mitasi tarkibi, “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma'rifiy harakatga aylantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi.

Quyidagilar tashkiliy qo‘mitaning vazifalari etib belgilanadi: “Zakovat” intellektual o‘yinlarini o‘tkazish tartibini, o‘tkaziladigan joyni belgilash; hakamlar hay'ati tarkibi, apellyatsiya komissiyasi a'zolari ro‘yxatini shakllantirish hamda intellektual o‘yinlarga qo‘yiladigan savollar maxfiyligini ta'minlash; intellektual o‘yinlarning tashkil etilishi, o‘tkazilishi va natijalarini ommaviy axborot vositalarida yoritib borish; intellektual o‘yinlar ishtirokchilari haqidagi ma'lumotlarning elektron platformaga kiritilishini muvofiqlashtirish; intellektual o‘yinlar natijalari va hakamlar hay'ati qarori asosida g‘oliblarni keyingi bosqichda ishtirok etishini ta'minlash hamda respublika bosqichini tashkil etish va g‘olib jamoalarni taqdirlash.

Yoshlar ishlari agentligi Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Prezident ta'lim muassasalari agentligi bilan hamkorlikda 2022 yildan boshlab bosqichma-bosqich umumta'lim maktablari, oliy va professional ta'lim muassasalari, Prezident va ixtisoslashgan ta'lim muassasalarida “Zakovat” intellektual klublari faoliyatini yo‘lga qo‘yadi hamda hududlardagi “Yoshlar markaz”larida intellektual o‘yinlar jamoalari uchun alohida xonalarni tashkil etadi.

Ta'lim muassasalarida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual klublarining koordinatori bo‘lgan talaba va professor-o‘qituvchilarga direktor jamg‘armasi hamda oliy ta'lim muassasalarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan har oylik ustama belgilanadi.

Yoshlar ishlari agentligi 2022 yildan boshlab har yili intellektual o‘yinni quyidagi 3 ta yo‘nalish va 3 bosqichli tizim asosida: Xalq ta'limi vazirligi, Prezident ta'lim muassasalari agentligi bilan birgalikda umumiy o‘rta, Prezident va ixtisoslashgan ta'lim muassasalarida; Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda o‘rta maxsus, professional va oliy ta'lim muassasalarida; hududiy bosqichlarda g‘olib bo‘lgan jamoalar o‘rtasida har yil 30 iyun kuni respublika superfinal o‘yinini tashkil etadi.

Belgilab qo‘yilishicha, respublika tashkiliy qo‘mitasi tavsiyasiga ko‘ra intellektual o‘yinlarning respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan umumiy o‘rta ta'lim muassasalari o‘quvchilari – professional va oliy ta'lim muassasalariga, talabalar – ta'limning keyingi bosqichiga davlat granti, 2 – 3-o‘rinlarni egallagan jamoalar bazaviy to‘lov kontrakt asosida qabul qilinadi. 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab, intellektual o‘yinlarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchi yoshlar va talabalar uchun yil davomida beriladigan “Zakovat stipendiyasi” joriy etiladi hamda Davlat budjetidan Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan ajratiladi.

Aholi o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, intellektual televizion loyihalarga qiziqishini oshirish maqsadida “Zakovat” intellektual ko‘rsatuvi uchun mantiqiy savol yo‘llagan teletomoshabinlarni moddiy rag‘batlantirib borish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Mamlakatda intellektual o‘yinlarni yanada rivojlantirish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi orqali davlat budjetidan har yili “Zakovat intellektual o‘yinlari klubi” nodavlat notijorat tashkilotiga 50 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Ajratilgan mablag‘lar intellektual o‘yinlarni tashkil etish, savol yo‘llagan teletomoshabinlarni moddiy rag‘batlantirish, ekspertlar va hakamlarga ish haqi to‘lash hamda g‘olib bo‘lgan jamoalar a'zolarini ushbu qarorda belgilangan tartibda rag‘batlantirishda foydalaniladi.

Ko‘proq yangiliklar: