Shayxontohur tumaniga tashrifi chog‘ida davlat rahbari mahallalar faollari bilan uchrashdi. Yangi tayinlanayotgan hokim yordamchilari ham ishtirok etgan yig‘ilishda “Nuroniy” jamg‘armasining Toshkent shahar kengashi raisi Rustam Kalonov ham so‘z oldi.
“Mana, muhtaram prezident, mahallalarga katta e'tibor beryapsiz. Lekin bir fikr bor edi – “Sevimli” telekanalida “Mahallada duv-duv gap” degan ko‘rsatuv bor. Umuman bizning an'analarimizga zid. Qanday qilib uni oila davrasida tomosha qilish mumkin, hayronman. Shunchalik bir masalani muhokama qilmoqchi ekan, o‘sha mahallasiga borib qilsin shuni. Yana “Yor-yor” degani ham bor. Unda chiqib xotinlar er topaman deydi, erkaklar xotin. Yaxshi erkak bo‘lsa o‘zi xotin topib oladi”, – dedi Rustam Kalonov.
Prezident tadbirda ishtirok etayotgan bosh vazirga topshiriq berdi: “Abdulla Nig‘matovich, o‘zingiz nazoratga oling bu masalani”, – dedi davlat rahbari.
“Mahallada duv-duv gap” “Sevimli” telekanali orqali efirga uzatiluvchi tok-shou hisoblanadi va unda asosan turli chigal taqdirlar egalari, oilaviy masalalar muhokama qilinadi. “Yor-yor” ko‘rsatuvi esa “Zo‘rTV” telekanali mahsuloti. Unda turmush qurish istagida bo‘lganlar efirga olib chiqiladi. So‘nggi paytlarda bu dastur ishtirokchilarining qisqa lavhalardagi gaplari ko‘p tanqidlarga uchrayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Yunusobod tumani faollari bilan uchrashuv chog‘ida ham prezidentga xususiy telekanallar faoliyatidan, xususan xorijiy seriallardan shikoyat qilingandi.
“Albatta, efirga uzatilayotgan dasturlar milliyligimizga, yoshlar tarbiyasiga mos bo‘lishi muhim. Lekin shu bilan birga ommaviy axborot vositalarining faoliyatini ham asossiz cheklab qo‘ya olmaymiz. Ular endigina so‘z erkinligiga o‘rganib, faoliyatlarini yo‘lga qo‘yib kelmoqda”, – degandi prezident bunga javoban.