“Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi eng oldingi safda kurashayotgan barcha fidoyi insonlarga cheksiz minnatdorligimni bildirmoqchiman”, – dedi “Birgalikda zo‘ravonlikni yengamiz!” xalqaro forumida ishtirok etgan Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo‘yicha komissiya a'zosi Saida Mirziyoyeva.
25 noyabr kuni o‘z ishini boshlaydigan “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol sa'y-harakatlar” kampaniyasi oldidan o‘tkazilgan mazkur tadbir O‘zbekiston ayollarini har qanday jabr-sitamdan himoya qilishga yordamlashishni ko‘zlagan.
Unda Senat raisi, Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo‘yicha komissiya raisi Tanzila Norboyeva, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo‘yicha komissiya a'zosi Saida Mirziyoyeva, senator va deputatlar, BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Yu.Yu, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, bir qator xalqaro tashkilotlar mutasaddilari, vazirlik va idoralar rahbarlari, hududlardan tegishli soha vakillari, nodavlat-notijorat tashkilotlari rahbarlari, Yoshlar parlamenti a'zolari qatnashdi.
“Ming afsuski, gender zo‘ravonlik global muammo. Biz jamiyatda bunday jirkanch zo‘ravonlikka hech qanday holatda ham ko‘z yumib turmaymiz. O‘g‘il bolalarga qiz bolaga nisbatan kuch ishlatmaslik kerakligini singdirish zarur”, – dedi Mirziyoyeva forumdagi nutqida.
Shuningdek, Gender tenglikni ta'minlash komissiyasi a'zosi yurtimizda ayollar huquqlarini ta'minlamasdan turib rivojlangan va gullab-yashnayotgan jamiyatni qurib bo‘lmasligini ta'kidlar ekan, o‘zining har doim ayollar tomonda ekanligini ma'lum qilgan: “Men ayollarga nisbatan har qanday zo‘ravonlik ildizini quritish yo‘lidagi kurashda sizning oldingizda bo‘laman.
Har qanday ko‘rinishdagi zo‘ravonlikni inkor etadigan, unga toqat qila olmaydigan muhit yaratish lozim! Bunga faqat ta'lim va ommaviy axborot vositalari ishini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish bilan erishsa bo‘ladi”, – degan u.