Shu kunlarda Prezidentning tegishli farmonida belgilangan vazifa — lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini, imlo qoidalarini yanada takomillashtirish va yangi yozuvga to‘liq o‘tishni ta'minlash masalasi bo‘yicha so‘nggi bosqichga qadam qo‘yildi.
Tilchilar va boshqa mutaxassislardan iborat ishchi guruh o‘z ishini yakunlab, alifboning tuzatilgan variantini taqdim etdi.
Aynan tuzatilgan variantini! Chunki joriy lotincha alifbo qator xato va noqulayliklarga ega. Lekin alifboni tuzatishga tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lganlar «Alifbo o‘zgarmoqda», «Yana yangi alifbo qabul qilinmoqda», deya so‘z o‘yini qilib, odamlarni chalg‘itishga, suvni loyqalatishga urinmoqda.
Aslida alifbo yangi emas, u shunchaki isloh qilindi. Undagi xatolar tuzatildi. Alifbodagi 30 ta harfdan 3 tasi (Sh, Ch, ng) juz'iy o‘zgartirilmoqda. 2 tasi (O‘ va G‘) yozma ko‘rinishiga moslashtirilmoqda. Qolgan 25 ta harf o‘zgarmaydi.
Keling, bugun nima uchun alifbodagi xatolarni tuzatishga ehtiyoj paydo bo‘lgani, xatolarni tuzatish qanday natijalarga olib kelishini gaplashish bilan birga, xavotirlarga sabab bo‘lgan savollarga ham javob izlaymiz.
O‘ va G‘ muammosi
Avvalo joriy alifbodagi O‘ va G‘ harflarining bosma va yozma ko‘rinishlari farqlanadi. Yozmasida yoniga teskari birtirnoq emas, ustiga to‘lqinli chiziq — «tilda» qo‘yiladi.
O‘ va G‘ harflarini yozishda birtirnoqni to‘g‘ri ishlatishni hamma ham bilmaydi. Klaviaturada mashaqqat bilan, ya'ni «Alt+0145» kombinatsiyalashgan harakatlar bilan chiqariladigan «‘» o‘rniga juda ko‘p o‘rinda tutuq belgisi uchun ishlatiladigan «’» simvoldan foydalaniladi. Maktab va boshqa davlat tashkilotlaridagi, ko‘chalardagi stendlar, ko‘rgazmali qurollar, do‘konlar peshlavhalarini firmalardagi dizaynerlar tayyorlab berishadi. Ularning savodi haminqadar, boz ustiga, ular ham ko‘pchilik qatori O‘ va G‘ harflarining to‘g‘ri varianti qanday yozilishini bilishmaydi. Shu sababli stendlardagi yozuvlarning 99 foizi xato.
Hattoki maktabda bolalarga dars beradigan o‘qituvchilar ham bugungi kunda bu simvollarning farqiga borishmaydi.
Eng g‘alati va achinarli tomoni — ana shunday qusurli harflarning biri vatanimiz nomida ishtirok etmoqda — O‘ZBEKISTON. Vatanimiz nomini yozishda ham ko‘p hollarda xatoga yo‘l qo‘yilmoqda. Mana, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ lokomotivlariga e'tibor bering.
Oddiygina to‘g‘ri, to‘g‘on degan so‘zlarda g‘ go‘yoki ikki tomondan qo‘shtirnoqqa olinganga o‘xshaydi. Eng yomoni, bunday simvolli harf birikmasi butun dunyodagi barcha harflarni, hatto xitoycha iyerogliflarni ham bekam-u ko‘st qamrab olgan UNICODE tizimida yo‘q. Tinish belgisi bilan hosil qilinadigan bu harflar o‘zbek tili uchungina xos, unikal holat hisoblanadi. Va bu harflar doimo ikkita simvol terish bilan amalga oshiriladi.
O‘ va G‘ harflarida ishlatiladigan teskari birtirnoqni klaviaturada chiqarish oson ish emas. Alt+0145 tugmalari yordamida yoki «o» yoki «g» harfni yozgach, probel tashlab, «’» tugmasi bosilsa — bizga kerakli teskari birtirnoq — «‘» qo‘yiladi va uni qo‘yib olgach, bo‘shliqni o‘chirib, matn terishda davom etish kerak.
Bunday qilishga eringanlar O‘ va G‘ harflarini aksariyat hollarda «O’» va «G’», «O`» va «G`» yoki mobil qurilmalarda «O'» va «G'» ko‘rinishida yozishadi va xatoga yo‘l qo‘yishadi.
O‘ va G‘ harflarining birtirnoq bilan yozilishi heshteglar ishlatishda, zamonaviy qidiruv tizimlari, axborot resurslaridan foydalanishda, lug‘atlar tuzishda katta qiyinchilik keltirib chiqarmoqda. Chunki kompyuter bu harflarning noto‘g‘ri shakllarini ham O‘ va G‘ sifatida qabul qilishi uchun ularning barcha xato variantlarini lug‘atga yoki dasturga kiritib chiqish kerak.
Tushunyapsizmi? Bir ish 9 karra ko‘proq bajariladi, degani bu. Hozirgi islohot tufayli harflar muayyan bir ko‘rinishga keltirilib, katta bir noqulaylik yo‘q qilinadi.
Xullas, O‘ va G‘ harflarining bosma shakli yozma ko‘rinishi bilan birxillashtirilayotgani lotin imlosida savodi chiqqan yoshlarimizni mutlaqo chalg‘itmaydi, aksincha qulaylik yaratadi. Chunki aksariyat yoshlarimiz ijtimoiy tarmoqdagi yozishmalarda allaqachon bu simvollardan foydalanishmoqda.
Sh va Ch muammosini bartaraf etish
Ayni paytda yoshlarimiz o‘rtasida H (h) va X (x) ni o‘rganishda chalkashlik bor. Shuni vaj qilib, bu ikki harfni birlashtirib yuborishni taklif qilganlar ham bo‘ldi. Garchi, rus grafikasiga asoslangan imlodan farqli o‘laroq, lotinchada bu tovushlarga bir-biridan keskin farq qiladigan simvollar tanlangan bo‘lsa-da, ayrim yoshlar H (h) dan Sh va Ch’ni yozishda foydalanib, qolgan o‘rinlarda yoppasiga «X»ni ishlatishmoqda. Ya'ni h’ning vazifasi faqat C va S harflariga «sherik» bo‘lish deb tushunmoqda ko‘pchilik.
Yana bir yoshlar guruhi ijtimoiy tarmoqlarda «Sh»ni yozishda «W»dan, «O‘»ni yozishda «6»dan, «Ch»ni yozishda «4»dan foydalanmoqda. Chunki qo‘shharf (digraf)lardan foydalanish ortiqcha vaqtni oladi. Yoshlarimiz bu harflarni yozishda bitta simvoldan foydalanishni istashadi va o‘zlari allaqachon bu borada «ixtiro» qilib bo‘lishgan. Ularga mantiqan to‘g‘ri va yaxshiroq variantni taqdim etishimiz lozim.
Tilimizda boshqa turkiy tillarga nisbatan «Sh» va «Ch» tovushlari o‘ta faol. Bu tovushlarning «Ş» va «Ç» ko‘rinishida tasvirlanishi matnning, demakkim, vaqt va xarajatning ham anchagina qisqarishiga olib keladi. Bunday tejamkorlik o‘rtacha bir kitobda anchagina sahifani tashkil qiladi.
Keling, isbot tariqasida yuqoridagi xatboshini yangi imloda yozib ko‘ramiz:
Tilimizda boşqa turkiy tillarga nisbatan «Ş» va «Ç» tovuşlari õta faol. Bu tovuşlarniñ «Ş» va «Ç» kõrinişida tasvirlanişi matnniñ, demakkim, vaqt va xarajatniñ ham ançagina qisqarişiga ham olib keladi. Bunday tejamkorlik õrtaça bir kitobda ançagina sahifani taşkil qiladi.
Ñ harfini o‘zgartirishga zarurat bormidi?
Albatta, bor. «Ng» tovushi tilimizda mavjud, 1-sinfda alifbo darsidayam o‘rgatiladi. Lekin bolalar katta bo‘lgan sayin uning ishlatilish o‘rnini unutib borishadi. Chunki bu tovush yaxlit harfda ifodalanmagani uchun Ng harf birikmasini n+g harflari ketma-ket ishlatilgan o‘rinlardan farqlay olishmaydi.
NG tovushi tilimizda ancha faol, ko‘p ishlatiladi. Keling, davlat madhiyamizdagi «ñ» va «n+g» keladigan farqli o‘rinlarga e'tibor qaratamiz:
Ko‘p lahjalarimizda ikkinchi shaxs ko‘plikda murojaat qilishda «ng» tovushi so‘zlashuvda «Y» tovushiga aylanib ketadi.
- SochiNGiz — sochiyz
- ishiNGiz — ishiyz
- qilig‘iNGiz — qilig‘iyz
- SiNGlim — siynim
Ñ harfining joriy etilishi o‘sha so‘zlar yozilishini vizual jihatdan ham so‘zlashuvga qariyb yaqinlashtiradi:
- Soçiñiz — soçiyz
- işiñiz — işiyz
- qiliğiñiz — qiliğiyz
- Siñlim — siynim
Bir qaraganda hozir, «Ş», «Ç» va «Ñ» harflarini o‘zgartirmasdan, shunchaki «Õ» va «Ğ»ning o‘zini o‘zgartirsa ham bo‘ladigandek. Lekin bu holda qachonlardir baribir «Sh», «Ch» va «ng» harflari ham albatta o‘zgartirilardi. Yana ovoragarchilik, sarf-xarajat, eng yomoni vaqtdan yutqazish bo‘ladi. Shuning uchun olimlarimiz hozirning o‘zida barcha muammoli harflarni o‘zgartirish lozim, deb topishdi. Chunki hadeb imlo o‘zgartiraverish ham yaramaydi. Birato‘la yaxshirog‘i va qulayrog‘ini joriy qilish kerak.
Rus grafikasiga asoslangan imloning joriy lotincha imlomiz oldidagi birdan bir yutug‘i ham «bir tovush — bir harf» prinsipida ishlashidir. Lekin lotincha imlo matnda kirillchaga nisbatan 15 foiz kamroq joy olishi bu ko‘z yumib bo‘lmas fakt. Lotincha imlomizdagi nuqsonlar bartaraf etilsa, bu farq yana 5 foizga oshishi turgan gap.
Alifboni isloh qilayotgan faqat biz emasmiz
Imloga tuzatish kiritish o‘ta sharmandali holat emas. Masalan, ruslarning alifbosi ham 1917 yilgi oktyabr — davlat to‘ntarishidan so‘ng o‘zgartirilgan. «i», «yat'» kabi harflardan voz kechilgan.
Mustaqillik yillarida biz qatori lotincha imloni joriy etgan Ozarboyjon ham, Turkmaniston ham ayrim harflarni o‘zgartirib, alifbosiga tuzatish kiritib olishgan.
Lotincha imloga o‘tishga hozirlik ko‘rayotgan qo‘shnimiz Qozog‘iston esa so‘nggi besh yil ichida to‘rt marta rasmiy alifbo qabul qildi. Bizdek apostrof qo‘yib ko‘rdi, digraflar joriy qilishdi. Hech biri o‘zini oqlamagach, «Ä», «Ğ», «Ö», «Ş», «Ü», «Ū» va «Ñ» harflari bo‘lgan, «bir tovushga — bir harf» variantida to‘xtalishdi.
Hozir biz rus grafikasiga asoslangan o‘zbek alifbosidan voz kechib, lotin alifbosiga to‘liq o‘tishimiz kerakmi, demak, uni mukammal ko‘rinishga keltirib olishimiz shart. Toki uni barcha jabhalarda ishlatishda qiyinchilik vujudga kelmasin. Axir, katta safarga chiqishdan oldin mashinamizning ham nosozliklarini tuzatamiz-ku!
Joriy alifbomiz aynan harf terishda va o‘qishda noqulayligi, so‘zni bexato yozib bo‘lmasligi tufayli depsinib, «yurib ketolmay» turibdi.
Odamlarning hadigi nimada?
Ba'zilar, alifbo almashsa, davlat zimmasiga milliardlab xarajatlar tushishi haqida gapirmoqda. Erinmaganlar barcha diplom, pasport, tug‘ilganlik va o‘lganlik haqidagi guvohnomalar almashadi va bunga falon pul ketadi, deb jar solishmoqda.
Bu endi bekor gap. Hech kim tuzatilgan alifbo qabul qilingan zahoti barcha hujjatlar o‘zgartirilsin, degan talabni qo‘yayotgani yo‘q. Eski hujjatlar muddati va vaqt-soatiga qarab o‘zgartirilaveradi. Yangi qabul qilinayotgan hujjatlar esa tuzatilgan alifboda chop etilaveradi. Tegishli reja, yo‘l xaritasiga muvofiq, ishonavering, hammasi silliq va og‘riqlarsiz bo‘ladi.
Qolaversa, hozir ham o‘zimiz SSSR vaqtida berilgan, rus yozuvida to‘ldirilgan diplom-u guvohnomalardan foydalanib yuribmiz-ku? Hech kim bizni almashtirishga majburlagani yo‘q-ku?
Ayrimlar darsliklarni gapirmoqda. Shundoq ham darsliklar har uch yilda yangilanadi, har yili qayta chop etiladi. Sekin-astalik bilan, 7–8 yilda barcha darsliklar tuzatilgan alifboda bo‘ladi.
Kitoblarni esa o‘qiyman degan kitobxon avvalgi imloda bo‘lsa ham o‘qiyveradi. Alifbodagi 25 ta harf o‘zgarmayapti. Hozir yoshlarimiz mutlaqo boshqa imlo — kirillchadagi eski kitoblarni ham bemalol o‘qishmoqda-ku. Nahotki, ular 85 foizi bir xil bo‘lgan lotinchani o‘qishda chalkashishsa?
Yana kimdir yozuvdagi yangilangan harflar xorijlik sayyohlarga chalkashlik keltiradi, degan «yemagan» va kulgili vajlarni keltirmoqda. Birinchidan, alifbo — yurtimizga uch kunga kelib ketadigan xorijliklar uchun emas, shu zaminda abadiy yashovchi o‘zbeklar uchun. Hozirgi alifboda yozilgan SEX va GO‘SHT xorijliklarni ko‘proq kuldirmoqda.
Qolaversa, barcha ziyoratgohlarda WTO talabiga ko‘ra ingliz va rus tillarida ko‘rsatkichlar qo‘yilgan, ziyoratgohlarga kiraverishda yozuvlar takrorlangan. Butun dunyodan sayyohlar yopirilib boradigan Turkiyada chalkashmagan xorijlik sayyohlar kelib-kelib bizda chalkashadimi?
Darvoqe, bu alifboni Turkiyadan ko‘chirma, deyayotganlar ham bor. Birinchidan, bu kabi alifbodan 1940 yilgacha o‘zbek xalqi foydalangan. Arab imlosidan keyin aynan shunga yaqin alifboni Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon bobolarimiz ishlatishgan. Hozir moziyga qarab ish ko‘rilyapti. Bu esa xayrli amal.
Avvalo, Vatan taraqqiyoti, jumladan, millat savodxonligi, imlomiz mukammalligi uchun jon kuydirib, alaloqibat «xalq dushmani» deya qatl etilgan Abdurauf Fitrat, Elbek, Botu singari ma'rifatparvar bobolarimizning qutlug‘ xotirasi uchun milliy alifbomizni tuzatib, tezroq joriy qilishimiz kerak.
Alifbodagi tuzatishlarga qarshilar 1940 yilda siyosiy bosim bilan joriy etilgan rus grafikasiga asoslangan o‘zbek alifbosi tarafdorlaridek tutishmoqda o‘zlarini. Go‘yo lotin alifbosi hech qachon to‘kis holga kelmasin-u, biz bemalol rus grafikasi bazasidagi alifbodan foydalanib yuraveraylik, deyayotgandek.
«Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin»
Alifbo — tor doiradagi mutaxassislar ko‘rib chiqadigan ilmiy masala. Xuddi iqtisod, meditsina faniga taalluqli masalalar kabi. Keng jamoatchilikning jo‘yali fikri ham hisobga olinishi kerak, albatta. Yozuvda muttasil muammo tug‘dirayotgan xatolardan voz kechish fursati allaqachon pishib yetilgani rad etib bo‘lmas haqiqat. Ularning og‘rig‘i va davosini boshqalardan ko‘ra mutaxassislar yaxshiroq bilishadi.
Inkor etmaslik kerak, alifbodagi xatolarga tuzatish kiritilsa, ma'lum muddat davomida qo‘shimcha xarajatlar talab qilishi mumkin. Lekin bu xatolar zudlik bilan tuzatilmasa va alifbo shu holicha qolsa — doimiy va muttasil xarajatlarga sabab bo‘laveradi. Xatolar avj olaveradi va blank, stend, peshlavha va boshqa bitiklardagi xatolarni to‘g‘rilash uchun qo‘shimcha xarajatlar talab qilinaveradi.
Buni to‘g‘ri anglagan holda, joriy lotincha imlomizdagi xatolarni bartaraf etish yo‘lida amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarni olqishlashimiz kerak. Men jurnalist va blogerlardan bu xayrli ishning mohiyatini targ‘ib qilishni iltimos qilib qolaman. Deputatlarimizdan esa qonun loyihasini tasdiqlashni so‘rab qolaman.
Zero, davlatimiz rahbari bundan ikki yil oldin – o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish masalasini bejiz alohida ta'kidlamagan edi.
«...Darsliklar, qiyosiy va turli sohalarga oid lug‘atlar, ish yuritish va so‘zlashuv qo‘llanmalari nashr etish, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish, bu tizimga to‘liq o‘tish bo‘yicha hali ko‘p ish qilishimiz kerak», — degan edi prezident.
O‘tgan davr mobaynida bu borada salmoqli ish amalga oshirildi. Bugun hukumat barcha jabhalarda lotin imlosiga asoslangan alifboga to‘liq o‘tishni mo‘ljallamoqda. To‘liq lotinchaga o‘tish uchun esa, avval uni tuzatib, nuqsonlardan xoli qilishimiz shart.
Shuhrat Shokirjonov, jurnalist.