22 noyabr kuni O‘zbekiston va Turkiya ombudsmanlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili matbuot xizmati xabar bermoqda.
Memorandum doirasida Turkiya hududidagi O‘zbekiston fuqarolarining va O‘zbekiston hududidagi Turkiya fuqarolarining huquqlari va erkinliklari buzilishi holatlari bo‘yicha kelib tushgan murojaatlarni hal etishda ko‘maklashish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, inson huquqlarini ta'minlash yuzasidan o‘zaro tajriba almashish, xodimlar malakasini oshirish, har ikkala davlat uchun dolzarb bo‘lgan mavzular va yo‘nalishlarda turli forum, konferensiya va seminar-treninglar o‘tkazish hamda aholining huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsad qilingan.
O‘zbekiston ombudsmani Feruza Eshmatova va Turkiya parlamentining bosh ombudsmani Sheref Malko‘ch o‘rtasidagi uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tarixida yangi sahifa ochilgani ta'kidlandi.
Shuningdek, Anqaraga tashrifi doirasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Feruza Eshmatova Turkiya Adliya vazirligi huquqiy masalalar bo‘yicha bosh direktori Hoqon O‘ztatar, Buyuk Millat majlisidagi «Turkiya — O‘zbekiston» parlamentlararo guruhi raisi Usmon Mesten hamda Turkiya Oliy ma'muriy sudi prezidenti Zeki Yigit bilan ham uchrashdi.
Uchrashuvlarda inson huquqlarini ta'minlashda parlamentlararo, hukumatlararo hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash masalalari muhokama etildi va o‘zaro tajriba almashildi.