“Filmni tayyorlashga uch yil ketdi”. O‘zbek animatsion filmi Yaponiyadan ikkita mukofot bilan taqdirlandi

Jamiyat 23:17 / 23.11.2021 6291

“Qiz va bulut” deb nomlangan o‘zbek animatsion filmi Yaponiyada bo‘lib o‘tgan DigiCon6 Asia festivalida “Festivalning oltin filmi” va “Mintaqaning oltin filmi” deb topilgan. Bu haqda film rejissyori Shokir Xoliqov feysbuk sahifasida ma'lum qildi.

Foto: Facebook / Shokir Xoliqov

“Film Usmon Azimning “Yomg‘ir haqida ballada” deb nomlangan she'ri motivlari asosida yaratilgan. Kinochilikda moybo‘yoqda oynaga chizish degan usul bor. Bu juda murakkab usul hisoblanadi. Shu bois har kim ham bu usulga qo‘l uravermaydi. Shu paytgacha O‘zbekistonda bunday usuldagi animatsion film yaratilmagandi. Biz bu borada birinchi bo‘ldik.Ushbu film uch yil mobaynida tayyorlangan. Film uchun to‘rt mingdan ko‘proq surat chizilgan. Shuning o‘zi ham moybo‘yoq usulining qanchalik qiyinligini tasdiqlaydi.

11 daqiqalik “Qiz va bulut”ning rejissyori, ssenariy muallifi va montaj ustasi o‘zim. Film animatori va rassom – Erkin Xushmatov. Operator – Diyor Ismatov. Ovoz rejissyori – Jahongir Majidov. Prodyuser Xurshid Alixo‘jayev”, deydi Shokir Xoliqov.

Yaponiya poytaxti – Tokio shahrida o‘tkaziladigan DigiCon6 Asia qisqa metrajli filmlar festivali 23 yillik tarixga ega. Bu yilgi tanlovda ushbu madaniy tadbirda Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Eron, Hongkong, Xitoy singari 16 ta mamlakatdan kelgan kinoijodkorlar qatnashgan.

O‘zbekistonliklar uch yildan buyon mazkur festivalda qatnashib kelmoqda. Kinematografiya agentligi tomonidan bu yilgi kinofestival uchun yosh rejissyorlar Shokir Xoliqovning “Qiz va bulut”, Feruz Bahodirovning “Uy”, Abbos Xurramovning “Handkenchief” va Ivan Xaritonovning “Grechka” filmlari tanlab olingandi.

Foto: Facebook / Shokir Xoliqov

“DigiCon6 Asia festivalida o‘zbekistonliklar ilk marta qatnashgan yili “Choy” nomli filmim xuddi “Qiz va bulut” singari ikkita mukofot bilan taqdirlangandi. Ya'ni “Festivalning oltin filmi” hamda “Mintaqaning oltin filmi” deb topilgandi.

“Qiz va bulut” uchun berilgan “Mintaqaning oltin filmi” nominatsiyasi rag‘batlantiruvchi mukofot hisoblanadi. Festivalning asosiy mukofotlari ikkita. Ulardan biri “Festivalning oltin filmi” deb nomlanadi, bu bizga nasib etdi. Bundan tashqari, festival Gran-prisi ham bor, u oliy mukofot hisoblanadi. Bu yil Gran-pri yaponiyalik kinoijodkorlarga nasib etdi”, deydi Shokir Xoliqov.

Foto: Facebook / Shokir Xoliqov

“Qiz va bulut” animatsion filmi bungacha Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan festivalda ham “Eng yaxshi rejissyorlik filmi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topilgan.

Avvalroq rejissyor Shokir Xoliqov boshchiligidagi ijodiy jamoa ishlagan “Messi” qisqa metrajli filmi Qozog‘istonning Almati shahrida o‘tkazilgan 48 Hour film race festivalining biryo‘la ikkita mukofoti bilan taqdirlangandi.

Ko‘proq yangiliklar: