Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi 12-sonli maktab direktorining buyrug‘ida 20 nafar xodimlarning mehnat shartnomalari yoppasiga bekor qilinganini ko‘rish mumkin.
Bunga ularning koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanmagani sabab bo‘lgan. Buyruqqa asos sifatida Maxsus komissiyaning 2021 yil 17 iyuldagi yig‘ilishi 78-sonli bayoni asos qilib ko‘rsatilgan.
“Maktab direktori Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishi bayonini tushunmasdan 20 nafar xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish haqida buyruq chiqargan. Aslida bizni vaqtincha ishdan chetlashtirishi kerak edi. Bu qanchalik haqiqatga to‘g‘ri keladi?” – deydi Kun.uz'ga murojaat qilgan o‘qituvchilardan biri.
Holatga oydinlik kiritish maqsadida mazkur maktab direktori vazifasini bajaruvchi Uchqun Ashurov bilan bog‘landik. Uning ma'lum qilishicha, buyruq hali rasmiylashtirilmagan va o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatish niyati ham bo‘lmagan. U bu harakatlarini o‘qituvchilarning vaksina olishlarini tezlashtirishga qaratilgani bilan izohladi.
“Bir necha marta ogohlantirishimga qaramay, ayrim o‘qituvchilar emlanishni paysalga solib kelishdi. SES tomonidan ularning emlanmagani aniqlangach, menga 30 “minimalka” jarima yozishdi. Bundan jahlim chiqib, kadrga buyruq rasmiylashtirishni buyurdim. So‘ng, siz ko‘rgan buyruq nusxasini o‘qituvchilarga ko‘rsatdim. Shundan so‘ng, qisqa fursatda ko‘pchiligi emlangani haqida sertifikat taqdim etdi. Lekin buyruq tayyorlashda o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatishni niyat qilmaganman. Buyruq rasmiylashtirilmagan ham. Shunchaki, qo‘rqitib qo‘ymoqchi edim. O‘qituvchilar ishlab yuribdi. O‘zlaridan so‘rashingiz mumkin”, – dedi Uchqun Ashurov.
Shuningdek, Uchqun Ashurov o‘qituvchilarni vaksina bilan emlanish haqida yozma ogohlantirmaganini, ularga nisbatan ishdan vaqtincha chetlashtirish chorasini qo‘llamaganini tan oldi.
O‘qituvchilar maktabda ish faoliyatini olib borishayotganini tasdiqlashdi. Garchi maktab direktori ket demayotgan bo‘lsa-da, qo‘llarida imzolangan, muhrlangan va 170-raqam berilgan buyruqning borligi xodimlarda mavhumlik kayfiyati saqlanib qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Qiziltepa tuman SEOM boshlig‘ining o‘rinbosari Shahriyor Ashurov 12-sonli maktab direktori Uchqun Ashurovga nisbatan MJtKning 54-moddasi bilan ma'muriy jarima qo‘llanilganini tasdiqladi.
Nima bo‘lgan taqdirda ham, direktorning nohaqligini qayd etish lozim. Avvalo, u xodimlarni “qo‘rqitib qo‘yishga” haqli emas. Qolaversa, vaziyatning huquqiy yechimi mavjud. Bunday holatda xodim ishdan bo‘shatilishi emas, Mehnat kodeksining 113-moddasiga asosan ishdan chetlashtirilishi lozim.
Ishdan chetlashtirilgan davr uchun xodimga maosh to‘lanmasligining o‘zi bu choraning naqadar ta'sirchanligini ko‘rsatib turibdi.
Qiziltepadagi mazkur holat ham joylarda ayrim ish beruvchilarning ishdan chetlashtirish tartibidan hamon bexabar ekanini ko‘rsatmoqda.
Mehnat kodeksining 113-moddasiga ko‘ra, karantinli va odam uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi mavjud bo‘lganda Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida qonunchilikda belgilangan tartibda joriy etiladigan profilaktik emlashdan o‘tishni rad etgan taqdirda, xodim ishdan chetlashtirilishi mumkin.
Ishdan chetlashtirish va ishdan bo‘shatish boshqa-boshqa tushunchalardir. Ishdan chetlashtirish – bu ish beruvchining xodimda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishga to‘sqinlik qiladigan sabablar vujudga kelganda, o‘sha sabablar bartaraf etilmaguncha, xodimni ishga qo‘ymaslikdan iborat harakati hisoblanadi.
Ishdan bo‘shatish esa xodim bilan mehnat munosabatlarini batamom uzish, uni ishlab turgan ishidan to‘laqonli mahrum qilish hisoblanadi.
Bu Navoiy viloyat xalq ta'limi tizimida yuz berayotgan qonunbuzilishi holatlarining birinchisi emas.
XTB mudirining “pora” sifatida olgan puli yakunda “qarz”ga aylanib qolgani, Xatirchida maktab ta'miri chala qolib, o‘quvchilar sovuq xonalarda ta'lim olayotgani, oliygohga kirolmagan bitiruvchilar maktab ma'muriyati tomonidan qo‘shni davlatlardagi OTMlarga hujjat topshirishga majburlanayotgani, ayrim maktablar xodimlari shanbalikka chaqirilgani shular jumlasidandir.
Xalq ta'limining yangi vaziri Baxtiyor Saidov va viloyatga yaqindagina hokim etib qo‘yilgan Normat Tursunovlar viloyatning maorif tizimida islohotlarni amalga oshirsalar ajab emas.
Abbos Salaydinov