O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida harbiy sohada hamkorlik bo‘yicha bitim imzolandi

O‘zbekiston 10:38 / 22.11.2021 2999

Bugun, 22 noyabr kuni, O‘zbekiston mudofaa vaziri, general-leytenant Bahodir Qurbonov Qozog‘iston mudofaa vaziri, general-leytenant Murat Bektanov boshchiligidagi harbiy delegatsiyani qabul qildi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, uchrashuvda tomonlar mudofaa sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilib, uni yanada kuchaytirish borasida fikrlar bilan almashdi. Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan «Qalqon-2021» hamda O‘zbekistonda davom etayotgan «Hamkorlik-2021» qo‘shma o‘quvlari ahamiyati, bo‘linmalar jangovar tayyorgarlik masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

Foto: Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Muloqot davomida qardosh xalqlar birdamligi, ikki tomonlama harbiy va harbiy-texnik hamkorlik masalalari joriy holati hamda istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlik masalalari muhokama etildi.

Foto: Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston va Qozog‘iston Mudofaa vazirliklari o‘rtasida harbiy sohada hamkorlik bo‘yicha qator tadbirlarni o‘z ichiga olgan bitim imzolandi.

Foto: Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Tashrif davomida Qozog‘iston harbiy delegatsiyasining poytaxtdagi «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasi, Mudofaa vazirligi «Chimyon» tog‘ tayyorgarligi o‘quv-mashqlar markazi va Qurolli kuchlar akademiyasi faoliyati bilan tanishuvi hamda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining «Termiz» dala o‘quv maydonida o‘tkazilayotgan «Hamkorlik-2021» o‘zbek-qozoq o‘quvlarining kuzatuvi rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: