Muvaffaqiyatli karera va Google va Amazon kompaniyalariga ishga kirish talablari – AQShdagi dasturchi bilan suhbat

Jamiyat 14:51 / 22.11.2021 9693

Suhbatdoshimiz Namangan viloyatida tug‘ilib o‘sgan. Dasturlash sohasini dastavval YouTube’dagi video darslar orqali o‘rganishga harakat qilgan. 

Culture shock’ni qanday qilib yengish mumkin?

O‘zbekistonda bakalavrni tamomlagach Qo‘shma Shtatlarga ilk kelgan vaqtim 23 yoshda edim. Albatta, har qanday inson uchun yangi muhitga, yangi atmosferaga ko‘nikish qiyin bo‘lsa kerak. Hayotdan olib qarasak ham bir daraxtni o‘sib turgan joyidan ko‘chirib, boshqa joyga o‘tkazsangiz yangi joyda o‘sib-yashnab ketguncha vaqt kerak bo‘ladi. Madaniyatlar xilma-xilligi, odamlar muomalasi, boshqa turdagi ovqatlarga o‘rganish baribir ham oson bo‘lmaydi. Ko‘pchilik qatori menda ham boshida sulture shock bo‘lgan. Amerikadagi ijtimoiy hayotga moslashish va sulture shock’ni yengish uchun ko‘proq do‘stlar orttirishga harakat qildim. Chunki qanchalik ko‘p odamlar bilan muloqot qilsangiz muhitga moslashish ham oson kechadi. Maslahatim, iloji boricha atrof-muhitni o‘rganishga, amerikaliklar nimalarni qadrlashi haqida ko‘proq bilib olish zarur. Chunki siz yashayotgan davlat qayer bo‘lmasin, u yerdagi insonlarning odatlarini qadriyatlarini, albatta hurmat qilishingiz lozim. Qaysi davlatga bormang sulture shock’ni yengish uchun ishlaysizmi yo o‘qiysizmi ko‘proq odamlar bilan muloqot qilishga harakat qiling. Hech qachon uyalib turmay tadbirlar, tanlovlarda, albatta qatnashing.

Foto: UzbekLife

O‘zbekistondan turib Amerikadan ish topganman

Amerikaga kelish uchun asosli sababingiz bo‘lishi kerak. Masalan, ta'lim, ish yoki migratsiya jarayoni. Men o‘qishni tamomlagandan so‘ng O‘zbekistondan turib Amerikadan startap kompaniyasidan dasturchilik bo‘yicha ish topganman. Ishga kirish jarayonidagi intervyu onlayn tarzda bo‘lgan. Bu kompaniya biotexnologiyalar bo‘yicha ish olib borardi. Ushbu kompaniyaning asosiy faoliyati hali davosi topilmagan turli kasalliklar uchun davolovchi dori vositalar va vaksina topish, ya'ni ishlab chiqarishdan iborat edi. Amerikada startap kompaniyalar juda ham ko‘p. Keyinchalik boshqa bir startap kompaniyaga ishga o‘tganman. O‘zi aslida katta kompaniyalardan ko‘ra startap kompaniyalarda ishlash ham qulay, ham osonroq. Bu kompaniyada asosan robototexnika va korobotiklarning operatsion sistemasi bo‘yicha ish olib borayotgan jamoada ishlaganman.

Foto: UzbekLife

Yosh dasturchilarga tavsiyalarim

Yangi sohaga kirib kelayotgan dasturchilarga tavsiyam, siz har qanday kompaniyada o‘z faoliyatingizni boshlasangiz bo‘ladi. Muhimi, qayerga ishga kirsangiz ham o‘z ustingizda tinimsiz ishlashingizga to‘g‘ri keladi. Ko‘pchilik startap kompaniyalarda ish boshlagan yaxshi deb hisoblaydi. Sababi, bu kabi kompaniyalarda ishlash nisbatan osonroq. Katta kompaniyalarda ishlash orqali esa ko‘proq tajriba orttirish mumkin. Rivojlanish uchun bu kabi kompaniyalar yaxshi tanlov. Solishtiradigan bo‘lsak, startap kompaniyalarning yaxshi tomoni loyihalar odatda yuqoriga qarab o‘sadi, katta kompaniyalarda esa yuqoriga emas, balki loyihalar eniga qarab kengayib boradi.

Foto: UzbekLife

Amazon va Google kompaniyasiga ishga kirish

Amazon kompaniyasiga ishga kirishimdan menga startap kompaniyasida olgan tajribalarim asqotgan. Bundan tashqari, magistraturada IT sohasi bo‘yicha fundamental bilimlarni olganim ishga kirish jarayonidagi intervyulardan oson o‘tishimda va job offer olishimda yordam bergan deb ayta olaman. Masalan, Amazon’ga kirishdagi intervyuda menga berilgan topshiriqlar: algoritm, operatsion sistemada ishlash, sistem dizayner qilish bo‘lgan. Birinchi intervyu skrin bo‘lib unda o‘tgandan so‘ng, 5 ta bosqichda yana beshta inson bilan suhbatdan o‘tishingizga va yuqoridagi kabi turli xil topshiriqlar bajarishingizga to‘g‘ri keladi. Amazon kompaniyasiga ishga kirishdagi intervyu bilan boshqa kompaniyalarga ishga kirishdagi suhbatning farqli tomonlaridan biri – Amazon nafaqat sizning IT sohasi bo‘yicha bilimlaringizni tekshiradi, balki qanchalik mantiqiy fikrlay olishingiz, bundan tashqari yangi g‘oyalar bera olasizmi-yo‘qmi, bunga alohida e'tibor qaratadi. Ya'ni sizning Amazon kompaniyasiga nima bera olishingiz ularni ko‘proq qiziqtiradi. Bundan tashqari sizdagi liderlik qobiliyati ham ishga kirish jarayonida sizga ustunlik beradi. Shuningdek, intervyu davomida avvalgi ish faoliyatingizda nimalar bilan shug‘ullanganingiz, turli xil muammolarga duch kelganingizda u muammolarni qanday qilib yengib o‘tganingiz so‘raladi. 

Foto: UzbekLife

Amazon va Google kompaniyasiga ishga kirish talablari, intervyu jarayoni deyarli bir xil. Ular orasida katta farq bor deb ayta olmayman. Lekin Google'ga ishga kirish Amazonga qaraganda nisbatan qiyinroq bo‘ladi. Hozir Google kompaniyasida smart car, ya'ni aqlli mashinalarning operatsion sitemasi bo‘yicha jamoada ishlayman. Ko‘p dasturlash tillarini bilaman, lekin faoliyatimda asosan, C++, Java dasturlaridan foydalanaman. Sababi, katta kompaniyalarda deyarli shu dasturlar asosida ishlanadi. Amazon va Google kompaniyalarda ham aynan ko‘pincha mana shu dasturlardan foydalanishadi.

Foto: UzbekLife

Yaqin kelajakdagi maqsad va belgilangan rejalar

Dasturchi bo‘lishni xohlovchi insonlar maktabdan boshlab matematika, fizika kabi fanlarni yaxshilab o‘zlashtirishi kerak. Darslikdagi bilimlar bilan cheklanib qolmasdan, bu fanlarni nisbatan chuqurroq o‘rganish lozim. Shundagina bir sohada qotib qolinmaydi. Aksincha, sohaga yangilik olib kiradigan insonlar aynan ko‘plab bilimlarni o‘zlashtirgan bo‘lishadi. Shuningdek, xorijiy mamlakatlarda dasturchi bo‘lib ishlash uchun xorijiy tillarni ham bilish talab etiladi. 

Foto: UzbekLife

Albatta, yaqin kelajakda O‘zbekistonga qaytish niyatim bor. Yurtimizga qaytganimdan so‘ng o‘zim tug‘ilib o‘sgan tumanda maktab ochmoqchiman. Bolalarni asosan aniq fanlarga, chet tillarga o‘qitishni va IT sohasi bo‘yicha fundamental bilimlarni berib, ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirishni maqsad qilganman. O‘ylaymanki, dastlabki ta'limdan boshlab ularni IT yo‘nalish bilan tanishtirib borsak, yaqin kelajakda O‘zbekistonda ham bu sohani rivojlantirish mumkin.

To‘liq videoni Uzbeklife’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qiling.

Mashhura Rahmonova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: