Ta'kidlanishicha, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi xodimlari Rossiyaning turli shaharlarida qarovsiz qolgan 11 nafar voyaga yetmagan bolani qidirib topgan va ular 2 noyabr kuni O‘zbekistonga qaytarilgan.
«Afsuski, oxirgi vaqtlarda ishlash uchun xorijga borgan xotin-qizlarimiz orasida rejalashtirilmagan homiladorlik natijasida farzand ko‘rish va uni istalgan joyga qarovsiz tashlab ketish, shuningdek, bolalar uyiga topshirish holatlari ortib boryapti.
Bu borada O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga turli xorijiy davlatlardan ham murojaat bo‘ladi: bolani olib ketasizmi yoki o‘zimiz qaramog‘imizga olaylikmi? Bir narsani aniq aytishim mumkin, shu paytgacha O‘zbekiston hukumati biror bolani ko‘chada tashlab qo‘ygani yo‘q. Ular O‘zbekistonga qaytarilyapti. Bu 11 nafar voyaga yetmagan bolalar ham shu kabi qarovsiz qoldirilgan bolalardir», – dedi u holat haqida gapirib.
Ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekistonga qaytarilgan bolalar hozirda O‘zbekistondagi mehribonlik uyi va Toshkent shahar IIBB qoshidagi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan.
Bir muddat avval Kun.uz Sankt-Peterburg shahrida tashlab ketilgan o‘zbekistonlik ikki qizaloq haqida ham xabar e'lon qilgan edi.
Jamoliddin Nasimovga ko‘ra, hozirda vazirlik tomonidan bu ikki qizaloqni ham O‘zbekistonga qaytarish choralari ko‘rilmoqda.
Bu borada keyingi oyda ham Rossiyaga safar reja qilyapmiz. Unda Rossiyada qarovsiz qolgan bir necha bolalar haqiqiy vataniga qaytariladi», – dedi Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati vakili.
Ma'lumot uchun, avvalroq Vazirlar Mahkamasining «Xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarining bolalarini O‘zbekistonga qaytarish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori va Ichki ishlar vaziri farmoyishi qabul qilingandi.