Kun.uz manbasiga ko‘ra, Alijon Xo‘jaqulov 2021 yil 25 iyul kuni shahar xalq ta'limi bo‘limiga ishga kiritib qo‘yishni aytib, fuqarodan (ayol) 3 mln so‘m olayotganda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda qo‘lga olingan. Kun.uz tahririyatida mavjud bo‘lgan suratlarda ham mudir bir guruh organ xodimlari qurshovida, tezkor tadbirni protsessual tartibda rasmiylashtirish jarayonida turganini ko‘rish mumkin.
Navoiy viloyati Xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Marat Shamuratovga ko‘ra, bu mudir va fuqaro o‘rtasidagi qarz oldi-berdisi bo‘lgan va ish tergovgacha yetib bormay yopilgan. Shu sababli u o‘z lavozimida ishlashda davom etmoqda.
Kun.uz holat yuzasidan Navoiy viloyat prokuraturasidan ham izoh oldi. Prokuratura xodimi fuqaro arizasi asosida XTB mudiri Alijon Xo‘jaqulovning ishga kirgizib qo‘yish evaziga pul talab qilganlik holati yuzasidan tezkor tadbir uyushtirilganini ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, haqiqatan ham mudir va arizachi o‘rtasida ishga kirgizib qo‘yish yuzasidan “kelishuv” bo‘lgan. Bu bo‘yicha yozib olingan suhbat ariza bilan taqdim qilingan. Biroq tezkor tadbir jarayonida mudir fuqaroga ishga kirgizib qo‘yish masalasi hal bo‘lmasligini aytib, kelishilgan miqdordagi pulni unga qarz sifatida berib turishini so‘ragan. Ya'ni pora sifatida so‘ralgan pul oxirgi lahzada qarzga aylanib qolgan. Shu sababli, holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atishni rad qilish yuzasidan qaror qabul qilingan.
Muqaddam Nurota tumanidagi 4-umumta'lim maktabi direktori lavozimida ishlab kelgan Alijon Xo‘jaqulov 2021 yilning 18 yanvarida G‘ozg‘on shahri xalq ta'limi bo‘limi mudiri lavozimiga tayinlangandi.