Ijtimoiy tarmoqlarda Yakkabog‘ tumani tibbiyot birlashmasi hovlisida oq libosdagi tibbiyot xodimlarining o‘t chopayotgani haqida suratli xabarlar tarqaldi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi holat bo‘yicha munosabat bildirdi.
Ma'lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan surishtiruv olib borilgan. Unda aniqlanishicha, suratlarda tumandagi 2-tug‘uruq bo‘limi orastabonlari bo‘lim hovlisini o‘tdan tozalayotgani aks ettirilgan.
Qayd etilishicha, tuman tibbiyot birlashmasi ma'muriyati tomonidan ularga bu borada hech qanday topshiriq berilmagan.
«Tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining buyrug‘iga asosan Mehnat kodeksining tegishli moddasi bo‘yicha mazkur vaziyatda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan tug‘uruq bo‘limi boshlig‘i Sh.Eshmo‘minov, bosh doya M.Safarova, tibbiyot birlashmasi xo‘jalik bekasi S.Turopova, 2-tug‘uruq bo‘limi xo‘jalik bekasi S.Sayaxovaga nisbatan intizomiy jazolar qo‘llandi», deyiladi munosabatda.