«Loyli yo‘l sabab ayollarimiz shu sovuqda ham har kuni kir yuvadi» - Samarqanddagi yo‘l qachon ta'mirlanadi?

Jamiyat 12:27 / 20.11.2021 7862

Olingan tasvirlardan ham ko‘rish mumkinki, qishloq yo‘li o‘ta abgor holatda. Bir kilometrli yo‘l o‘n yillar ichida ta'mirlanmagani, u ayniqsa qish faslida juda achinarli ahvolga kelib qolishi sezilib turibdi.

«Biz tuman markazi, bozor, ish va poliklinikaga, bolalarimiz esa maktabga har kuni shu yo‘l orqali kirib-chiqamiz. Maktabdan qaytgan farzandlarimizning bir kiygan kiyimini qayta kiyib bo‘lmaydi. Loyli yo‘l sabab, ayollarimiz shu sovuqda ham har kuni kir yuvishga majbur.

To‘g‘ri, qishloqliklar unda-bunda pul yig‘ib, yo‘ldagi chuqurlarga tosh to‘kamiz, lekin u yana tezda avvalgi holatiga qaytib qolaveradi. Asfalt bo‘lmasa bekor-da.

Bizga qishlog‘imiz yo‘li asfaltlash uchun dasturga tushgani haqida har yili aytishadi. Odamlar ishonuvchan, rahbar gapirsa ishonadi. Lekin o‘sha dastur ijrosidan mana o‘n yillardirki, darak yo‘q.

Qatnov yo‘llarini ta'mirlashga mas'ul organlar, hokimiyatdagilar shu yo‘limizga ham e'tibor qaratib, ta'mirlashga yordamlashsin. Biz ham qarab turmaymiz, qurbimiz yetgancha mablag‘, kuchimiz yetgancha mehnat qo‘shamiz», – deydi qishloq odamlari.

Shakarliklar ko‘p yillardan beri yozda tuproqli, qishda esa loyli bu yo‘ldan bezib ketgan. Ular mutasaddilarning muammoga e'tibor qaratishi va va'da qilingan asfalt yo‘ldan umidvor.

Ko‘proq yangiliklar: