“Biz tez yordam xalqqa foydamiz tegsin, odamlar shifo topsin, deb harakat qilyapmiz. Lekin tepadagi Sog‘liqni saqlash vazirligidagilar, avtomobil bo‘yicha mas'ullar bizni ham tushunsa bo‘lardi. Bemorlar uchun dori-darmonlarimiz yetarli, lekin mashina tomondan juda qiynalyapmiz.
Kecha bir bemor mashinada klinik o‘lim holatiga tushdi. Lekin yo‘llar tirband, avtomobilning na migalkasi bor, na signalizatsiyasi ishlaydi. Hatto signal ham ishlamaydi, ratsiya yo‘q. Hech kim yo‘l bermaydi! Endi boshimizni derazadan chiqarib “yo‘l bering” deb baqirib keta olmaymiz-ku?!
Mashinaning orqasiga kimnidir o‘tqizadigan bo‘lsak, eshigi qulflanmaydi. Bemorning o‘zi ham tushib qolishi mumkin. Kim o‘z yaqinini shu mashinaga ortishni xohlaydi?!” – deydi shifokorlardan biri.
Ikkinchi vrach ham shu “Damas”da bemor klinik o‘lim holatiga tushganini va qiyin ahvolda qolganini bildirgan.
Kun.uz holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirining matbuot kotibi Furqat Sanayev bilan bog‘landi.
“Shifokorlarimizning e'tirozlari o‘rinli, shu sababli ushbu murojaat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kunning o‘zidayoq, Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holatni darhol nazoratga oldi.
Aniqlanishicha, chindan ham Yangiyo‘l tuman tez tibbiy yordam bo‘limining davlat raqami 10 236 DAA bo‘lgan “Damas” rusumli tez tibbiy yordam avtomashinasi eskirib, yaroqsiz holga kelgan. Xususan, o‘rganish davomida avtotransport vositasining orqa eshigi yaxshi yopilmasligi, ovoz chiqaruvchi (sirena-signal) moslamasi hamda ogohlantiruvchi chiroq (migalka)lari ishlamasligi ma'lum bo‘ldi. Shu sababli texnik nosoz tez tibbiy yordam avtomashinasi zaxiraga olinib, texnik soz holatdagi avtomashina bilan almashtirildi.
Shuningdek, Toshkent viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasining ixtisoslashtirilgan avtobazasiga qarashli Yangiyo‘l tuman filiali bo‘limi mexanigi R.N. o‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaragani uchun lavozimidan ozod etildi”, – dedi F.Sanayev Kun.uz'ga bergan izohida.
Ma'lumot uchun, 2021 yil 27 maydagi prezident qaroriga binoan, tez tibbiy yordam xizmati uchun yangi va zamonaviy rusumdagi avtomashinalarni xarid qilish maqsadida joriy yil 24 sentabr kuni O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan A toifali “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam avtomashinalarining birinchi bosqichini hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari tizimidagi tez tibbiy yordam shoxobchalariga yetkazib berish boshlangan edi.
Shuningdek, o‘tgan 2020 yilda Toshkent shahar “Tez yordam” stansiyasiga 150 dona “Ford” rusumli reanimatsion tibbiy apparatlar bilan jihozlangan avtomashinalar xarid qilingan.