O‘zbekistonda yil boshidan beri salkam 1964 kishi yo‘l-transport hodisalari qurboni bo‘ldi. Kattagina qishloq, o‘rtacha aholi punkti to‘lig‘icha qirilib ketganiga teng bu. Yana deyarli hammasi sog‘lom, o‘limni tasavvur ham qilmay ko‘chaga chiqqan insonlar ekanligi aniq. Eng dahshatlisi – ularning aksariyati bolalar, ota-onaning qalbida abadiy og‘riqqa aylangan farishtalar.
Har yili noyabr oyining uchinchi yakshanbasi «Butunjahon yo‘l-transport hodisalari qurbonlarini xotirlash kuni» sifatida nishonlanadi. Vaziyat o‘ta jiddiyligidan shunday alohida sana ham qayd etilgan.
Kuni kecha bu sana O‘zbekistonda ham ilk bor eslab o‘tildi, o‘tganlar yodga olindi.
Bizda hozir paradoksal vaziyat yuzaga kelgan:
1. Haydovchilarning bir-biriga hurmati borgan sari kamayayotgan;
2. Piyodalar hatto piyodalar yo‘lagida ham qo‘rqib, ko‘zlari olazarak bo‘lib, yugurib o‘tadigan;
3. Rulni boshqargan odam borki asabiy, faqat o‘zi aqlli, qolgan barcha ahmoq hisoblanadigan;
4. Tezlik faqat radar bor joyda tushiriladigan (haydovchilarning aksariyati “antiradar” moslamasi bilan jihozlanib olishgani bunga yaqqol misol);
5. Umuman, «GAI»ga tushmaslik uchungina qoida buzilmaydigan davlatga aylanib qoldik.
Avtomobilini ajal quroliga aylanib uchirayotganlarning hech biri kimnidir urib ketgani va hayotiga zomin bo‘lgani uchun jiddiy jazoga tortilmaydi. Qonuniy izoh bitta – qasddan sodir etilgan qotillik emas. O‘zbekona odamgarchilik ham bor – «Odam o‘ldiraman deb ko‘chaga chiqmagan-ku?!».
Lekin qachongacha kattalarning aybi uchun bolalar, ulovlilar uchun piyodalar, qoidaga rioya qilib ketayotgan haydovchi «prava»ni sotib olgan va oshnasidan haydashni o‘rgangan «sho‘pir» uchun o‘z jonini qurbon qilib javob berishi kerak?
Ahvolimiz shundayki, na qoloq davlatlar singari izdan chiqib ketayotgan vaziyatni tan olamiz, na rivojlangan davlatlar kabi o‘limlar sonini kamaytirish va hatto butunlay yo‘qqa chiqarishga intilamiz. Doimiy bahonamiz tayin – «Avtomobillar kun sayin ko‘payib bormoqda, haydovchilik madaniyatimiz past, infratuzilmalar ustida ishlashimiz kerak...».
Shaharlarni to‘la-to‘kis avtomobillar ixtiyoriga topshirib bo‘ldik. Na piyoda uchun imkoniyat qoldirdik, na jamoat transporti uchun. Butun jahon kengaytirib borayotgan velosiped yo‘laklari haqidagi loyihalarimiz esa gapdan nariga o‘tmadi, bajarilgani ham shu darajada no‘noqki, hech kim undan foydalanmaydi.
Yo‘llarni kengaytirish uchun odamlarni qaqshatib uylarini buzdik, ko‘p qavatli uylar tagiga avtomobillarni qalab tashladik. Eng qizig‘i – avtomobil mingan odam borki ko‘chada mashina ko‘payib ketganidan va ulovini qo‘yishga joy topa olmayotganidan yozg‘iradi.
Muammoning yechimi bo‘yicha davra suhbatlari, brifinglar, matbuot anjumanlari ayamay o‘tkazilyapti. Bir qarashda targ‘ibotda ham kamchiligimiz yo‘qday – ko‘rkam ofitserlar YTHlarning oldini olish bo‘yicha yoki ular sodir bo‘lganidan keyin sabablarini tahlil qilish bo‘yicha muntazam chiqishlar qilib turadi. Lekin bularning hammasi avtomobilga o‘tirilgan zahoti havoga uchib ketyapti.
Modomiki o‘lim ko‘rsatkichini kamaytira olmas, yoki hech bo‘lmasa o‘sishini to‘xtata olmas ekanmiz o‘ta jiddiy choralar ko‘rish vaqti kelgan:
1. O‘lim yoki jiddiy tan jarohati holatini yuzaga keltirgan har qanday qoidabuzarlik uchun jazo jiddiy kuchaytirilishi shart;
2. Shaharlarda tezlik me'yorini pasaytirish lozim, piyodalarning huquqlari toptalishi jiddiy qoidabuzarlik deya qaralashi, yo‘l qoidalarini buzgan piyodalarning o‘zi ham javobgarlikni his qiladigan tizim yaratilishi kerak;
3. Haydovchilik guvohnomalarini olish jarayoni ko‘p bosqichli va murakkab, raqamlashtirilgan va bir-biridan mustaqil bir necha tashkilot xulosasidan keyingina berilishi zarur.
Hech kimning boshiga farzand dog‘i tushmasin, ko‘chaga kulib chiqib bolasining katta tezlikdagi avtomobilga duch kelib qurbon bo‘lishi insonda butun borliqqa nisbatan isyon paydo qiladi. Ammo ming afsuski bunday oilalar ko‘payib bormoqda.
Abror Zohidov