Estoniya Rossiya bilan chegarada vaqtinchalik to‘siq o‘rnatishni boshladi

Jahon 18:32 / 20.11.2021 6079

Estoniya Rossiya bilan chegarasining quruqlikdagi uchastkasida tikanli simlardan vaqtinchalik to‘siq o‘rnatish ishlarini boshladi.

Sharqiy prefektura operativ shtabi boshlig‘i Urmas Elmning ma'lum qilishicha, shimoli-sharqda Estoniya-Rossiya chegarasi asosan tabiiy suv to‘sig‘i bilan to‘silgan. Hozirda chegarani noqonuniy kesib o‘tish ehtimoli yuqori bo‘lgan Narva daryosining sobiq irmog‘idagi quruqlik uchastkasida to‘siq o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Belarus-Polsha chegarasida vujudga kelgan migratsion inqiroz sababli to‘siqlar jadallashtirilgan sur'atda o‘rnatilmoqda.

Estoniya-Rossiya chegarasining umumiy uzunligi 338 kilometr bo‘lib, buning 76 kilometri Narva daryosi va 127 kilometri Chud ko‘li bo‘ylab o‘tadi. Quruqlikdagi chegaraning uzunligi 135 kilometrni tashkil etadi va u asosan yurish qiyin bo‘lgan o‘rmonlardan o‘tgan.

Avval tasdiqlangan rejaga ko‘ra, to‘siq o‘rnatish ishlari 2026 yilga borib yakunlanishi lozim.

Ko‘proq yangiliklar: