“Ikkinchi farzandimga homiladorligimning 6 oyligida yuragida nuqson borligini bildim. Lekin bu paytda homiladorlikni to‘xtatishning iloji yo‘q va men buni xohlamas edim. Bu kasallik haqida ma'lumotlar bilan tanishdim, shifokorlardan surishtirdik. Ular buning shifosi borligini, bola tug‘ilgan zahotiyoq 10 kun ichida yuragini operatsiya qildirsak tuzalib ketishini aytishdi. Ko‘nglimizda umid uyg‘ondi. Lekin afsuski qo‘limiz kaltaligi sabab operatsiya uchun ketadigan mablag‘ni to‘play olmadik.
Bolam tug‘ilganiga 5 kun bo‘ldi. Ammo hali bolamni bag‘rimga bosmadim. Tug‘ilgan paytidayoq uni jonlantirish bo‘limiga olishgan. Tug‘uruqxonada hamma ayollar onalik baxtidan masrur bo‘lib chaqaloqlarini bag‘riga bosayotgan pallada men quruq qo‘l bilan tug‘uruqxonadan chiqiboq operatsiya uchun madad qidirib keldim. Farzandim yashab ketishi uchun hamma narsaga tayyorman”, deydi chaqaloqning onasi Mohigul Azimova.
Ayolning turmush o‘rtog‘i Umarxon Sattorov o‘z qishlog‘ida dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Dard qarshisida mushkul holatda qolgan yigit birovdan yordam so‘rashga ham iymanadi. Lekin u bugun shunga majbur bo‘lganini aytadi:
“O‘g‘lim bo‘lishini orzu qilganman. Shunday baxtga yetdim deganda bolam dard bilan tug‘ildi. Hali men ham, onasi ham uni ko‘rmadik. Shifokorlar suratga olib berishdi va shu bilan o‘zimizga tasalli berdik. Hozir operatsiyaga tayyorlashyapti, lekin operatsiya uchun mablag‘ yo‘qligi hamma umidlarimni puchga chiqaryapti. Nahotki, ota bo‘lib ko‘z oldimda shamdek so‘nayotgan o‘g‘limni saqlab qolishga imkon topa olmasam?
Dehqonchilik bilan oila tebrataman. Umrimda biror insondan muhtoj bo‘lib yordam kutmagandim. Bugun esa bolam tirik qolishi uchun shunga majbur bo‘ldim”.
Farzand hayotini o‘z hayotidan-da ustun biluvchi bolajon xalqmiz. Shuning uchun bu oilaning taqdiri hech kimni befarq qoldirmasligiga ishonchimiz komil.
Uzcard: 8600 0417 8828 1922 Umarxon Sattorov nomida
Humo: 9860 1301 5299 0656 Umarxon Sattorov nomida