«Bu imkoniyat hech kimda bo‘lmagan» - QQS to‘lamaslik xavfini aniqlashtiruvchi instrument ishga tushiriladi

Iqtisodiyot 16:37 / 19.11.2021 16732

2022 yildan «soliq uzilishi» instrumenti ishga tushadi. Bu haqda DSQ raisi Sherzod Qudbiyev ma'lum qildi.

«Qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lamaslik xavfini aniqlashtiruvchi tahliliy instrument ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish ustida ish boshladik. Ya'ni bu – «soliq uzilishi». Buni 1 yanvargacha joriy qilishga va har bir hisob-fakturada ko‘rsatib turishga harakat qilamiz», dedi u.

Qudbiyev ushbu instrumentning qanday ishlashiga to‘xtaldi.

«Siz kontragent bilan ishlashdan oldin kontragentingiz necha foiz QQSni budjetga to‘laganini hisoblab beramiz. Bu imkoniyat hech qachon hech kimda bo‘lmagan. Hozirgi IT shu imkoniyatni beradi.

Dastlabki hisob-kitoblarimiz juda ayachli ahvolda ekanimizni ko‘rsatib turibdi. QQSning butun zanjirini – 20 kontragent bo‘ladimi, 30tami – bu matematika, uni aldab bo‘lmaydi. Yaqqol ko‘rinib turadi. Endi shu zanjir bo‘yicha uzilish amaliyotini yangi yildan joriy etamiz», deya DSQ raisi so‘zlarini keltiradi Kun.uz muxbiri.

Avvalroq, QQS to‘lovchilar maxsus ro‘yxatdan o‘tishi belgilab qo‘yilgani ma'lum qilingandi. Shuningdek, yangi tartibga ko‘ra, intizomli soliq to‘lovchilarga QQS summasi 7 kunda qaytariladi.

Ko‘proq yangiliklar: