Saakashvili 48-kun quladi. Advokatlar bilan uchrashuvga chiqqan sobiq prezident hushini yo‘qotib, yerga yiqilgan

Jahon 21:29 / 18.11.2021 27580

Gruziya inson huquqlari tashkiloti egidasi ostida harakat qiluvchi mustaqil shifokorlar guruhi 48 kun davomida ochlik e'lon qilgan qamoqdagi sobiq prezident Mixail Saakashvilini tekshirgan. Shifokorlar xulosasiga ko‘ra, uzoq vaqtdan buyon davom etayotgan ochlik sabab Gruziya sobiq prezidentining ahvoli yomonlashgan va uning tiklanishi uchun qamoqxona kasalxonasida sharoit yetarli darajada yaxshi emas – siyosatchini fuqarolik kasalxonasiga o‘tkazish kerak.

Ammo xulosa berilgan kuniyoq Gruziya jazoni ijro etish xizmati Saakashvilining ahvoli qoniqarli ekani, hayotiga hech qanday xavf yo‘qligini ma'lum qilgan. Mustaqil shifokorlar guruhini Gruziya ombudsmani vakili Nino Lomjariya yig‘gan. Shifokorlar qamoqxona kasalxonasida Saakashvilining tiklanishi uchun yetarli sharoit yo‘q deb topishgan.

«Mixail Saakashvilining ahvoli yomon. Buni ko‘plab hayotiy zarur ko‘rsatkichlar aytib turibdi. Bunday holatda qamoqxona kasalxonasida davolanish uchun yetarlicha imkoniyat yo‘q deb hisoblaymiz», deya shifokorlar guruhi vakili Georgiy Grigolining so‘zlarini keltirmoqda «Interfaks».

Shifokorning aytishicha, Saakashvili 48 kundan buyon ochlik e'lon qilgan. Oqibatda V1 vitamini yetishmovchiligi sabab Saakashvilining miyasida og‘riq paydo bo‘lgan.

Shifokorlar sobiq prezident ochlikni davom ettirsa, unda ichki qon ketishi kuzatilishini taxmin qilgan. Oqibatda Saakashvili komaga yoki aritmiya holatiga tushib qolishi mumkin. Shifokorlar xulosasiga ko‘ra, Saakashvili ko‘p tarmoqli klinikada to‘laqonli davolanishi kerak.

Sentabr oyi oxirida mamlakatga yashirincha qaytgan sobiq prezident 1 oktabr kuni qo‘lga olingandi. Uning Gruziyaga qaytganini Batumidan video joylagach bilib qolishdi. Hukumatdagilar avvaliga bu video yangi ekaniga shubha ham bildirishgandi.

Saakashviliga Gruziyada ko‘plab holatlar bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan va ularning ikkitasi bo‘yicha sirtdan 6 yillik qamoq jazosi ham e'lon qilingandi.

Shov-shuvli video

FACEBOOK.COM/SAAKASHVILIMIKHEIL

O‘tgan hafta Gruziya jazoni ijro etish xizmati Saakashvilining qamoqxonadan kasalxonaga olib ketilayotgani tasvirlangan video e'lon qildi. Unda avvaliga xotirjamlik bilan narsalarini yig‘ishtirayotgan Saakashvili ko‘rinadi. Keyinroq yarim yalong‘och holatdagi siyosatchi xonada turgan shifokorlar va bir necha kishidan biri bilan janjallashib qolgani ko‘rinadi. Ma'lum bo‘lishicha, Saakashviliga shahar kasalxonasiga olib borishlarini aytib, uni qamoqxonadan aldab olib chiqishgan va qamoqxona kasalxonasiga olib borishgan.

Saakashvili inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi so‘roviga ko‘ra ochlikni to‘xtatishi, ammo buning uchun uni mustaqil shifokorlar tekshirib, yetarli sharoitlari bo‘lgan kasalxonaga o‘tkazishni talab qilgan.

Siyosatchining advokatlari qamoqxonada unga qo‘pol munosabatda bo‘lishayotganini aytib keladi. Qamoqxona vakillari esa Saakashvilining ahvoli yaxshi ekanini takrorlashmoqda. Qamoqxona shifokorining aytishicha, sobiq prezident dorilarni qabul qilmagani sabab uning tibbiy ko‘rsatkichlari yomonlashib ketgan. Seshanba kuni esa barcha dorilarni qabul qilgach, uning ahvoli yaxshilangan, barcha hayotiy ko‘rsatkichlar tiklangan, hozirda hayotiga hech narsa xavf solmayapti.

Gruziya hukmron partiyasi «Gruziya orzusi» yetakchisi Irakliy Kobaxidzening aytishicha, Saakashvili ochlikni va shu bilan birga hukumatni shantaj qilishni bas qilishi kerak. U Saakashvilini tekshirgan mustaqil shifokorlarni ham siyosiy tarafkashlikda ayblagan.

Gruziya jazoni ijro etish qo‘mitasi Mixail Saakashvilining ahvoli yaxshi ekanini aytayotgan bo‘lsa-da, uning advokatlari siyosatchi 18 noyabr kuni kechga yaqin hushini yo‘qotib yiqilganini ma'lum qilishdi. Ularga ko‘ra, advokatlar bilan uchrashuvga kelgan Saakashvilining boshi aylanib, hushsiz holatda yerga yiqilgan.

«U advokatlar bilan uchrashuvga chiqqanida hushsiz yiqildi. Zambilga solib olib chiqib ketishdi. Qayerga olib ketishganini va ahvoli qanday ekanini bilmayman», degan jurnalistlar bilan suhbatda siyosatchining advokati Beka Basilaya. Bu xabardan ko‘p o‘tmay Gruziya jazoni ijro etish xizmati Saakashvili hushsiz yiqilganini tasdiqlab, uning ahvoli yaxshilanganini ma'lum qildi.

Mixail Saakashvili 2004-2013 yillar davomida Gruziya prezidenti bo‘lib ishlagan. Prezidentlik muddati tugagach, mamlakatdan chiqib ketgan Saakashvili 8 yil o‘tib qaytishi bilan qamoqqa olindi. Qo‘lga olinguniga qadar Ukrainada yashagan Saakashvili bu yerda ham davlat lavozimlarida ishlashga ulgurdi.

Ko‘proq yangiliklar: