Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida tadbirkor sotib olgan yer qayta auksionga chiqarib yuborilgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Xabarlar yuzasidan viloyat Kadastr agentligi va davlat kadastrlar palatasi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Munosabatda ma'lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarda aytilgan fuqaro E.Sh. o‘zining murojaatida ko‘rsatib o‘tgan yer uchastkalari Yakkabog‘ tuman «Ulamji» MFY hududida joylashgan.
Mazkur yer uchastkalari Vazirlar Mahkamasining «Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali berish tartibi to‘g‘risida»gi 2019 yil 20 dekabrdagi 1023-sonli qaroriga asosan «YERELEKTRON» avtomatlashtirilgan axborot tizimiga 2021 yil 5 iyunda B1710250-55028 va B1710250-55012 unikal raqamlari bilan joylashtirilgan.
Shundan so‘ng 2021 yil 18 oktyabrda onlayn auksion natijalariga asosan, fuqaro E.Sh.ning o‘zi auksion g‘olibi deb topilgan. Biroq auksion g‘olibi yer uchastkasining onlayn savdo maydonchasida sotilgan qiymatiga mos ravishda, ya'ni 59 million 69 ming va 60 million 4 ming so‘m miqdoridagi mablag‘larni o‘z vaqtida to‘lamagan. Shu sababli ushbu savdolar nohalol deb topilgan. Natijada ushbu yer uchastkalari «Ye-IJRO AUKsION» savdo maydonchasiga takroran savdoga qo‘yilgan.
Qayd etilishicha, hozirda ushbu yer uchastkasida fuqaro E.Sh. tomonidan hech qanday huquqiy hujjatlar bo‘lmagan holda 2 xonali bino qurilgan.
«Fuqaro E.Sh.ning qizi K.Z.ning shu mazmundagi murojaati ham Davlat kadastrlari palatasi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi Yakkabog‘ tuman filiali mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, murojaatchiga 2021 yil 27 oktyabrdagi №6/187-sonli javob xatlari berilgan. Aytish kerakki, mas'ullar tomonidan fuqaroga bir necha bor qonun doirasida kerakli tushunchalar berilgan», deyiladi munosabatda.