Ma'lum qilinishicha, Namangan viloyatidagi tumanlardan birining Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘zining haydovchisi nomida bo‘lgan sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligining 1 gektar yer maydonini boshqa bir fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 15 ming AQSh dollari talab qiladi.
DXX Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat prokuraturasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan pulni xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimi mahalliy fuqaro bilan kelishib, Urganch tumanidagi tashkilot balansida bo‘lgan 30 sotix yer maydonini boshqa shaxs nomiga tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga 50 ming AQSh dollari talab qiladi.
DXX Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, ular so‘ralgan puldan 30 ming AQSh dollarini olgan vaqtlarida qo‘lga olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXX taqdim qilgan axborotda Namangan va Xorazmda qo‘lga olingan mansabdorlarning ism-sharifi, qaysi tumanda ishlashi aytilmagan. Avvalroq, DXX Jizzax va Samarqand viloyatlarida ham tuman prokurori va o‘rinbosari katta miqdorda pora bilan qo‘lga olinganini xabar bergan edi. Lekin ushbu holatlarda ham poraxo‘r mansabdorlarning aniq ish joyi ochiqlanmagan.