Belarus Rossiyadan Polshaga neft tranzitini to‘xtatib qo‘ydi

Jahon 00:54 / 18.11.2021 12259

Belarus Rossiyadan Polshaga shartnoma bo‘yicha yuborilayotgan neft tranzitini to‘xtatib qo‘ydi. Belarus tomonining ma'lum qilishicha, Polshaga neft borishini ta'minlaydigan «Do‘stlik» neft o‘tkazgichida kutilmagan kichik ta'mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Rossiyaning «Transneft» kompaniyasi Belarus Polshaga ketayotgan tranzitni to‘xtatib qo‘yganini ma'lum qildi. Tashkilot rasmiy vakili Igor Deminning aytishicha, Belarusning «Gomeltransneft» kompaniyasi kutilmaganda magistral o‘tkazgichning bir qismida ta'mirlash ishlarini boshlagan.

Deminning aytishicha, ta'mirlash ishlari uch kun davom etadi. Neft yetkazib berish bo‘yicha oylik reja esa o‘zgarmasligi kutilmoqda. O‘z navbatida «Do‘stlik» o‘tkazgichining Polshadagi nazoratchisi bo‘lgan PERN kompaniyasi bu uzilishdan ogohlantirilganini, oylik neft tranzitida o‘zgarish bo‘lmasligini ma'lum qilgan.

11 noyabr kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakat chegarasida kuzatilayotgan migratsion inqiroz sabab Yevropaga ketayotgan gazni uzib qo‘yishi mumkinligini aytgandi: «Biz Yevropani isityapmiz, ular esa chegarani yopish bilan tahdid qilyapti. Biz Yevropaga ketayotgan tabiiy gazni o‘chirib qo‘ysak-chi?», degandi tahdidnamo ohangda Lukashenko. Rossiyadan Yevropaga aynan Belarus orqali «Yamal – Yevropa» gaz o‘tkazgichi orqali gaz boradi.

Lukashenkoning gapidan bir kun o‘tib Vladimir Putin bu gapdan ajablanib, oldinroq Belarus prezidenti bilan gaplashganda bunday gap bo‘lmaganini aytgandi. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa «kimga yoqish yoqmasligidan qat'i nazar» Rossiyadan Yevropaga gaz borishda davom etishini ma'lum qilgandi.

«Do‘stlik» neft o‘tkazgichi 1964 yilda qurilgan. Uning shimoliy qismi Rossiya, Belarus, Latviya, Litva, Polsha va Germaniyadan, janubiy qismi esa Ukraina, Chexiya, Slovakiya va Vengriyadan o‘tadi.

Belarus va Polsha chegarasida Yaqin Sharq mamlakatlari fuqarolari Belarusdan Polsha orqali Yevropa Ittifoqi hududiga o‘tishga urinayotgani sabab bir necha haftadan buyon vaziyat jiddiy bo‘lib turibdi. Belarus tomoni chegaralarni yopib olgan Polshani bu inqirozda ayblayotgan bo‘lsa, g‘arbda Belarus va Rossiyani muhojirlar yordamida Yevropaga gibrid urush uyushtirishda ayblashmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: