«O‘zeltexsanoat» uyushmasi axborot xizmati xabar berishicha, loyihaning umumiy qiymati 50 mln AQSh dollari bo‘lib, 5 mln dollarni bevosita tadbirkor sarmoya sifatida kiritsa, 40 mln AQSh dollari xorijiy investitsiya hisobiga jalb qilinadi. 5 mln dollar bank kreditidan o‘zlashtiriladi.
Uyushma axborot xizmati rahbari Namoz Tolipovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, Farg‘ona shahrida elektromobillar ishlab chiqarish loyihasini Central Asia Motors korxonasi amalga oshirmoqda.
Joriy yil dekabr oyida 4ta yengil va 8ta yuk elektromobili test rejimida korxona konveyerlaridan chiqadi. O‘zbekistonda elektromobillarni quvvatlantirish shoxobchalari ommalashmagani bois, dastlabki bosqichda gibrid quvvatli (tok va benzin) elektromobillar ishlab chiqariladi. Bunda elektr quvvati 20 foizdan kamayganda benzin dvigateli ishga tushadi hamda benzin bilan ishlash jarayonida elektromobil batareyasi quvvat oladi.
Umuman, 2022 yilda yakunlanadigan loyiha natijasida 350 ish o‘rni barpo etiladi. Korxona to‘la quvvat bilan ish boshlagach, yiliga E-200 (krossover), E-400 (furgon) va E-500 (yo‘ltanlamas) modifikatsiyasidagi 10 ming elektromobil ishlab chiqarish imkoni paydo bo‘ladi.
Loyihaga ko‘ra, akkumulyator, kuzov va quvvatlash stansiyasi mahalliylashtiriladi.