Kimning yoshi nechada: O‘zbek amaldorlarining yosh bo‘yicha tasnifi

O‘zbekiston 00:00 / 16.11.2021 131495
Fotokollaj: Kun.uz 

Kun.uz ochiq manbalar asosida Vazirlar Mahkamasi a'zolari hamda ijro hokimiyatining mahalliy bo‘g‘ini rahbarlari hisoblangan viloyat hokimlarining yoshlarini tahlil qildi.

Bugungi kunga kelib, Vazirlar Mahkamasi tarkibi juda katta bo‘lib ketgani tufayli biz faqat hukumatning eng yuqori bo‘g‘ini rahbarlari yoshiga oid ma'lumotlarni to‘pladik. Quyidagi jadvalda bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, barcha 24 nafar vazir hamda 10ta qo‘mita rahbarlarining yosh tahlili berilgan.

Tahlillarga ko‘ra, hukumat a'zolari orasida o‘rta yoshli kadrlar soni ancha ko‘paygani sezilib turibdi. Lekin shu bilan birga ancha yoshi katta – 60-70 yosh va undan yuqori yoshdagi rahbarlar hali ham lavozim kursisida qolayotganini ko‘rish mumkin.

Xususan, O‘zbekiston tashqi siyosatida eng ko‘zga ko‘ringan diplomat, tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 74 yoshga to‘lgan. Favqulodda vaziyatlar vaziri vazifasini bajaruvchisi (bir vaqtning o‘zida prezidentning Fuqarolar huquqlarini himoya qilish va murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi) Tursunxon Xudoybergenov esa 70 yoshga to‘lgan.

Abdulaziz Komilov va Tursunxon Xudoybergenov

Bundan tashqari, Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin (63 yosh), Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev (65 yosh), Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov (67 yosh) ham allaqachon 60 yoshdan oshgan. Bosh vazir Abdulla Aripov va ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov ham bu yil 60 yoshga to‘ldi.

(Chapdan) Agrippina Shin, Abdurahmon Abduvaliyev, Rustam Qurbonov, Po‘lat Bobojonov va Abdulla Aripov

Shuningdek, uzoq yillar davomida soliq idorasini boshqargan, 74 yoshli general-leytenant Botir Parpiyev Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari, 70 yoshli Bahodir Umrzoqov Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari lavozimida, 63 yoshli Elmira Bositxonova Sog‘likni saqlash vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlamoqda. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilbar G‘ulomova ham 70 yoshni qarshilagan.

(Chapdan) Botir Parpiyev, Dilbar G‘ulomova, Bahodir Umrzoqov va Elmira Bositxonova

Yuqorida qayd etganimizdek, hukumat a'zolari ichida 40-60 yosh oralig‘idagi rahbarlar soni ham ortib bormoqda. Ayni vaqtdagi hukumatning eng yosh a'zolari sifatida Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev (40 yosh), Adliya vaziri Ruslanbek Davletov (41 yosh), Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Hidoyatov (41 yosh)larni ko‘rsatish mumkin. Shuningdek, Moliya vaziri Timur Ishmetov, Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev va Transport vaziri Ilhom Mahkamov 42 yoshda.

(Chapdan) Sherzod Qudbiyev, Sherzod Hidoyatov, Ruslanbek Davletov va Timur Ishmetov

Ijro hokimiyati mahalliy bo‘g‘inida asosiy rol o‘ynovchi mansabdorlar – hokimlar hisoblanadi. Hududlar rivojlanishi ko‘p jihatdan hokimlar bilimi va dunyoqarashiga bog‘liq.

Vazirlar Mahkamasidan farqli ravishda, viloyat hokimlari orasida pensiya yoshidan oshganlar ko‘p emas. Bor-yo‘g‘i ikki nafar. Viloyat hokimlarining eng keksasi Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev hisoblanadi – u 65 yoshda. Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov esa shu yil aprelida 63 yoshga to‘lgan.

Darvoqe, Qoraqalpog‘iston Jo‘korgi Kengesi raisi Murat Kamalov barcha viloyat hokimlaridan ham kattaroq – 66 yosh.

(Chapdan) Ergash Soliyev, Farhod Ermanov va Murat Kamalov

Qolgan barcha viloyat hokimlari yoshi 45-60 yosh oralig‘ida. Hudud rahbarlari orasida eng yoshlari Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov va Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqovdir. Ularning yoshi teng – 45 yosh. Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev esa bu yil 46 yoshga to‘ldi.

(Chapdan) Davron Hidoyatov, Shavkat Abdurazzoqov, Xayrulla Bozorov va Jahongir Ortiqxo‘jayev

Bosh vazir va o‘rinbosarlari, vazirlar, qo‘mita raislari va viloyat hokimlari kesimida olsak, 50 nafar yuqori lavozimli amaldorning 10 nafari pensiya yoshidan (60 yoshdan) o‘tgan. 40 nafari esa 40 va 60 yosh oralig‘ida.

Hukumat a'zolaridan tashqari prezident administratsiyasi vakillari orasida ham yoshi katta amaldorlarni uchratish mumkin. Masalan, bugundan prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha sobiq maslahatchisiga aylangan Rustam Inoyatov 77 yoshga to‘lgan*. Prezidentning yoshlar, fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov esa 65 yoshda. Uzoq yillar prezident devonida mehnat qilgan, ayni vaqtda administratsiyaning Moliya-xo‘jalik departamenti rahbari hisoblangan Zelimxon Haydarov 76 yoshga chiqqan.

(Chapdan) Rustam Inoyatov, Zelimxon Haydarov, Abdujabbor Abduvohidov

Shuningdek, O‘zbekiston prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ravshan G‘ulomov 53 yoshda bo‘lsa, prezidentning maslahatchisi – spichrayter Xayriddin Sultonov 65 yoshga to‘lgan.

Ravshan G‘ulomov va Xayriddin Sultonov

Yaqinda Kun.uz bilan suhbatlashgan Nagoya iqtisodiyot universiteti professori Alisher Umirdinov hukumatdagi yoshi ulug‘ insonlar almashuv jarayonini silliq va barqaror o‘tkazish kerakligi haqida gapirgan edi.

«Haqiqatan ham O‘zbekistonda ko‘plab yoshi ulug‘ insonlarni hukumat mansablarida uchratish mumkin. Yaponiya siyosatchilari orasida ham yoshi ulug‘lari ko‘pchilikni tashkil qiladi va bu masala u yerda ham yoshlar uchun kattagina muammoga aylangan.

Lekin shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, avlodlar almashinuvi jarayonini juda ham silliqlik bilan va barqaror tarzda yuritish kerak. «Qari bilganni pari bilmas» degan otalar so‘zimiz bor, ya'ni og‘ir damlarni boshidan kechirgan yoshi ulug‘ insonlardan kerakli tajribalarni o‘zlashtirgan holda o‘rinbosarlarni tayyorlab borish kerak. Bu nihoyatda muhim», degan edi u.

* Material tayyorlangan vaqtda Rustam Inoyatov hali lavozimda edi. 

Ko‘proq yangiliklar: