Dunyodagi vaziyat: Avstriyada vaksina olmaganlar uchun lokdaun, Germaniyada rekord

Jahon 13:54 / 16.11.2021 7776

Avstriyada ikki million kishi vaksina olmagani uchun lokdaun sharoitlarida qoldi. Qoida dushanba kuni kuchga kirdi: emlanmaganlar faqat ayrim holat, masalan, ishga borish yoki mahsulotlar xarid qilish uchun uydan chiqishi mumkin. Istisno faqat 12 yoshdan kichik bolalar va yaqinda Covid-19 bilan kasallangan bemorlar uchun amal qiladi.

Avstriyadagi odamlarning faqat 65 foizi to‘liq emlangan

Rasmiylar bunday chorani kasallanish holatlari soni ko‘paygani tufayli qabul qildi. So‘nggi yetti kun ichida bu ko‘rsatkich har 100 ming kishiga 800ta holatni tashkil etmoqda. Bu esa Yevropadagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri.

Dam olish kunlari cheklovlar joriy etilishidan oldin Venada hukumat binosi oldida yuzlab odamlar qarshilik namoyishi o‘tkazdi. Ularning qo‘lida “Mening tanam. O‘zim hal qilaman” deb yozilgan plakatlar bor edi.

“Bu yerda yuz berayotgan voqealar butunlay kamsituvchidir”, - dedi qarshilik namoyishi ishtirokchilari jurnalistlarga. Namoyishchilarni o‘ng muxolifat partiyasi ham qo‘llab-quvvatlayapti. Ular hukumat insonlarni birinchi va ikkinchi navga ajratyapti, deb hisoblamoqda. Shifokorlar choralar zarurligini aytyapti: kasalxonalarning jonlantirish bo‘limlari to‘lib ketyapti, ikki haftadan keyin ularda joy bo‘lmasligi mumkin.

Fuqarolarning ko‘chada harakatlanishini politsiya nazorat qiladi. Xodimlar turli joylar, masalan, temiryo‘l stansiyalarida istalgan kishining vaksina olganlik holatini tekshiradi. Qoida buzganlar 500 yevro jarima to‘laydi. Tekshiruvda ishtirok etishdan bosh tortganlarga 1450 yevro miqdorida jarima solinadi.

“Istalgan odam tekshiruv obekti bo‘lishi mumkin”, - deya ogohlantirdi Avstriya ichki ishlar vaziri. Emlanmaganlar uchun boshlangan lokdaun vaksina markazlarida vahima ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi.

Lokdaun e'lon qilingach, Avstriyada emlash sur'ati oshdi.

Germaniyada pandemiya boshidan beri kasallanish holatlarining eng yuqori ko‘rsatkichi

Germaniya rasmiylari kasallanish holatlarining oldini olish choralari haqida o‘ylashmoqda. Foto: EPA

So‘nggi hafta davomida 100 ming aholiga infeksiya yuqtirish holatlari soni 289tadan 303taga ortdi. Bu esa pandemiya boshidan beri kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkich. O‘limlar soni 43taga ortdi va 97 715 kishini tashkil qildi.

Germaniyada vaksina olish ko‘rsatkichi 67,3 foizni tashkil etyapti, biroq bu jamoaviy immunitetni ta'minlash uchun yetarli emas. Germaniya sog‘liqni saqlash vaziri vaksina olmaganlar pandemiyasi haqida ogohlantirdi, federal hukumat va o‘lkalar rahbarlari joriy haftada yangi cheklovlarni muhokama qilish uchun uchrashishi kerak.

Reuters agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, muhokamalar odamlar o‘rtasidagi kontaktlarni cheklash, jumladan, maktablarni yopish haqida bo‘ladi. Germaniya mamlakatga qo‘shni Avstriyadan keladiganlar uchun ham majburiy karantin joriy qildi.

Buyuk Britaniyada 40 yoshlilar qayta vaksina olishi mumkin

REUTERS

Dushanba kunidan boshlab to‘liq emlangan 40 yoshlilar koronavirusga qarshi vaksinaning buster dozasini olish huquqiga ega. Bunga qadar faqat 50 yoshdan katta va kasallik hamda o‘limning og‘ir bo‘lishi xavfini oshiruvchi kasalliklari bo‘lgan odamlar qayta emlanish huquqiga ega edi.

40 yoshdan katta bo‘lganlar qayta emlanishi uchun vaksinaning ikkinchi dozasini olgan vaqtdan boshlab kamida olti oy kutishiga to‘g‘ri keladi. Qayta emlash uchun Buyuk Britaniyada Pfizer/BioNTech va Moderna vaksinalaridan foydalanilmoqda.

Bundan tashqari, vaksinaning faqat bitta dozasini olish huquqiga ega bo‘lgan 16-17 yoshli o‘smirlar ikkinchi dozani olishlari mumkin.

Xorvatiya: rossiyaliklar vaksina olish uchun ommaviy tarzda kelmoqda

Rossiyada aholining qariyb 35 foizi to‘liq emlangan. Rossiyaliklar faqat mahalliy ishlab chiqarilgan vaksinalarni olishi mumkin, ular hamma mamlakatlarda ham tan olinmaydi. Shuning uchun ko‘plab rossiyaliklar emlanish uchun Yevropa mamlakatlariga borishyapti.

Zagrebda vaksina markazida navbat kutish / REUTERS

So‘nggi haftalarda Xorvatiya rasmiylari YeIda ma'qullangan vaksinani olishni istaydigan rossiyaliklar soni ortganini qayd etishdi. Mamlakatdagi eng yirik vaksina markazi joylashgan Zagrebda noyabr oyida 1000 nafar rossiyalik vaksina olgan. Rossiyaliklarga kelish va vaksina olish uchun yordam beruvchi agentliklar talab juda katta ekanini aytishyapti.

“Talab har kuni o‘smoqda. Biz bu turlarni sentabr oyining oxirida taklif eta boshladik. Dastlab buyurtmalar ko‘p emasdi, biroq hozir kuniga 50 nafargacha kishini bron qilamiz”, - deydi ana shunday xizmatlarni taklif qilayotgan kompaniyalardan birining vakili.

Ko‘proq yangiliklar: