«Bir para dars uchun ikki kun tayyorgarlik ko‘rish, 200 bet narsa o‘qish kerak. Bugun talabaning qo‘lida Wikipedia, YouTube, elektron kutubxona turibdi. Endi uni cho‘pchak bilan aldab bo‘lmaydi. Tayyorgarlik bo‘lishi kerak», – dedi vazir.
13 noyabr kuni oliy ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov rahbarligida oliy ta'lim muassasalarida ta'lim sifatini oshirish, kredit-modul tizimini tatbiq etishdagi muammolarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Toshqulov talabalarning mustaqil ta'limini tashkil etishda muammolar saqlanib qolayotgani haqida gapirdi.
«Kredit modul tizimida talaba o‘quv yuklamasining 40 foizini auditoriyada o‘taydi, 60 foizini mustaqil o‘rganadi. Auditoriya soatlari 56 foizga kamaydi. Talabaning mustaqil ta'limiga ajratilgan vaqti 47 foizga ortdi.
Lekin mustaqil ta'limni tashkil etish bo‘yicha tizim va tushuncha yo‘q. Talabaga vazifani to‘g‘ri bera olmayapmiz. Bu ularning bo‘sh qolib ketishiga sabab bo‘lyapti. Talabalarga bu gaplarimdan kelib chiqib sarg‘aygan qog‘ozlarga referat yozish kerak, degani emas. Yangi usullardan foydalanish kerak.
Xorijiy universitetlar filiallaridan o‘rganing, oddiy topshiriq bering. YouTube’dan «Osmondagi bolalar» loyihasidagi bir iqtisodchining chiqishini ko‘rib, tushunganlaringni yozib kel desangiz, bu ham mustaqil ta'lim. Yoki mashhur professorning ma'ruzasini eshitib kel desangiz, bu ham mustaqil ta'lim. Aksincha, hozir nima qiladi, kompyuterdan oladi, chop qiladi va olib keladi. Bola mehnat qilmaydi», — dedi vazir.
Shuningdek, Abduqodir Toshqulov OTMlar rahbarlarini axborot resurs markazlariga jiddiy e'tibor qaratishga chaqirdi.
«Qaysi davlatga borgan bo‘lsam, kutubxonasiga kirganman, hammasi liq to‘la. Talabaning oldida kamida 20ta resurs: kitob, dissertatsiya, jurnal turadi. Bolaning suvi, ovqati yonida bo‘ladi, bola kutubxonada yashaydi. Chunki kutubxona 24 soat ishlaydi. Qayerda shunaqa sharoit yaratilgan?
Bugundan mustaqil ta'limda ishlashga o‘rgatmas ekanmiz hech narsaga erishmaymiz.
Hurmatli rahbarlar, qancha pul bo‘lsa, axborot resurs markazlariga sarflang. Yaqinda 40ta oliy ta'lim muassasasining ham akademik, ham moliyaviy mustaqilligi loyihasi ishlab chiqilgan, unga tayyorgarlik ko‘rish kerak», — deya ta'kidladi vazir.