«Bu texnologiya odamlarga manfaat keltirishi mumkin» – Putin o‘zbekistonlik qizlarning IT loyihasini maqtadi

Fan-texnika 17:27 / 14.11.2021 44666

12 noyabr kuni «Rossiya 24» telekanalida Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin ishtirokida o‘tkazilayotgan «Sun'iy intellekt olamiga sayohat» mavzusidagi Al Journey 2021 xalqaro konferensiyasida O‘zbekistondan IT Queens jamoasi chiqishi namoyish etildi.

O‘zbekistonlik qizlar Deepfake’larni aniqlash bo‘yicha o‘z yechimini namoyish etdi.

«Biz IT Queens jamoasi vakillarimiz. Oliy ta'lim muassasalariga tayyorlovchi o‘quv markazida tanishganmiz. Shu fursatdan foydalanib, bizga Deepfake’larni aniqlash bo‘yicha o‘z yechimimizni namoyish etish uchun berilgan imkoniyat uchun minnatdorlik bildirib o‘tamiz.

Endi asosiy maqsadga o‘tsak: Deepfake bu haqiqiy suratlar, videolar asosida sun'iy intellekt asosida sintezlashtirilib tayyorlangan soxta rasm va videolardir. Bu texnologiya tezkorlik bilan rivojlanib bormoqda va uni nafaqat katta siljish, balki katta xavf desak ham bo‘ladi. Chunki bu orqali firibgarlik, shantaj, obro‘sizlantirish, shaxsiy ma'lumotlarni o‘g‘irlashda ishlatish mumkin.

Hozir barchamiz yuzdan tanib olish texnologiyalari bilan tez-tez duch kelyapmiz. Soxtalashtirilgan rasmlar qanchalik xavfli ekanini bilishimiz kerak. Bizning vazifamiz neyrotizimlarni deepfake texnologiyasi orqali yaratilgan rasmlarni aniqlashga o‘rgatish edi. Bizda buning uchun haqiqiy odamlarning rasmlari va Deepfake texnologiyalari orqali yaratilgan rasmlar ma'lumotlar bazasi mavjud edi. Bir vaqtning o‘zida soxta rasmlarning javoblarini ham neyrotizimga yuklagan edik va bu orqali bizda haqiqiy va soxta rasmlarni belgilariga ko‘ra aniqlash imkoni paydo bo‘ldi.

Videodan kadr 

Bizda mavjud bo‘lgan ozgina ma'lumotlar bilan neyrotizimni mukammal mashq qildirish imkoni bo‘lmagani uchun bor rasmlarni argumentatsiya qildik. Ya'ni mavjud rasmlarning fonlari, ranglarini va ayrim jihatlarini o‘zgartirib, 13 mingta rasmga ega bo‘ldik. Muhimi — neyrotizimimiz faqatgina rasmdan tanib olishi emas, balki soxta rasmlarni belgilariga qarab ajrata olishga o‘rgatish edi.

Olingan tajribalar natijasida biz yaratgan neyrotizim 99 foiz aniqlik bilan qaysi rasm haqiqiy, qaysisi soxtaligini aniqlay oldi. Biz bu ulkan natijadan hayratga tushdik, chunki bu sun'iy aql bilan birinchi ishlashimiz edi.

Ha, bu oxirgisi ham emas. Bizga bu masalaga yechim topish juda qiziq bo‘ldi.

Bir tomondan bu o‘z yechimini kutayotgan masala bo‘lsa, boshqa tomondan neyrotizimlarning rivojlanishi o‘yinlar yaratish, kino industriyasi rivojida katta yutuq bo‘ladi», — deya loyihasini tanishtirdi qizlar.

Putin qizlarning loyihasi haqida ijobiy fikr bildirdi.

«Oxirida so‘z olgan qizimiz eng muhimini o‘zi ta'kidlab o‘tdi. Bu texnologiya orqali, avvalo, odamlarga manfaat keltirish mumkin. Texnologiya orqali yuqori sifatli va talabgir mahsulotlar ishlab chiqarish mumkin bo‘ladi. Yana bir jihati – sizlar bu yechimlaring bilan insonlar manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilyapsizlar. Bu yechim orqali sizlar qanchalik texnologik rivojlanish ilgari ketmasin to‘g‘ri yechim topish imkoni borligini isbotladinglar. Bu avval ham bo‘lgan, hozir ham bor. Rahmat sizlarga mehnatlaring uchun, omad», – dedi RF prezidenti.

© Sputnik / Sergey Guneyev

Ma'lumot uchun, IT Queens jamoasi a'zolari 257-sonli umumta'lim maktabining 11-sinf o‘quvchilari Lana Nasrullina, Anastasiya Korolyova, Mirzo Ulug‘bek tumani 279-sonli umumta'lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Yuliana Lutsenko hamda Sergeli tumanidagi 7-sonli umumta'lim maktabining 11-sinf o‘quvchilari Kseniya va Anastasiya Badyandir.

Ular Yunusobod tumanida joylashgan General lessons o‘quv markazi tinglovchilari bo‘lib, 2021 yil o‘tkazilgan AIJ nomli Xalqaro Konferensiyaning «Sun'iy intellekt va IT yo‘nalishi»ning Data lady maxsus nominatsiya yo‘nalishining eng kuchli ayollar jamoasi, deb topildi.

Ko‘proq yangiliklar: