Dunyodagi vaziyat: «Vaksina olmaganlar» pandemiyasi, Yevropada yangi rekordlar, itda virus aniqlanishi

Jahon 11:24 / 13.11.2021 10370

Jon Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, pandemiya davrida qariyb 253 mln kishi koronavirus bilan kasallangan, 5 mln.dan ortiq kishi vafot etgan. Yaqinda JSST Yevropani yana bir marta Covid-19 episentri deb atadi.

Mahalliy lokdaunlar

Avstriya faqat emlanganmagan va to‘liq emlanmagan fuqarolar uchun yangi lokdaun joriy etishga tayyorlanmoqda. Bu ular uzrli sabablarsiz uylarini tark eta olmasligini anglatadi. Bunday sabablarga ishga borish, xarid uchun chiqish va toza havoda sport bilan shug‘ullanishlar kiradi.

Mazkur chorani tanqid qilayotganlar uni amalga oshirish uchun hukumatda mablag‘ yo‘q, deb hisoblashmoqda. Bundan tashqari, vaksina olmagan avstriyaliklar anchadan beri restoran, kinoteatr, go‘zallik salonlari va tog‘-chang‘i kurortlariga bora olishmayapti.

Biroq Avstriya hukumatidagi epidemiologlar komissiyasi mamlakat bo‘ylab kasallikning keskin avj olishi haqiqiy xavf ekanini aytib, qo‘shimcha cheklovlar kiritish zarur deb hisoblamoqda.

Hozirda mamlakatning ayrim tumanlaridagina lokdaun joriy etiladi. Dushanba kunidan boshlab vaksina olish darajasi eng past, Germaniya va Chexiya bilan chegaradosh tuman – Yuqori Avstriyada amal qiladi. Navbatda esa Zalsburg federal o‘lkasi.

Biroq Avstriya kansleri Aleksandr Shellenberg umummilliy lokdaun bo‘lishi mumkinligi haqida ham ogohlantirdi. 12 noyabrda niderlandlar hukumati ham do‘kon va restoranlar, shuningdek, sport tadbirlari faoliyati bo‘yicha uch kunlik cheklovlar joriy etishni rejalashtirayotgani ma'lum bo‘ldi.

Daniya choralarni qat'iylashtirmoqda

Daniya hukumati ham yangi cheklovlarni qo‘llashga tayyor. Daniya – joriy yilning sentabr oyida koronavirus tarqalishiga qarshi barcha choralarni bekor qilgan kam sonli Yevropa mamlakatlaridan biri. Hukumat vakillari buni o‘tgan Rojdestvo bayramida kiritilgan qat'iy lokdaun sababli bahor-yoz davrida kasallik yuqishining uchinchi to‘lqini chetlab o‘tilgani bilan izohlamoqda. Biroq cheklovlar bekor qilingach, mamlakatda kasallik statistikasi keskin ravishda yuqoriga ko‘tarildi: sentabr oyi o‘rtalarida kunlik holatlar 200 atrofida bo‘lgani holda noyabr oyi boshiga kelib kunlik holatlar soni 3000dan osha boshladi.

Daniya hukumati jamoat joylarida vaksina pasportlarini qayta joriy etish hamda mamlakatning turli tumanlarida alohida qo‘shimcha cheklovlarni qo‘llash imkoniyatini muhokama qilishmoqda.

Germaniyada yangi rekordlar

Germaniyada Covid-19 yuqtirish bilan bog‘liq yangi holatlar rekord darajaga yetdi: so‘nggi kunlarda kunlik holatlar 50 mingdan oshmoqda. 10 noyabr kuni mamlakat yetakchi virusologlaridan biri yangi to‘lqin 100 mingga yaqin odamning o‘limiga sabab bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bugungi kunda Germaniyada 12 yoshdan katta bo‘lgan qariyb 16 mln kishi emlanmagan. Lavozimini tark etayotgan Angela Merkel mintaqa hukumatini vaziyatni yaxshilash uchun barcha kerakli choralarni ko‘rishga chaqirdi.

Merkel ham, Shols ham Germaniya aholisini vaksina olishga ishontirishmoqchi. Hozircha bu yaxshi natija bermadi.
Foto: Getty Images

Uning o‘rniga kelishi kutilayotgan Olaf Shols infeksiyaning tez tarqalishini to‘xtatish va «qishni o‘tkazib olish» uchun navbatdagi cheklovlarni kiritish kerakligini ma'lum qildi.

Germaniyada Covid-19 bilan kasallangan va vafot etganlar egri chizig‘i oktabr oyi o‘rtalaridan beri keskin o‘smoqda. Bunga 67 foizdan biroz yuqori bo‘lgan emlashning nisbatan past darajasi sabab deb hisoblanyapti.

Mamlakatning hokimiyatga kelayotgan yangi hukumati jamoat joylariga vaksinani to‘liq olgan yoki kasallikni boshdan o‘tkazgan fuqarolarnigina kiritish, turli korxona ishchilarining emlanishiga bo‘lgan talablarni kuchaytirish va antitanachalarga bepul tezkor tahlil topshirishni yana yo‘lga qo‘yishni taklif etdi.

Agar bu takliflar bundestag tomonidan ma'qullansa, ular noyabr oyining oxirida kuchga kiradi. Mamlakatning ayrim tumanlari yuqoridan buyruqni kutib o‘tirmay, cheklovlarni qo‘llashni boshlashdi.

Saksoniyada nima yuz beryapti?

Saksoniya vaksina olmagan fuqarolar uchun jamoat joylariga borishni cheklagan Germaniyadagi ilk o‘lka bo‘ldi.
Butun Germaniyada kasallanganlar soni keskin o‘sishi kuzatilyapti, ayniqsa Saksoniya va Tyuringiya bu borada yetakchilik qilyapti.
Kasalxonaga tushgan bemorlarning qariyb 90 foizi emlanmagan.
Foto: Getty Images

Saksoniyada o‘tgan haftada Covid-19 bilan kasallanish tempi Germaniyadagi barcha o‘lkalar orasida eng tezi deya qayd etilgan: 100 ming kishiga 522ta holat. Mamlakatdagi o‘rtacha ko‘rsatkich - 232ga teng. Shu bilan birga, vaksina olishning eng past ko‘rsatkichi – bor-yo‘g‘i 57 foiz ham Saksoniyada.

Leypsig universiteti kasalxonasi jonlantirish bo‘limi rahbari Sebastian Ster aholining katta qismi hali ham xavfga to‘g‘ri baho bera olmayotganini aytdi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Yyens Shpan joriy vaziyatni «vaksina olmaganlar pandemiyasi» deb atadi.

6 noyabr kuni Leypsigda vaksina olish va vaksina olmaganlar uchun kiritilgan cheklovlarga amal qilishga qarshi fuqarolarning namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Plakatda «O‘zboshimchalik o‘rniga erkinlik» deb yozilgan.
Foto: Craig Stennett

Hafta boshida Saksoniya hukumati vakillari vaksina olmagan fuqarolarga bar, restoran, jamoat va sport tadbirlari, shuningdek, ommaviy dam olish va ko‘ngilochar joylarga borishni taqiqladi. Boshqa o‘lkalar ham ulardan o‘rnak olishi kutilyapti.

Mazkur choralar vaksinaga qarshi bo‘lganlarning noroziligiga sabab bo‘ldi. 6 noyabrda Leypsigda minglab kishilar ishtirok etgan ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar vaksinalarni yaratgan kompaniyalarga ham, uni ma'qullagan hukumatga ham ishonmasligini ma'lum qilishdi. Pandemiya boshidan beri Germaniyada Covid-19 bilan 4,9 mln kishi kasallangan.

Ispaniya: yana o‘sish

Ispaniya sog‘liqni saqlash vaziri Karolina Darias Asturiya mintaqaviy kengashi majlisidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida mamlakatda shifokor va
farmatsevtlar bilan virtual maslahatlar iloji boricha kengroq tatbiq etilishi haqida gapirdi.
Ispaniya Covid-19 bilan kurashda muvaffaqiyatga erishdi va buni qo‘ldan boy bermoqchi emas.
Foto: Getty Images

Ispaniya Yevropa bo‘ylab aholining to‘liq emlanishi darajasi – 89 foiz hamda infeksiya tarqalishining past ko‘rsatkichi (100 ming kishiga 63ta holat) bilan faxrlanishi mumkin (Buyuk Britaniyada bu ko‘rsatkich 89 foiz). 

Ispaniyada emlanish dasturining asosiy muvaffaqiyati 70 yoshdan katta bo‘lgan insonlar to‘liq qamrab olinishi (99 foiz) hisoblanadi. Bundan tashqari, epidemiyani jilovlashda iliq iqlim ham ijobiy rol o‘ynadi. U ispanlarga yopiq binolarda emas, toza havoda vaqt o‘tkazish imkonini beradi.

Iliq iqlim epidemiya bilan kurashda foydali omil bo‘ldi. U ispanlarga toza havoda to‘planish imkonini beradi. Bu surat 8 noyabrda Madridda olingan.

Biroq ayrim mutaxassislar kasallanishning yangi holatlari yana ko‘payishidan ogohlantirishmoqda. Chunki vaksina koronavirusning yangi shtammlari uchun 100 foizlik kafolat bermaydi.

Shunga qaramay, Ispaniya hozirda amalda bo‘lgan – niqob taqish, ijtimoiy masofa saqlash, xonalarni muntazam shamollatishga qo‘shimcha yangi cheklovlar kiritmoqchi emas.

Koronavirus bilan kasallangan bemorlar soni Bolgariya kasalxonalarida shu darajada yuqoriki, tibbiyot xodimlari ayrim hollarda uni eplay olmasliklaridan qo‘rqishadi.
Yangi holatlar va o‘lim ko‘rsatkichi kundan kunga ortmoqda.
Foto: Getty Images

Agar Daniya va Bolgariya solishtirilsa (aholisi 5,9 mln va 6,9 mln), ularda yangi kasallanish holatlari ko‘rsatkichi deyarli bir xil, ammo Daniyada shifoxonaga yotqizish zarur bo‘lganlar soni bir necha yuz, Bolgariyada esa bir necha ming kishini tashkil etmoqda.

Gap Yevropa sharqida vaksina yetishmayotganida emas. 2021 yilda Yevropada talab qilinmagan dozalar soni 282 mln donani tashkil qilgan. Muammo shundaki, sharqiy yevropaliklar emlanishni istashmaydi. Ispaniyada vaksinani rad etuvchilar 5,5 foiz, Bolgariyada esa 50,9 foizni tashkil etadi.

Angliya: vaksina olish dasturi ijobiy natija berdi

Londondagi Avliyo Tomas kasalxonasidagi yodgorlik devori va vaksina markazi. Ko‘ngillilar Covid-19'dan vafot etganlar xotirasi uchun 150 mingdan ortiq yurak rasmini chizishgan.

Angliyada koronavirus bilan kasallanishning haftalik eng uzoq davomiy pasayish ko‘rsatkichi qayd etildi. Ushbu ijobiy trend 2021 yilning fevral oyidan beri kuzatilyapti. Bu kasalxonaga yotqizish holatlari 12 foizga pasayishida ham aks etdi. 

Liverpul universiteti professori Julian Hiskoks bu davomli pasayish takrorlanmas ekani, chunki xulq-atvor yoki yangi cheklovlar kiritilishi bilan emas, «deyarli to‘liq immunitet devori» sababli ekanini qayd etdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, aholining keksa guruhi va immuniteti past kishilar uchun oktabr oyida uchinchi vaksina boshlangani sababli «aholi immunitetining avji barcha sog‘liqni saqlash xizmati ayniqsa bosim ostida bo‘ladigan qish oylariga to‘g‘ri keladi».

Yangi Zelandiya: lokdaunning siyosiy oqibatlari

Yaqin-yaqingacha Yangi Zelandiya aholsining 80 foizi hukumatning koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha harakatlarini ma'qullar edi.
Ular ham dunyodagi boshqa kishilar kabi koronavirus ham grippning mavsumiy avj olishidek tez-tez takrorlanadigan hodisaga aylanishiga ko‘nikishiga to‘g‘ri keladi.
Do‘kon eshigidagi e'lon: «Barcha ishchilar vaksina olgan»
Foto: Getty Images

Yangi Zelandiya bosh vaziri Jasinda Ardernning mashhurligi 65dan 47ga, deyarli 20 foizga tushib ketdi. Bu mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning o‘zgarishi sababli. Yaqin vaqtgacha Yangi Zelandiya epidemiya tarqalishini jilovlab turish va kichik mahalliy o‘choqlarni tezda o‘chirishga u yoki bu darajada muvaffaq bo‘layotgandi. Biroq kasallikning Delta shtammi bilan bog‘liq holatlar o‘sishi aholi bundan keyin ham Covid-19 bilan birga yashashi haqiqatga aylanishiga ko‘nikishi kerakligini ko‘rsatdi.

Avvalroq yangi zelandiyaliklar ko‘pchilik bo‘lib hukumatning koronavirusga qarshi harakatini qo‘llab-quvvatlayotgandi. Biroq hozir bu choralarning bir qismi befoyda bo‘lib chiqdi. Bor-yo‘g‘i bir oy ichida hukumatni ma'qullash darajasi 60 foizdan 46 foizga tushib ketdi.

Koronavirusli it

Itlarning koronavirus bilan kasallanish holatlari kam uchraydi. Uessek grafinyasi itlarni tayyorlash markazida.
Ko‘rib turganingizdek, u ham, it ham niqob taqmagan.
Foto: Getty Images

Buyuk Britaniyada ilk marta itning Covid-19 yuqtirish holati qayd etildi. Sog‘liq xavfsizligi agentligi bu kabi holatlar kam uchrashi, it, mushuk va boshqa uy hayvonlari o‘z egalariga koronavirus yuqtirishi borasida jiddiy isbot yo‘q ekanini bildirdi. Mushuk, it egalariga hech bo‘lmaganda oddiy gigiyenadan kelib chiqib, qo‘llarni tez-tez yuvib turish tavsiya etildi.

Agentlikning yozishicha, jonivorlar yungi eshik ushlagichlari kabi juda qisqa vaqt davomida koronavirus tashuvchisi bo‘lishi mumkin. Buyuk Britaniya bosh veterinari Kristin Middlmissning aytishicha, «kasallangan it umuman boshqa sabab tufayli davolangan, hozir tuzalmoqda. Itlarning koronavirusni yuqtirib olish holatlari kam uchraydi va ular tez tuzaladi».

Agar kasallik uy hayvonlaridan odamga yuqishini ko‘rsatuvchi yangi holatlar paydo bo‘lsa, Sog‘liq xavfsizligi agentligi bu haqida zudlik bilan xabar qilishga va'da berdi.

Avvalroq Singapurdagi hayvonot bog‘ida ikki sherda koronavirus tasdiqlangandi.

Ko‘proq yangiliklar: