«Biz ularni qanchalik ko‘p himoya qilsak, ularning himoyaga muhtojligi shunchalik oshib boradi» - samarasiz imtiyozlar haqida

Iqtisodiyot 15:03 / 13.11.2021 15221

Mustaqillikdan keyingi davrda ichki ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘plab imtiyozlar taqdim qilingani ko‘pchilikka sir emas. Janubiy Koreyadagi Jeonbuk universiteti magistranti, iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning fikricha, ushbu imtiyozlar ko‘zlangan natijani berayotgani yo‘q.

«Statistika qo‘mitasining bergan ma'lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 9 oyi mobaynida O‘zbekistonga jami qiymati 9.9 mln dollarlik oyoq kiyimlar import qilingan. O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda oyoq kiyim importi taxminan 83 foizga yoki 4.5 mln dollarga oshgan. Eksport hajmi esa joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida 24,7 mln dollarni tashkil etgan hamda o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 13 foizga yoki 3,6 mln dollarga kamaygan.

2019 yilning oktyabr oyida import qilinadigan oyoq kiyim uchun import boji miqdori 20 foiz hamda bir jufti uchun 2 dollardan kam bo‘lmagan cheklovlar o‘rnatilgandi. Bungacha esa import qilinadigan oyoq kiyim uchun 10 foizlik boj rejimi amal qilar edi(2021 yilda biron-bir o‘zgarish bo‘lganligi haqida ma'lumot topolmadim). Amaldagi 20 foizlik boj rejimi esa 2023 yilgacha amal qilishi rejalashtirilgan edi.

Ko‘rib turganingizdek, 2019 yilda bojlarning sezilarli miqdorda oshirilganiga qaramasdan milliy ishlab chiqaruvchilar 2021 yilda ichki bozorda sezilarli ulushini import oyoq kiyimlariga bo‘shatib bergan. Albatta, hozirgi holatda mamlakatimiz oyoq kiyimning net eksporteri (eksport importdan yuqori) hisoblanadi. Ammo bu tendensiya uzoqqa cho‘zilmasligi hamda O‘zbekiston bu sohada net ekspoterdan net importerga aylanishi mumkin.

Bir jihat qiziqki, ichki ishlab chiqaruvchilar qanchalik kuchli himoya qilinmasin, chet ellik ishlab chiqaruvchilar bilan raqobatda yutqazmoqda hamda bozorni ularga boy bermoqda. Ichki ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun import bojlarini o‘rnatish yoki uni oshirish qanchalik jozibali hamda yaxshi niyat bilan qilingan bo‘lmasin, uning natijasi birinchi navbatda iste'molchilarning kambag‘allashishiga sabab bo‘lsa, ikkinchidan o‘sha yaxshi niyatlar bilan himoya qilingan sohaning ham rivojlanishiga olib kelmaydi. 30 yillik tariximiz shuni ko‘rsatadiki, tashqi dunyodan himoya qilingan biron-bir sohamiz kutilgan darajada rivojlanib ketmadi.

Tarix bergan darsdan to‘g‘ri xulosa chiqarmaslik bir xil xatolarning qayta-qayta takrorlanishiga sabab bo‘laveradi. Xatolarning takrorlanishi esa tabiiyki, yomon oqibatlarning ham takrorlanishiga sabab bo‘laveradi. Albatta bunday holatda iste'molchilar asosiy zararni o‘z yelkasiga oladi. Mana shu kabi sohalarning himoya qilinishidan manfaatdor kichik guruhlar esa boyishda davom etadi.

O‘tgan tariximiz tashqi savdoda nima qilish yoki nima qilmaslik kerakligi bo‘yicha eng yaxshi qo‘llanmalardan biri. Shunchaki, qilingan xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarilishining o‘zi kifoya», deydi iqtisodchi.

Ko‘proq yangiliklar: