O‘zbekiston | 21:54 / 12.11.2021
5319
2 daqiqa o‘qiladi

Zangiotada IIB xodimlari fuqaroga tan jarohati yetkazishgani rad etildi

Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovga ko‘ra, internetda tarqalgan ma'lumot yolg‘on bo‘lib, uni tarqatgan shaxs davlat organiga tuhmat qilgani uchun qonun oldida javob beradi.

Foto: KUN.UZ

IIV axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov ijtimoiy tarmoqlarda Zangiota tumani IIB xodimlari tomonidan fuqaroga tan jarohati yetkazilgani to‘g‘risida tarqalgan xabarga izoh berdi.

“11 noyabr kuni soat 20:00larda Zangiota tumanining Ramadon mahallasida yashovchi U.X. ismli ayol “102” raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, 47 yashar o‘g‘li U.M. uyda janjal ko‘tarib, o‘zi va yaqinlariga tazyiq o‘tkazayotganini aytib yordam so‘ragan. Onaning bildirishicha, o‘g‘li ichkilikka ruju qo‘ygan.

Voqea joyiga yetib borgan Zangiota tumani IIB xodimlari tomonidan tartibbuzar qo‘lga olingan. Unga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik), 187-moddasi (jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste'mol qilish) hamda 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan materiallar rasmiylashtirilayotganda, U.M. IIB binosidan qochib ketgan hamda go‘yoki o‘ziga nisbatan kuch ishlatilgani haqida yolg‘on ma'lumotlarni tarqatgan”, deya Shohrux G‘iyosovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

IIV mulozimiga ko‘ra U.M. ushlanib ichki ishlar organiga olib kelingan hamda unga nisbatan yuqoridagi moddalarga qo‘shimcha ravishda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi (tuhmat)da ko‘zda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgani uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan hamda sudga taqdim etilgan.

Avvalroq Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida IIB xodimlari olib ketgan shaxs vafot etgan, marhumning ukasi uning urib o‘ldirilganini aytgandi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ushbu hodisa bo‘yicha viloyat IIB hamda Sog‘liqni saqlash boshqarmalariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanganini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid