Ilk bor olimpiyachilarni kiyintirgan o‘zbek brendi, xorij brendlari bilan hamkorlik qilayotgan tadbirkorlar – O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatiga nazar

Jamiyat 10:40 / 09.11.2021 11336

O‘zbekistonda har bir soha kundan kun rivojlanib bormoqda. Bu rivojlanish darajasi turli sohalarda har xil bo‘lsa-da, bir-biridan uzoq ham emas. Chunki yaqin yillarda biznes va tadbirkorlik umuman ishbilarmonlikka turli yo‘llar ochildi va imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Bu o‘zgarishlar to‘qimachilik sanoatida qanday akslanmoqda – navbatdagi ko‘rsatuvimiz mavzusi ayni shu sohaga bag‘ishlandi. To‘qimachilikda bo‘layotgan o‘zgarishlar, yangiliklar: yutuqlar bilan bir qatorda kamchiliklarga ham nigoh tashlaymiz.

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov biz bilan suhbatda respublika to‘qimachilik sohasiga turli yillarda rahbarlik qilgan insonlar va o‘sha yillarda amalga oshirilgan ishlar tarixi bilan tanishtirdi. U shuningdek, bugungi kunda 200 dan ortiq tuman va shaharlarda yirik to‘qimachilik majmualari mavjudligi va bu yutuqlar tarixiy tajriba va oxirgi 4-5 yillik mehnat samarasi ekanini ta'kidladi.

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov

“Oxirgi 4-5 yilda bo‘lgan islohotlar va bularning natijalarini oldingi bilan qiyoslab bo‘lmaydi. 200 dan oshiq tuman va shaharning har birida yirik to‘qimachilik majmualari mavjud. Sohada oldingi yillarda 12 trln so‘mlik mahsulot chiqarilgan bo‘lsa, 2020 yilda 44 trln, bu yil 60 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilyapti. Bu hammasi amaldagi natijalar, ya'ni faqat qog‘ozda ko‘rsatilayotgan raqamlar emas. Shundan 2020 yilda 1,8 mlrd dollarlik mahsulot eksport qilgan bo‘lsak, 2021 yilning 8 oyidayoq o‘sha marrani egallab bo‘ldik. Bu raqamlar kamtarroq ko‘rinadi, lekin dinamika nuqtayi nazaridan eng tez o‘sayotgan sohalardan deb aytish mumkin”, dedi uyushma raisi.

Ilhom Haydarov paxtani xomashyo holatida va tayyor mahsulot sifatida eksport qilish o‘rtasidagi farq hamda foyda xususida to‘xtalib o‘tdi. Uyushma raisiga ko‘ra xomashyo eksport qilinganda bir tomondan kam mablag‘ga sotiladi, ikkinchidan bu pulning ham kamdan kam qismi xalq qo‘liga yetib boradi.

Shuningdek, rivojlanib borayotgan mahalliy brendlar, ilk bor olimpiyachilarni kiyintirgan o‘zbek brendi va mahsulotlar sifati haqida fikr bildirdi.

“Aytaylik, Andijonda 70 ming tonna paxta olindi. Uni bozorda sotadigan bo‘lsak, nari borsa 70 mlnga borar-bormas raqamga aylanadi. Qolaversa, bu pul markazga tushadi va u yerdan hududlarga taqsimlanardi. Endi esa Andijonda yetishtirilgan paxta shu yerning o‘zida qayta ishlanib 500 mln dollarga eksport bo‘lyapti va summa shu mahalliy korxonalar hisobiga kelib tushyapti.

Mahalliy brendlarimiz ko‘payayotgani birinchi navbatda yutug‘imiz. Misol uchun, indenim oxirgi 4 yilda eng rivojlangan brend bo‘ldi. 2018 yilda paydo bo‘lib respublika bo‘yicha 40 ga yaqin kiyim markazlarini ochishga erishdi. Yoki yana bir misol, bu yil olimpiya jamoamiz O‘zbekiston brendi ostida Tokio-2020 olimpiadasida qatnashdi. Bu degani birinchi marta olimpiyachilarimiz mahalliy brend liboslari bilan musobaqada qatnashdi, bu ham katta yutuq”, deya qayd etdi Ilhom Haydarov.

Xorij brendlaridagi Made in Uzbekistan yozuvi

“Hozirgi kunda mahalliy brendlarimiz xorijiy brendlar bilan hamkorlikda o‘z mahsulotlarini o‘sha brendlar nomi ostida chet elda sotib kelmoqda. Umid qilyapmizki, yaqin yillarda mahalliy brendlarimiz o‘z nomlari bilan xorij bozorlariga kirib boradi. Buning uchun huquqiy asos yaratildi, yaqinda prezidentimiz imzolagan qaror ham bunga tashlangan bir qadam bo‘ldi. Mamlakatdan tashqarida mahsulotini sotish uchun yaxshigina moliyaviy manba kerak, prezident qarori bilan mana shu manba yaratildi.

Lekin hozircha tashqi: O’STIN, LC WAIKIKI, TERRANOVA kabi brendlar markirovkasini qo‘yamiz. Chunki bozorda bularning tarmoqlari bor va ulardan foydalaniladi. Shu o‘rinda bir faktni aytishim kerak, chet elga chiqqan vatandoshlarimiz xorij brendi nomi bilan olgan narsasida Made in Uzbekistan yozuvi turganini ko‘radi. Bunday holatlar talaygina, yaqinda O‘zbekistonda ish boshlagan DeFacto’ga bizning tadbirkorlarimiz pul tikishmoqda va o‘z mahsulotlarini shu brend nomi bilan sotishga harakat qilyapti. Bu biz uchun ham sifat, ham ularning qabul qilishi nuqtayi nazaridan katta qadam desa bo‘ladi”, deya mahsulot sifatiga urg‘u berilayotgani haqida fikr bildirdi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov.

Ko‘proq yangiliklar: