Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov «Mening yurtim» telekanaliga bergan intervyusida ayol va erkaklarning teng huquqli ilm olishi jamiyatga nima berishi haqidagi savolga javob qaytardi.
«Bu jamiyatimizga faqat foyda keltiradi. Maktablarimizda o‘g‘il bola ham, qiz bola ham bir xil huquqda o‘qishiga e'tibor beramiz. Kitoblar chiqarilayotganda ham e'tibor bersangiz qiz bola, o‘g‘il bola rasmi qo‘yiladi. Faqat o‘g‘il bola rasmi qo‘yilib, qizlar chetda qolib ketmaydi.
Qizlarni o‘qitishning jamiyatga foydasi juda ko‘p. Hayotda mana bu qiz o‘z joniga qasd qilibdi yoki oilada zo‘ravonlikka uchrabdi kabi boshqa xabarlarni eshitib qolamiz. Bularning tagi, hammasi – bilimsizlikdan. Ertaga oilaviy mojaro bo‘lishi ham, qizning chiqolmaydigan boshi berk ko‘chaga kirib qolishi ham, boshqa narsalarning oldini oladigan narsa – ilm, ta'lim.
Tan olishimiz kerak, farzand tarbiyasiga ko‘proq ona qaraydi. Farzandimiz kelajakda muvaffaqiyatga erishishini xohlaydigan bo‘lsak, albatta uning onasi yaxshi o‘qigan bo‘lishi kerak. Onaning o‘zi bilimli bo‘lmasa, farzandi bilan qanday qilib uy vazifalarini bajaradi? Bolasini kelajakda oliy ta'limga kirishiga qanday qilib tayyorlaydi? Bolasi bilan kattaroq maqsadlar qo‘yishga qanday qilib harakat qiladi?» - dedi Shermatov.
Vazir axborot texnologiyalari sohasi qizlar uchun keng imkoniyatlar berishini aytib o‘tdi.
«Axborot texnologiya sohasiga, afsuski, qizlarimiz kam topshirardi. Aslida bu soha qizlarga ko‘proq imkoniyat ochadi. O‘zimiz tug‘ilib o‘sgan Eski shaharda tug‘ilgan ayol bo‘lgan taqdirda ham uyda o‘tirib bemalol autsorsingga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Turmush qurganidan keyin ham uy bekasi bo‘laman, o‘z umrini ko‘proq farzand tarbiyasiga bag‘ishlayman, ko‘chaga chiqib ishlamayman, degan taqdirda ham uyda o‘tirib, oila uchun qo‘shimcha daromad topaveradi. Bundan tashqari, ertaga farzanddarini ham shu yo‘nalishga o‘rgatishga o‘z hissasini qo‘sha oladi», - dedi u.
Sherzod Shermatov jamiyatning to‘ylar borasidagi dunyoqarashini o‘zgartirish kerakligi haqida ham o‘z fikrlarini bildirdi.
«O‘zimizning qaysidir odatlarimizni sekin-sekin to‘g‘rilashimiz kerak. Masalan, butun umr faqat to‘y uchun yashash kerak emas. Aksariyat odamlarimiz butun umr to‘y uchun yashaydi. Yig‘ganini bir haftalik to‘yda sochvorishi kerak [deb hisoblaydi]. Qiz uzatishda ham butun umr yiqqanini qizga sarpo qilish, osh berish bilan «yo‘q qilib yuboradi». Ertaga u qiz ajrashib keladi – bu keyingi masala.
Bunday olib qaralsa, bu ham sarmoya. Necha ming dollarlik to‘y qiladi, eng kazo-kazo artistlarni aytadi. Bu juda qimmat turadi. To‘yni katta qilib, hammaga yedirib-ichirib, ertaga bolasi ilmsiz bo‘lib qolganidan nima foyda? Shuning uchun butun jamiyat dunyoqarashini o‘zgartirishimiz kerak. Eng yaxshi meros bu – berilgan ta'lim-tarbiya. Boshqa meroslarning hammasi yo‘q bo‘lib ketadi. Yosh oilada ko‘p janjallar nimadan chiqadi? Ro‘zg‘ordagi yetishmovchilikdan chiqadi», - dedi vazir.
U oliy ta'limda kontrakt asosida o‘qishga kirgan qizlarni ham o‘qitish kerakligi, buning uchun davlat tomonidan berilayotgan imkoniyatlarga to‘xtaldi.
«Qizlarimiz kontraktga kirib qolganidan keyin ba'zi ota-onalar kontraktga kirgan qizimni uzatishim qiyin bo‘ladi, deb o‘ylaydi. Ertaga sovchi kelib o‘ylaydi, hali buni kontraktini ham to‘laymanmi, deb. Qizi kontraktga kirsa, o‘qitmaydigan ota-onalar bor. Afsuski, buning ortidan qanchadan qancha aqlli qizlarimiz kontraktga kirgan bo‘lsa ham o‘qiy olmay qolganlari bor.
Prezidentimiz qizlar uchun alohida grant ajratganlari tagida mana shu ma'no yotibdi. Sovchilikka borgan odamlardan ham bunday dunyoqarashni chiqarish kerak: qiz bola kontraktda o‘qiyotgan bo‘lsa, uni olmaslik – noto‘g‘ri narsa», - dedi Shermatov.