Ma'lum bo‘lishicha, Samarqand viloyati Oqdaryo tumanining Oytamg‘ali mahallasi Pilol qishlog‘ida yashovchi fuqarolar muntazam elektr quvvati past bo‘lgani sababli mas'ullarga bir necha marta murojaat qilgan. Mutasaddilardan tumanga transformator va simyog‘ochlar uchun yetarlicha limit ajratilmaydi, degan javobni olganidan so‘ng o‘zlari transformator sotib olishga qaror qilgan.
“Bu transformatorni 22 million so‘mga sotib oldik. Transformatorni o‘zimiz olib kelsak, muammomiz tezda hal bo‘ladi, deb xato o‘ylagan ekanmiz. Mana, ushbu matohni olib kelib, “elektroset”dagilarga oson bo‘lsin uchun joyiga o‘rnatib qo‘yganimizga ham to‘rt oy bo‘ldi. Tarmoqqa ulab berilmayapti. Bir necha marta tuman elektr tarmoqlari korxonasiga og‘zaki murojaat qildik, viloyatdagi mas'ullar ham xabardor. Hatto portalga yozganimizgayam qariyb bir oy bo‘lyapti, ammo natija yo‘q. Kunlar sovib qoldi, hamma elektr energiyasidan foydalanadi. Yozning issiq kunida talabga javob bermaydigan eski transformatorimizning ahvolini tasavvur qilavering endi”, – deydi Pilol qishlog‘ida yashovchi Muhammad Sirojyev.
Pilolliklar transformatorni o‘rnatish uchun ishlatiladigan kabel va shu kabi zarur jihozlarni ham olib kelgan. Ammo hozircha elektr ta'minoti idorasi vakillari “dasturga kiritmaganmiz” deb javob berayotgan ekan.
Kun.uz muxbiri Oqdaryo tumani elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Shavkat Xo‘janov bilan telefon orqali bog‘landi. Xo‘janov ushbu masaladan xabardor ekanini ma'lum qildi va 8 noyabr, dushanba kuni transformator tarmoqqa ulab berilishini bildirdi. Ayni paytda transformatorni o‘rnatish uchun zarur bo‘ladigan to‘rtta simyog‘och muammosini hal etayotganini aytib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, bir muddat avval Kun.uz’da «Bir viloyatda o‘n minglab «stolba» avariya holatida. Simyog‘ochlar monopoliyasi tizimning «sehrli tayoqchasi»mi?» sarlavhali tahliliy maqola e'lon qilingandi.
Unda xususan, Samarqand viloyatida jami 565 mingdan ortiq simyog‘och mavjud bo‘lib, shundan 245 mingtasi eski, yog‘och ustunlar bo‘lsa, 60825 tasi avariya holatida, ya'ni almashtirilishi kerakligi aytilgandi.
Bundan tashqari, Kun.uz “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ taqdim etgan ma'lumotlarni tahlil qilib, 2021 yil uchun belgilangan elektr uzatish tarmog‘i va transformatorlarni yangilash rejasi bajarilmay qolish ehtimoli haqida yozgandi.
Ammo ko‘p o‘tmay, masalaga jamiyat munosabat bildirib, berilgan ma'lumotlar xato ekanini ma'lum qilgandi.
Kun.uz yuqorida aytib o‘tilgan muammo hal etilishini kuzatadi.