O‘zbekistonda makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy va muqobil ssenariysi ishlab chiqildi

Iqtisodiyot 11:16 / 03.11.2021 15056

Loyihada aytilishicha, tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlarning kelgusidagi o‘zgarishi bo‘yicha noaniqliklar hali ham yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Shu bois, o‘rta muddatli makroiqtisodiy rivojlanish prognozlari tashqi va ichki omillarning ta'siri ko‘lami hamda davomiyligini inobatga olib asosiy va muqobil ssenariylar ishlab chiqildi.

Makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy ssenariysida tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlarning bosqichma-bosqich yaxshilanib borishi kutilayotgan bo‘lib, keskin tashqi xatarlar yuzaga kelishi ko‘zda tutilmagan. Pandemiya bilan bog‘liq vaziyat normallashib, inson resurslari migratsiyasi va transchegaraviy harakatlar bo‘yicha uzoq muddatli cheklovlar joriy etilmaydi. 

Mazkur ssenariyga ko‘ra, iqtisodiy faollik yuqori sur'atlarda jadallashib borib, investitsion va iste'mol talabi pandemiyagacha bo‘lgan darajaga to‘liq tiklanadi.

Ushbu ssenariy doirasidagi hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022 yilda yalpi ichki mahsulot hajmi o‘zining potensial darajasiga ko‘tarilib, real iqtisodiy o‘sish sur'atlari 5,5-6,5 foizni tashkil etadi va 2023-2024 yillarda 6 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. 

Asosiy ssenariy doirasida iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashning muhim drayveri sifatida xususiy ichki va tashqi investitsiyalar hamda iqtisodiyot tarmoqlarida amalga oshiriladigan tarkibiy islohotlar qaralmoqda.

“Kelgusi yillarda mamlakatda makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash vazifasi 2022 yildan bosqichma-bosqich fiskal konsolidatsiya boshlanishini taqozo qiladi va fiskal taqchillikning YaIMga nisbati 2023-2024 yillarda 2,0-3,0 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.

Yuqorida keltirilgan omillar va tartibga solinadigan narxlarni erkinlashtirish darajasidan kelib chiqib inflatsiya sur'atlarining 2022 yilda 8-9 foizga tashkil etishi, 2023-2024 yillarda esa 5 foizgacha pasayishi kutilmoqda”, deyiladi loyihada.

Makroiqtisodiy rivojlanishning muqobil ssenariysi shartlari sifatida esa jahonda pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning keskinligicha qolishi sababli tashqi sharoitlarning noqulay shakllanishi va iqtisodiy faollik pasayishi kabi ehtimollar asos qilib olingan.

Ushbu ssenariy bo‘yicha yalpi ichki mahsulot hajmining real o‘sishi 2022 yilda 3-4 foiz atrofida bo‘lishi mumkin. Vaziyatning normal fazaga o‘tishi bilan 2023 yildan iqtisodiy faollik va yalpi talabning tiklanishi kuzatilib, 2023 yilda 4,8-5,8 foizni va 2024 yilda 5,5-6,5 foizni tashkil etishi taxmin qilinmoqda.

Makroiqtisodiy rivojlanish shartlari muqobil ssenariy bo‘yicha shakllangan holatda tartibga solinadigan narxlarning erkinlashtirilishi kelgusi davrlarga kechiktiriladi. Natijada, ushbu ssenariy shartlari ro‘y bergan sharoitda umumiy inflatsiya darajasi 2022 yilda 7,5-8,5 foizni tashkil etishi va 2023 yilda esa 5,6-6,6 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Bildirilishicha, ssenariylarning har birida pul-kredit siyosatining asosiy maqsadi iqtisodiyotda narxlar va moliyaviy barqarorlikni ta'minlash hamda inflatsiyaning target ko‘rsatkichiga erishishga qaratiladi. Bunda, ssenariylarda keltirilgan vaziyatlarning shakllanishiga qarab pul-kredit sharoitlarining qat'iylik darajasi belgilab boriladi.

Asosiy ssenariyda pul-kredit siyosatini nisbatan qat'iy sharoitlari saqlab qolinsa, muqobil ssenariyda pul-kredit sharoitlarini biroz yumshatish hamda narxlar barqarorligi va iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish maqsadlari o‘rtasidagi muvozanatni ta'minlash bo‘yicha choralar ko‘rilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: