Xitoyda uchar avtomobil, Yaponiyada uchar mototsikl, Hindistonda esa tezyurar elektromobil – hafta texnologik dayjesti

Fan-texnika 20:55 / 31.10.2021 40725

Xitoyda uchar avtomobil ishlab chiqariladi

Xitoyning XPeng avtomobil ishlab chiqarish kompaniyasi uchadigan avtomobil prototipini namoyish etdi. Ulov HT Aero deb nomlanadi. U tashqi ko‘rinishidan Xpeng P7 avtomobilini eslatadi: mashina uch eshik va ikki o‘rindiqli bo‘lib, elektr dvigatel va parvoz parraklari bilan jihozlangan.

Foto: Xpeng

Avtomobilning uzunligi 5,5 metrni tashkil etadi. Uning kuzovi Xpeng P7 modelinikiga nisbatan 50 foizga yengil. Mashina havoda tezligini soatiga 130 kilometrga yetkaza oladi, parvoz vaqti 30 daqiqaga teng.

Xpeng ushbu avtomobilni 2024 yildan ommaviy ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Uning narxi bir million yuan (156 ming 500 dollar) atrofida bo‘ladi. 

Google’ning eng arzon smartfoni

Google Hindistonning Reliance Jio kompaniyasi bilan birgalikda ishlab chiqarilgan Jio Phone Next smartfonini taqdim etdi.

Smartfon 2 GB tezkor va 16 GB doimiy hamda 3 GB tezkor va 32 GB doimiy xotiraga ega ikkita versiyada chiqariladi. Batareya sig‘imi 2500 mAs.

Foto: gizchina.com

Jio Phone Next 13 megapikselli asosiy va 8 megapikselli old kameraga ega. Basic versiyasining narxi 66 dollar va Advanced versiyasining narxi 93 dollarni tashkil etadi.

309 km/soat tezlikda harakatlana oladigan elektromobil

Hindistonning Vazirani Automotive kompaniyasi Ekonk elektr giperkarini taqdim etdi. Bir o‘rinli elektromobilning quvvati 722 ot kuchiga teng, og‘irligi 738 kg. Elektromobil 2,54 soniya ichida tezligini soatiga 100 kilometrga yetkaza oladi. Uning maksimal tezligi 309 km/soatni tashkil etadi. Avto elektr batareyalarini sovituvchi maxsus tizim bilan jihozlangan.

Foto: Vazirani Automotive

Facebook kompaniyasi o‘z nomini Meta deb o‘zgartirdi

Facebook kompaniyasi asoschisi va rahbari Mark Tsukerberg kompaniyaning nomi Meta deb o‘zgartirilganini e'lon qildi: «Bugundan biz Meta deb nomlanamiz», dedi brendning onlayn-taqdimotida Tsukerberg.

U «Meta» so‘zi grekchadan «keyin» degan ma'noni anglatishini qo‘shimcha qilib ketgan. Kompaniya tarkibidagi dasturlar, ijtimoiy tarmoqlar nomlari o‘zgarishsiz qoladi.

15 dollarlik mikrokompyuter

Mikrokompyuterlar ishlab chiqaruvchi Britaniya kompaniyasi Raspberry Pi Foundation bir platali Raspberry Pi Zero 2 W kompyuterini namoyish qildi. E'tiborlisi, yangi kompyuter bor-yo‘g‘i 15 dollar turadi.

Raspberry Pi Zero 2 W’ning 2015 yilda chiqarilgan avvalgi modelga nisbatan ko‘rsatkichlari ancha yaxshilangan. Jumladan, yangi modelning unumdorligi 5 marta oshgan. Mikrokompyuter 64 bitli 4 yadroli Broadcom BCM2710A1 protsessorida ishlaydi. Shuningdek, qurilma LPDDR2 standartidagi 512 Mb tezkor xotira, mini-HDMI, USB, microUSB razyomlari bilan jihozlangan.

Foto: Raspberry

Kompaniya kompyuter ishlash jarayonida qizib ketmasligiga va'da bermoqda. Undagi mis qatlamidan tayyorlangan radiator plataning sovishini ta'minlaydi.

Xiaomi Redmi Note 11 smartfonlari

Xiaomi kompaniyasi Redmi Note 11 Pro va Redmi Note 11 Pro+ smartfonlarini taqdim etdi. Qurilmalar Android 11 operatsion tizimiga asoslangan MIUI 12.5 qobig‘ida ishlaydi. Redmi Note 11 Pro va Redmi Note 11 Pro+ avtonomlik ko‘rsatkichini hisobga olmaganda bir xil. Birinchi qurilma hajmi 5160 mAs, ikkinchisi esa 4500 mAs akkumulyator bilan jihozlangan.

Foto: ithome.com

Smartfonlar tezkor xotirasi 4, 6 yoki 8 GB, doimiy xotirasi esa 128 yoki 256 GBni tashkil etadi. Smartfonlar IP53 standarti bo‘yicha chang va suvdan himoyalangan. Orqa fotokamerasi 108 megapikselli bo‘lib, old kamerasi 16 megapikselga teng. Redmi Note 11 Pro 250 dollardan 330 dollargacha, Redmi Note 11 Pro+ 300 dollardan 360 dollargacha narxda sotuvga chiqadi.

680 ming dollarlik uchar mototsikl

Yaponiyada dronlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi ALI Technologies startapi uchar mototsikl XTurismo Limited Edition’ni taqdim etdi va uning sotuvga chiqarilishini e'lon qildi. Qurilma narxi 77,7 mln iyenani (680 ming dollar) tashkil qiladi.

Foto: Reuters

The Japan Times nashrining xabar berishicha, uchar mototsikl bitta oddiy va 4 ta elektr dvigatel hamda 6 ta parrak bilan jihozlangan. Uning og‘irligi 300 kgni tashkil qiladi. Hoverbayk 40 daqiqagacha 100 km/soat tezlik bilan parvoz qila oladi.

Tesla qiymati 1 trillion dollardan oshdi

Tesla kompaniyasi aksiyalari narxi 12 foizga o‘sib, 1025 dollarga yetdi va kompaniyaning bozor qiymati 1 trln dollardan oshib ketdi. Aksiyalari narxi Hertz kompaniyasi yil oxiriga qadar 100 ming dona Tesla avtomobili sotib olishi haqida e'lon qilganidan so‘ng ko‘tarilib ketgan. AQShda faqat Apple, Microsoft, Amazon va Alphabet kompaniyalari Tesla’dan qimmatroq. 

Foto: Getty Images
Ko‘proq yangiliklar: